TOShKENT, 25 noya — Sputnik, Mariya Tabak. NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg payshanba kuni Oksford universitetida "tinchlantiruvchi nutq" bilan chiqish qildi, deb xabar bergan RIA Novosti.
Tramp — NATOning dushmani emas
"Shu narsa muhimki, men bunga aminman, AQSh NATO va Yevropa kollektiv xavfsizligi manfaatlariga sodiq qoladi. Men o‘tgan haftada AQShning yangi saylangan prezidenti Tramp bilan telefon orqali muloqot qildim va u menga NATOga hamda NATOning kollektiv xavfsizlik haqidagi ideallariga to‘liq sodiq ekanini aytdi. Men shunday bo‘lishiga aminman, yo‘q, Tramp meni shunga ishontirgani uchunmas, balki kuchli NATO nafaqat bizning, balki AQSh manfaatlariga ham to‘liq javob beradi", — deb ta’kidlagan Stoltenberg o‘z nutqida.
Eslatib o‘tamiz, AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp o‘z saylovoldi kampaniyasi davomida AQSh NATOga uning qolgan a’zolaridan ko‘proq mablag‘ to‘layotgani haqida juda ko‘p takrorlagan edi. Tramp, bu holatni o‘zgartirish kerak, deb aytgandi. Tramp prezident bo‘lib saylangach, Stoltenberg uni AQSh NATOdan bemavrid voz kechayotgani haqida ogohlantirib Yevropa ayni damda uzoq yillar davomida kuzatilmagan holat — eng jiddiy xavfga yuztuban bo‘layotgani haqida ma’ruza qilgan edi, hatto.
Rossiyasiz qayoqqa ham borardik…
"Ittifoqchilarimiz Rossiya bilan turli mavzularda muloqot olib borishayotgani NATO uchun muammo emas. Alqissa, iyul oyida Varshavada o‘tgan sammitda, NATO Rossiya bilan muloqotni saqlab qolish qarorini qabul qilgan edi. Rossiya bizning yirik qo‘shnimiz, biz uni yakkalab qo‘yishga haqli emasmiz va u bilan turli muammolarni muhokama qilishimiz kerak", — deb ta’kidladi NATO Bosh kotibi.
U misol tariqasida AQShning Suriya bo‘yicha Rossiya bilan olib borgan muzokaralarini eslatib o‘tgan hamda Eron bilan yadro dasturi borasida erishilgan kelishuvda Rossiya katta rol o‘ynaganini qo‘shimcha qilgan.
"Shunday ekan, Rossiya bilan muloqotimiz NATO siyosatiga va qarorlariga to‘kis javob beradi, va biz buning uchun havotir olishimiz kerak emas", — deb ta’kidlagan Stoltenberg.
Ammo shu bilan birga, u Rossiyaning o‘z ta’sir doirasini mustahkamlash va qo‘shni davlatlarni "nazorat qilish"ga bo‘lgan intiluvchanligi borasida o‘z havotirlarini yashirmagan.
NATO Bosh kotibining so‘zlariga qaraganda, NATOning Sharqqa qarab kengayishi Rossiyani hech ham bezovta qilmasligi kerak.
"Rossiyaning "NATOning kengayishi — bu provokatsiya" degan fikrini umuman tushunmayman. Men buni tushunmasligimning sababi shundaki, har bir davlat — u xoh katta, xoh kichik, xoh G‘arbiy, xoh Sharqiy davlat bo‘lsin — o‘zi qaror qabul qilishga haqli. Yo‘q, bu yerda NATO kengaymayapti, balki Polsha, Estoniya, Litva, Latviya, Vengriya a’zolikka ariza berishdi va bu ishni demokratik tarzda amalga oshirishdi. Rossiya qarshiligi uchun ularga "yo‘q" deb ayta olmaymiz, chunki buning iloji yo‘q", — deb ta’kildadi Stoltenberg va shu o‘rinda, Serbiya NATOga qo‘shilishni istamaganini aytib o‘tdi.
"Va biz davlatlar tomonidan qabul qilingan qarorlarni hurmat qilamiz, shu jumladan, NATOga qo‘shilishni xohlamaydigan davlatlar qarorini ham", — deya ta’kidladi u.
"Rossiya shu o‘rinda o‘zini bo‘sh qo‘yishi va qo‘shnilarining qaror qabul qilishlik huquqini tan olishi lozim, bu narsa barchaning manfaatiga xizmat qiladi — qo‘shnilarning ham, Rossiyaning ham", — deb qayd etdi NATO Bosh kotibi.