TOShKENT, 11 noya – Sputnik. Britaniyaning nufuzli The Financial Times gazetasida "O‘zbekiston: elektron hukumat vakillik demokratiyasi va davlat shaffofligini oshirishni ta’minlaydi" sarlavhasi ostida maqola chop etildi, deb xabar beradi "Jahon" axborot agentligi. Maqola davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilishi va jadal rivojlanishiga bag‘ishlangan.
Maqolada O‘zbekistonda mamlakatning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan 2013-2020 yillarda O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish kompleks dasturining amalga oshirilishi haqida so‘z boradi. Gazetada ushbu bosqichda ijobiy natijalarga erishilgani, xususan 290dan ortiq ko‘rinishdagi davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi interaktiv davlat xizmatlari yagona portali faoliyat ko‘rsatayotganligi e’tirof etiladi.
Maqolada yozilishicha, 2016-yil boshidan buyon murojaatlar soni 2 baravar oshgan va 800 mingdan ortiqni tashkil etdi. Ilgari davlat bu xizmatlarni qo‘l rejimida ko‘rsatishi uchun ko‘plab resurs sarflashga majbur bo‘lardi.
Nashrda yozilishicha, davlatning muhim qarorlarni qabul qilishida fuqarolar va tadbirkorlarning ishtirokini ta’minlaydigan qonunchilik hujjatlarining ta’sirini baholash tizimi yana bir samarali vosita bo‘ldi. Mazkur tizim orqali 800dan ortiq meyoriy-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamadan o‘tdi va 1400dan ortiq izoh va takliflar olindi hamda ularning yarmi qonunchilik hujjatlarini tasdiqlashda inobatga olindi.
"Ochiq ma’lumotlar milliy Portalining ishga tushirilishi biznes-startaplarni boshlashdagi muhim omillardan biri bo‘ldi, undan 630 mingdan martadan ortiq foydalanildi. Portal o‘z ichiga 109 tashkilot tomonidan taqdim etilgan 1750ta ochiq ma’lumotlar to‘plamini o‘z ichiga oladi", — deb davom ettiriladi The Financial Times gazetasidagi maqolada.
Maqolada soliq va statistika hisoboti, bojxona deklaratsiyalarini rasmiylashtirish, tadbirkorlik subyektlari va firma nomlarini ro‘yxatdan o‘tkazish kabilar eng talabgir onlayn xizmatlarga aylangani, “Elektron viza” tizimi yo‘lga qo‘yilganligi e’tirof etiladi. Shu bilan birga, davlat xaridlari bo‘yicha elektron savdolarning yagona mexanizmi, tadbirkorlarning xo‘jalik sudlariga da’vo arizasi berishi bo‘yicha elektron tizim, davlat xizmatlarini olish uchun ariza berishda hujjat qabul qilishning “yagona oyna” tizimi samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Shu tarzda, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari eng talabgir va ommabop davlat xizmatlariga monitor va smartfonlar orqali kirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
"Bugungi kunda mamlakatda 32 million aholi istiqomat qiladi, ularning 60%ini yoshlar tashkil etadi, uyali aloqa xizmatlaridan 21 million kishi, internet xizmatidan 13 milliondan ortiq kishi foydalanadi, — deb yozadi nashr. – Mamlakatda keng miqyosda olib borilayotgan chora-tadbirlar natijasida O‘zbekiston BMTning 2016-yildagi elektron hukumat rivojlanishi bo‘yicha reytingida o‘z o‘rnini sezilarli darajada yaxshilab oldi va elektron hukumat faoliyati joriy etilgan mamlakatlar orasida 80-o‘rinni, hukumatning fuqaro va biznes vakillari bilan samarali muloqotini baholovchi elektron ishtirok indeksida 47-o‘rinni egalladi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekiston MDH davlatlari orasida 3-, Markaziy Osiyo davlatlari orasida 1-o‘rinda turadi".
Maqolada ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda elektron hukumatning joriy etilishi va rivojlanishi milliy ustuvorlik kasb etgan, "Elektron hukumat" bo‘yicha 40dan ortiq hukumat qarorlari qabul qilingan, “Elektron hukumat haqida”gi qonun asosida meyoriy-huquqiy asoslar ishlab chiqilgan.
"2016 yil 25-sentabrda Bosh vazirning Virtual qabulxonasi (PM.gov.uz) tashkil etilishi aholining davlat organlari bilan muloqotini tubdan takomillashtirdi va O‘zbekistonda jamiyatni demokratlashtirishning bir qismiga aylandi, — deb yozadi gazeta. – Endilikda aholi va tadbirkorlik subyektlari hal etilmagan muammolar, shikoyat va takliflari bilan hech qanday sarf-xarajat va raqamli imzolarsiz bir lahzada to‘g‘ri Bosh vazirga murojaat etishlari mumkin. Koll-markaz pasport ma’lumotlari kabi shaxsiy ma’lumotni talab qilmaydi, telefon raqamining o‘zi kifoya".
Maqolada Virtual qabulxona murojaat qiluvchilarning gender tengligini rivojlantirish hamda imkoniyati cheklangan kishilarning portaldan telefon raqami orqali foydalanish va Koll-markazga og‘zaki murojaat qilishlariga imkon berishi ta’kidlanadi. Virtual qabulxonaning ustun jihatlari ochiq-oshkora ko‘zga tashlanib turishi e’tirof etiladi. Bular jamoatchilik ishonchining oshishi, muammoni hal qilishda umumdavlat yondashuvini ta’minlash, islohotlarni "quyidan-yuqoriga" tamoyili asosida amalga oshirish, shaffoflik va korrupsiyaning oldini olish kabilardir. O‘z navbatida, mazkur omillar hokimiyatning barcha qatlamlarining bosqichma-bosqich ochiq va shaffofligini ta’minlaydi.
The Financial Times shuningdek Bosh vazirning Virtual qabulxonasini yanada rivojlantirish bo‘yicha rejalar bilan ham tanishtiradi. Ularga ko‘ra davlatning hududiy va quyi organlari bo‘linmalari hamda tumanlar prokuratura organlarini ham tarmoqqa qamrash ko‘zda tutilgan. "Mazkur portal institutsional islohotlarni takomillashtirishga xizmat qiladi va jamoatchilik, aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun do‘stona tizim vazifasini bajaradi. Kelgusida yanada rivojlantirilishi va takomillashishi ko‘zda tutilgan Virtual qabulxona BMTning 2018-yilgi hisobotida jahon mamlakatlari orasida davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha namuna sifatida tilga olinishni maqsad qilgan", — deyiladi maqolada.
Britaniya nashri xulosa sifatida elektron hukumat vakillik demokratiyasi va davlat shaffofligini oshirish hamda O‘zbekistonning yorqin kelajagi yo‘lida o‘ziga xos harakatlantiruvchi omil bo‘lishini bildiradi.