TOShKENT, 7 noya — Sputnik, Anton Kurilkin. Keyingi oylarda O‘zbekiston munosabatlarni yaxshilash va ko‘p yillik muammolarni hal qilish maqsadida qo‘shnilar bilan faol muzokaralar o‘tkazmoqda. Hozircha Bishkek bilan muzokaralar yaxshi ketmoqda: hukumat delegatsiyalarining o‘zaro tashriflari bo‘lib o‘tdi, chegaralarni demarkatsiya qilish bo‘yicha komissiya faol ish olib bormoqda, ikki davlatning chegaradosh viloyatlari esa hamkorlik haqida memorandum imzoladilar.
Tojikiston bilan munosabatlar ham bundan kam emas – o‘tgan haftada ikki davlat o‘rtasida aviaqatnovlar tiklanishi ma’lum bo‘ldi. Bungacha esa Tojikiston fuqarolari uchun viza bekor qilinishi haqida xabarlar paydo bo‘lgandi. Biroq umumiy munosabatlarga Toshkent qachonlardan buyon xavotirlanayotgan Rog‘un GESining qurilishi salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
O‘zbekistonning hududiy siyosatdagi faolligi nima bilan bog‘liq va Rog‘un GESining qurilishi Toshkent va Dushanbe o‘rtasidagi munosabatlarga qanday ta’sir ko‘rsatishi haqida Sputnik O‘zbekiston Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert, tarix fanlari nomzodi Aleksandr Shustovning fikrini so‘radi.
— Toshkentning qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni yaxshilash borasidagi faolligi nima bilan bog‘liq?
— Bunda shaxs omili muhim rol o‘ynaydi. O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev qo‘shnilar bilan munosabatlarda o‘zaro ixtilof yo‘lini tutmoqchi emas. Buning ustiga, saylovlar arafasida u muvaffaqiyatini namoyish etishi zarur. Bunga esa qo‘shni respublikalar bilan munosabatlar orqali tezroq erishish mumkin. Chegara rejimining soddalashtirilishi chegaraning har ikki tarafidagi qarindoshlik rishtalari bilan bog‘langan aholining ko‘nglidagi ish bo‘ladi.
Bundan tashqari, Markaziy Osiyo — xavfli hudud va chegara muammolarini hal qilish mintaqadagi barcha davlatlar manfaatiga mos keluvchi barqarorlikning mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Bularning bari Shavkat Mirziyoyevning imiji uchun ishlaydi va uning ommabopligi o‘sishiga xizmat qiladi.
— Rog‘un GESi qurilishining boshlanishi o‘zbek-tojik munosabatlariga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
— To‘g‘onning qurilishi boshlanishi o‘zbek-tojik munosabatlariga yaxshi ta’sir ko‘rsatmasligi mumkin. Keyingi vaqtda O‘zbekiston hukumati munosabatlarni yaxshilash niyatida ekanligini namoyish etayotgan bo‘lsa-da, transchegaraviy darolar zaxiralaridan foydalanish muammosi qolaveradi va bu ikki davlat orasidagi munosabatlarda hal qiluvchi rolni o‘ynaydi.
Amudaryo O‘zbekiston uchun hayotiy muhim ahamiyatga ega. Rog‘un GESi qurilishi boshlanishi sababli suv oqimining kamayishi yana O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi ilgarigi sovuq kayfiyatni uyg‘otishi mumkin.
— O‘zbekiston va Tojikistonning Rog‘un GESi bo‘yicha o‘zaro e’tiroz va muammolari nimada?
— Ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro muammo va e’tirozlar allaqachondan buyon ma’lum va bu har ikki tomonning o‘zaro rasmiy bayonotlari va matbuotdagi chiqishlarida ko‘p bora aytilgan. Tojikistonga elektr energiyasi kerak, u elektrni eksport qilishni ham mo‘ljallamoqda. O‘zbekiston esa sug‘orish manbasiga uzviy bog‘langan.
GES qurilgach, Dushanbe Vaxsh oqimini nazorat qilishi mumkin, bu esa o‘ta kuchli ta’sir qurolidir. Toshkent mazkur "suv" richagi yordamida siyosiy bosim o‘tkazilishidan hamda qishloq xo‘jaligi inqirozga uchrashi oqibatida ijtimoiy portlash kelib chiqishi mumkinligidan xavfsiramoqda.
Bundan tashqari, mintaqadagi ekotizim sovet davridagi "sotsializmning buyuk qurilishlari" oqibatida o‘ta nozik ahvolga kelib qolgan. Ekotizimning izdan chiqishi ham ijtimoiy keskinlikni kuchaytiradi. Bu vaziyatdan chiqishning yagona yo‘li tomonlarning o‘zaro yakdil qarorga kelishlarini ta’minlovchi muzokaralar o‘tkazishdir.