TOShKENT, 19 noya — Sputnik. 17-noyabr kuni Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on Samarqand shahriga tashrif buyurgani haqida xabar qilgan edik.
Eslatib o‘tamiz, Turkiya prezidenti 16-noyabr kuni Pokistonda bo‘lgan edi. Parvoz oldidan Anqara xalqaro aeroportida matbuot vakillari bilan uchrashuv o‘tkazgan Turkiya prezidenti "Biz o‘zbek birodarlarimiz bilan munosabatlarning yangi sahifasini ochishni istaymiz" deb ta’kidlagan.
Rossiya Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutining katta ilmiy xodimi Vladimir Ahmedov Sputnik O‘zbekistonga Erdo‘g‘onning ushbu tashrifi Turkiya yetakchisining mamlakat geosiyosiy mavqeyini mustahkamlash istagi bilan bog‘liq, deya fikr bildirgan edi. "Erdo‘g‘on Turkiyaning ichki muammolarini faol tashqi siyosat evaziga yopishi lozim. U Iroqda, Suriyada faol harakat qilmoqda va O‘zbekiston bilan aloqalarni tiklash istagida", — deb ta’kidlagan edi ekspert.
Xo‘sh, aslida-chi? Erdo‘g‘on O‘zbekistonning muvaqqat prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan o‘tkazgan muzokaralarida nimalar xususida kelishishga muvaffaq bo‘ldi? O‘zbekiston TIV matbuot-xizmatining bu boradagi axborotini e’tiboringizga havola qilamiz.
Hurmat bajo keltirildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on 18-noyabr kuni Hazrati Hizr majmuiga tashrif buyurib, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti qabrini ziyorat qildilar va Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirdilar. Islom Karimov ruhi pokiga Qur’on tilovat qilindi.
Shundan so‘ng Samarqand shahridagi Forumlar majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev bilan Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on o‘rtasida muzokara bo‘lib o‘tdi.
Shavkat Mirziyoyev Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov vafoti munosabati bilan samimiy hamdardlik yo‘llagani uchun Turkiya Prezidentiga minnatdorlik bildirdi. Rajab Toyib Erdo‘g‘on Samarqandga tashrif buyurib, Yurtboshimizning yorqin xotirasiga hurmat bajo keltirgani O‘zbekiston xalqiga yuksak ehtirom ifodasidir.
Ushbu tashrif Turkiyada O‘zbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirishga katta ahamiyat berilishidan dalolat ekani qayd qilindi.
Turkiya O‘zbekiston mustaqilligini birinchilar qatorida tan olgan
O‘zbek va turk xalqlari ko‘p asrlik umumiy tarix, yagona til va din, mushtarak qadriyatlar va o‘xshash urf-odatlar bilan bir-biriga chambarchas bog‘langan.
Rajab Toyib Erdo‘g‘on Turkiya O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi ustuvor sherik deb bilishini, mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy barqarorligi va iqtisodiy taraqqiyoti izchil davom etishiga ishonchi komil ekanini alohida ta’kidladi.
Ikki mamlakatning bugungi munosabatlari O‘zbekiston va Turkiyaning imkoniyat va salohiyatiga mos emasligi, ushbu uchrashuv hamkorlikning yangi sahifalarini ochish masalalari yuzasidan batafsil fikr almashish uchun qulay imkoniyat ekani qayd etildi.
Muzokarada O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi o‘zaro ishonch muhitini mustahkamlash masalasi muhokama qilinib, tashqi siyosat mahkamalari o‘rtasida muntazam maslahatlashuvlar tashkil qilish, xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida fikr almashildi.
O‘zbekiston Islom hamkorlik tashkiloti faoliyati doirasida Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro tadqiqotlar markazini ta’sis etish taklifini ilgari surdi. Tomonlar IHTning Turkiyadagi Islom tarixi, san’ati va madaniyati tadqiqotlari markazi bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlaganidan mamnuniyat izhor qildilar.
Suhbat chog‘ida savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari ham atroflicha muhokama qilindi.
Turkiya O‘zbekistonning an’anaviy va muhim savdo sheriklaridan biridir. 2015-yilda o‘zaro savdo hajmi 1,2 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Bu boradagi o‘sish sur’atlari joriy yilda ham saqlanib qolishi kutilmoqda. Lekin tomonlar qayd qilganidek, bu raqamlar mamlakatlarimiz salohiyatini aks ettirmaydi. Bu miqdorni yaqin yillar ichida 2-3-marta oshirish uchun yetarli imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda Turkiyaning 500 ga yaqin firma va kompaniyalari faoliyat yuritmoqda. Mamlakatimiz iqtisodiyotiga jalb qilingan Turkiya sarmoyasi hajmi 1 milliard dollardan oshadi.
Suhbat chog‘ida ushbu tashrif ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikka yangi sur’at baxsh etishiga ishonch bildirildi.
Tomonlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va chuqur qayta ishlash, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash, qadoqlash, qayta ishlash va eksport qilish bo‘yicha majmualar barpo etishga, to‘qimachilik va terini qayta ishlash sanoatida zamonaviy qo‘shma korxonalar yaratishga, xususan, birgalikda paxta tolasi va teri xomashosini chuqur qayta ishlash orqali tayyor brendli mahsulotlarni tashqi bozorlarga chiqarishni yo‘lga qo‘yish, farmatsevtika sohasida hamkorlikka oid yangi loyihalar tuzish va amalga oshirish masalalarini ko‘rib chiqdilar.
Transport kommunikatsiyalariga ham alohida e’tibor qaratildi. "Boku – Axalkalaki – Qars" temir yo‘lining ishga tushirilishi ikki mamlakatni bir-biri bilan bog‘laydigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri transport yo‘lagini yaratishdek strategik ahamiyatga ega masalani hal etishda, binobarin, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishda muhim omil bo‘lishi qayd etildi.
Muhokama qilingan masalalardan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston va Turkiyaning o‘z oldiga qo‘yayotgan maqsadlariga erishish uchun kelasi yil boshida Toshkent shahrida Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi majlisini o‘tkazishga, uning doirasida O‘zbekiston – Turkiya sarmoyaviy forumini tashkil qilishga kelishib olindi.
Davlatlararo munosabatlarda madaniy-gumanitar hamkorlik alohida o‘rin tutadi. Tomonlar bu boradagi sheriklikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
Shavkat Mirziyoyev va Rajab Toyib Erdo‘g‘on ushbu uchrashuv davomida erishilgan kelishuvlar ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tarib, o‘zaro manfaatli sohalarda hamkorlikning yangi sahifasini ochishga xizmat qilishiga qat’iy ishonch bildirganlar.
Kunning ikkinchi yarmida oliy martabali mehmon Imom Buxoriy va Imom Moturidiy yodgorlik majmualari, Amir Temur maqbarasini ziyorat qildi, Registon maydonini ko‘zdan kechirgan.
Rajab Erdo‘g‘on istiqlol yillarida Prezident Islom Karimov rahnamoligida bu ezgu maskanlar tubdan qayta ta’mirlanib, mutlaqo yangi qiyofa kasb etganini alohida ta’kidlagan. O‘zbekiston ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini tiklash, o‘rganish va dunyoga tanitishda yuksak natijalarga erishayotganini qayd etgan.
Shu bilan Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘onning mamlakatimizga tashrifi yakuniga yetgan.