TOShKENT, 12 noya — Sputnik. Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I bilan muzokaralar davomida O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarining hozirgi holati va ularni rivojlantirish istiqbollari, dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar muhokama qilingan.
Hurmatli ommaviy axborot vositalari vakillari!
Xitoy Xalq Respublikasi tashqi ishlar vaziri janob Van I va u boshchiligidagi delegatsiyasi a’zolarini qutlashdan bag‘oyat mamnunman.
O‘zgarmas teng huquqlilik, o‘zaro hurmat, qo‘llab-quvvatlash va ichki ishlarga aralashmaslik tamoyillariga asoslangan Xitoy bilan strategik sherikchilik va o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlari O‘zbekistonda yuqori baholanadi.
Biz O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning bevaqt olamdan o‘tishi munosabati bilan Xitoy rahbariyati tomonidan ko‘rsatilgan dalda va e’tibor uchun minnatdorchilik bildiramiz. Bugun janob Van I Samarqandga borib O‘zbekiston Prezidenti xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Bundan biz bag‘oyat minnatdormiz.
Janob Van I bilan an’anaviy ochiq va qizg‘in muhitda bo‘lib o‘tgan mufassal va samarali muzokaralar ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish hamda aksariyat dolzarb mintaqaviy va xalqaro muammolar, shuningdek yetakchi ko‘p tomonlama xalqaro tashkilot va institutlar doirasidagi, birinchi navbatda BMT va ShHT shaklidagi aloqalarni mustahkamlash masalalari bo‘yicha pozitsiyalarning o‘xshash va muvofiqligini ko‘rsatdi.
O‘zbekiston yana bir bor Xitoy rahbariyatining davlat yaxlitgini himoya qilish, Tayvan va Tibet masalalari hamda "uch balo" – terrorizm, ekstremizm va separatizm kuchlariga qarshi kurash bo‘yicha prinsipial siyosatini qat’iy va doimiy qo‘llab quvvatlashini ta’kidladi.
Biz Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash va dunyoning geosiyosiy jihatdan muhim hisoblanadigan ushbu mintaqasida barqaror rivojlanishning murakkab va uzoq muddatli vazifalarini amalga oshirish bo‘yicha umumiy qarashlarimizni tasdiqlab, mintaqaviy xavfsizlikning barcha muammolari majmui bo‘yicha muntazam siyosiy maslahatlashuvlarni davom ettirish zarurligini yana bir bor tasdiqladik.
Samarali iqtisodiy, energetik, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalarda umummintaqaviy ahamiyat kasb etadigan loyiha va dasturlarini ilgari surish va amalga oshirishni rag‘batlantirish maqsadida birgalikda harakat qilishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanligi ta’kidlandi.
So‘zim so‘ngida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar rivojiga o‘zining ulkan hissasini qo‘shayotgan hamda mamlakatimiz va xalqimizga samimiy iliq munosabat ko‘rsatayotgan Xitoy Xalq Respublikasi Respublikasi Tashqi ishlar vaziri janob Van Iga o‘zimning ulkan hurmatimni yana bir bor ifoda etmoqchiman.
E’tiboringiz uchun rahmat.