Partiya nashrlariga saylovoldi tashviqoti uchun cheklov qo‘yilmaydi

© fragolerosseMatbuot
Matbuot - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Saylovoldi tashviqoti davrida teng shart-sharoitlar yaratish tamoyili partiya nashrlariga nisbatan tatbiq etilmaydi

TOShKENT, 28 okt – Sputnik. O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun videokonferensaloqa shaklida brifing o‘tkazildi. Bu haqda MSK saytida ma’lum qilinmoqda.

"O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida"gi Qonunning 28-moddasiga asosan saylovoldi tashviqoti Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ro‘yxatga olingan kundan boshlanadi.

Qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarga ommaviy axborot vositalaridan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilangan tartibda teng foydalanish huquqi beriladi va ta’minlanadi.

Brifingda ma’lum qilinishicha, har bir nomzodga o‘z saylovoldi dasturlarini aholiga yetkazish uchun O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining "O‘zbekiston" va "Yoshlar" tele- va radiokanallarida 638 daqiqadan, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 12 ta hududiy telekanallarida 206 daqiqa, Toshkent teleradiokanalida 286 daqiqadan bepul efir vaqti ajratiladi.

O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasidagi saylov plakati - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekiston Prezidentligiga nomzodlar ro‘yxatga olindi

"Xalq so‘zi", "Narodnoe slovo" va "Pravda Vostoka" gazetalarida 6 sahifadan, "Nurli jol" va "Ovozi tojik" gazetalarida 5 sahifadan iborat nashr maydoni bepul beriladi. Bundan tashqari, hududlardagi 30 ta mahalliy gazetada har bir nomzod uchun 55,5 sahifa nashr maydoni bepul taqdim qilinadi.

Shuningdek, nomzodlarning har biri O‘zbekiston bo‘yicha 642 tadan tashqi reklama vositasidan, ya’ni, maxsus konstruksiyalar, ekranlar, billbordlardan o‘z dasturiy g‘oya va maqsadlarini targ‘ib qilishda foydalanadilar. Shuningdek mamlakatning 36ta elektron monitorida ham nomzodlarning tashviqot roliklari bepul joylashtirish imkoniyati yaratiladi.

Saylov tajribasida ilk marta "Ovozi tojik", "Nurli jol" gazetalari nashr maydonlaridan ham nomzodlar tashviqoti uchun foydalaniladi. Bu O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan turli millat vakillarining nomzodlar saylovoldi dasturlari qoidalari bilan yaqindan tanishish imkoniyatini yanada kengaytiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ommaviy axborot vositalarida saylovoldi tashviqoti materiallarining turlari, shakllari, uslublari va mazmunini mustaqil belgilaydilar.

Saylovoldi tashviqoti davrida teng shart-sharoitlar yaratish tamoyili partiya nashrlariga nisbatan tatbiq etilmaydi. Ular tegishli materiallarni istalgan hajmda chop etishlari mumkin.

Yangiliklar lentasi
0