TOShKENT, 30 noya – Sputnik. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi qarorgohida O‘zbekistonda partiyalar o‘rtasidagi raqobat va fikrlar xilma-xilligi haqidagi ma’lumot tashkilotning barcha 6 tilida (ingliz, arab, ispan, xitoy, rus va fransuz) BMT Bosh Assambleyasi 71-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida tarqatildi. Bu haqda "Jahon" axborot agentligi xabar qilmoqda.
Unda qayd etilganidek, mamlakatimizda mustaqillik yillari davomida huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati izchil shakllanmoqda. Bunda zamonaviy demokratiyaning asosi hisoblanadigan ochiq va erkin saylovlarni tashkil etish va muntazam o‘tkazish uchun zarur sharoitlarni yaratish ulkan ahamiyatga ega.
Hujjatda ta’kidlanganidek, o‘zlarining saylovoldi dasturlari asosida siyosiy kuchlarning saylov jarayonida ishtirok etishi rivojlanish va taraqqiyotning tabiiy jarayonidir. O‘zbekistonda ko‘p partiyaviy tizimning tadrijiy rivojlanishi islohotlarning har bir bosqichida bu jarayon partiyalarning siyosiy faolligini oshirishga ko‘maklashadigan huquqiy asoslarni yaratish va ularni takomillashtirishga tayanganini ko‘rsatmoqda.
"O‘zbekiston Konstitutsiyasi va uning asosida qabul qilingan qator qonunchilik hujjatlari mamlakatda aholining turli qatlamlari manfaatlarini namoyon etadigan partiyalar va jamoatchilik birlashmalarining tuzilishi va erkin rivojlanishiga mustahkam huquqiy zamin yaratdi. Partiyalarning siyosiy, saylov jarayonlarida faol ishtirok etishini ta’minlaydigan tashkiliy-huquqiy mexanizmlar izchil va bosqichma-bosqich rivojlandi", deya qayd etiladi hujjatda.
Bundan tashqari, unda milliy saylov qonunchiligining izchil rivojlanishi haqidagi ma’lumotlar ham o‘z ifodasini topgan. Bu yo‘nalishdagi qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, saylovlardan saylovlargacha siyosiy kurash allaqachon sifat jihatdan yangi asosda kechmoqda, partiyalar o‘z faoliyat maydonlarini kengaytirmoqda, ularning jamiyatdagi obro‘-e’tibori, xalq va mamlakat oldidagi mas’uliyati oshmoqda.
"Deputatlikka nomzodlarni ilgari surish huquqi faqat siyosiy partiyalarga berilgani davlat va jamiyatni demokratlashtirish, vakillik va ijro hokimiyati organlarini shakllantirish jarayonida navbatdagi qadam, ko‘ppartiyaviylik tizimni rivojlantirish va partiyalar o‘rtasidagi raqobatni kuchaytirish omili bo‘ldi", deya qayd etiladi mazkur hujjatda.
Ma’lum qilinganidek, parlamentdagi muxolifat faoliyatining kafolati va mavqei aniq belgilab berilgan "Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizasiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida"gi konstitutsiyaviy qonunning qabul qilinishi muhim ahamiyat kasb etdi. Mazkur qonun 2015-yilning o‘zidayoq O‘zLiDeP va "Milliy tiklanish" partiyalari o‘z dasturiy maqsadlari bilan bog‘liq qonunlar loyihalarini samarali ilgari surish maqsadida parlamentda ko‘pchilikni tashkil etgan "Demokratik kuchlar bloki" tuzilishining qonuniy asosi bo‘ldi. O‘z navbatida, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi va "Adolat" sosial-demokratik partiyasi o‘zlarini ozchilikni tashkil etgan parlamentdagi muxolifat, deb e’lon qildi.
Shuningdek, siyosiy partiyalar o‘zlarining parlamentdagi va Xalq deputatlari kengashlaridagi vakillari orqali hokimiyat organlari faoliyati ustidan nazorat qilish, mamlakatni isloh etish va modernizasiyalash borasida strategik vazifalarni hal qilishda faol qatnashishda keng imkoniyatlarga ega ekanliklari ham qayd etiladi.
"Bosh vazir lavozimi nomzodini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi ko‘rib chiqib, tasdiqlaganidan keyin Vazirlar Mahkamasining yaqin va uzoq kelajakka mo‘ljallangan faoliyat dasturini taqdim etishga majbur ekanligi o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi. Bu Qonunchilik palatasida faoliyat yuritayotgan siyosiy partiyalarga mamlakatni rivojlantirishning muhim vazifalarini amalga oshirish yuzasidan hukumat tomonidan olib borilayotgan yo‘nalishga nisbatan o‘zlarining aniq munosabatlarini, ushbu jarayonda faol ishtirok etish bo‘yicha faoliyat dasturlarini belgilab olish imkonini beradi", deyiladi hujjatda.
Hujjatda mazkur qonun natijasida fuqarolar manfaatlarini davlat darajasiga etkazishga xizmat qiladigan partiyaviylik tizimi shakllanayotgani ta’kidlanadi. Saylov kampaniyasi chog‘ida milliy qonunchilikka og‘ishmay amal qilinayotgani hamda siyosiy partiyalar va fuqarolar tomonidan faol hayotiy va siyosiy munosabatning namoyon etilayotgani O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining demokratik tamoyillarga to‘la rioya etilgan holda muvaffaqiyatli o‘tkazilishiga ko‘maklashadi.