Yon qo‘shni – jon qo‘shni yoxud o‘zbek-qirg‘iz munosabatlari haqida

© Pravitelstvo KRO‘zbekiston delegatsiyasi Qirg‘izistonda
O‘zbekiston delegatsiyasi Qirg‘izistonda - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Keyingi vaqtda o‘zbek-qirg‘iz munosabatlarining iliqlashishi kuzatilmoqda. Sputnik Qirg‘iziston ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar haqida ekspert va siyosatchilarning fikrini o‘rgandi

TOShKENT, 27 okt — Sputnik, Taalaybek Oroskulov. 26-oktabr kuni O‘zbekiston Bosh vaziri Adham Ikromov rahbarligidagi delegatsiya javob tashrifi bilan O‘sh shahriga keldi. 

1 oktabr kuni ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash va rivojlantirishga bag‘ishlangan tadbirlarda qatnashish uchun Qirg‘iziston delegatsiyasi Andijon viloyatiga tashrif buyurgandi. Ilgariroq qirg‘iz-o‘zbek munosabatlarida suv va chegara muammolari sababli keskinlik paydo bo‘lgandi, deb yozadi Sputnik Qirg‘iziston.

Rasman

Chorshanba kuni prezident Almazbek Atambayev to‘qqizta davlatning elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qilib olish marosimida O‘zbekiston xalqi Shavkat Mirziyoyevni prezident sifatida tanlashiga umid bildirdi.

U ko‘plab o‘zaro loyihalar ayrim sabablarga ko‘ra to‘xtab qolganini, lekin ularni umumiy manfaatlar yo‘lida amalga oshirish vaqti kelganligini aytdi.

Almazbek Atambayev - Sputnik O‘zbekiston
Atambayev kimni O‘zbekiston Prezidenti sifatida ko‘rishni istayotganini aytdi

"Xalq men deyarli 10-yildan buyon biladigan va tanishdan ham yaqinroq bo‘lgan Shavkat Miromonovich Mirziyoyevni O‘zbekiston Prezidenti sifatida tanlaydi, deb umid qilaman. U yoki bu sabablar bilan to‘xtab qolgan ko‘plab loyihalarni Xitoy, Qirg‘iziston va O‘zbekiston manfaatlari yo‘lida amalga oshirish vaqti keldi deb o‘ylayman", — dedi Atambayev.

To‘g‘ri yo‘nalish

Qirg‘iziston sobiq bosh vaziri Temir Sariyev o‘zbek delegatsiyasining O‘shga tashrif buyurishining o‘ziyoq ikki davlat o‘rtasida munosabatlarning yangi bosqichi boshlanganligidan darak berishini aytdi.

"Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida munosabatlar yomon edi deyish mumkin emas, aksincha bizni tarixiy do‘stlik bog‘lab turadi va buni ko‘plab hukumatlararo, idoralararo shartnomalar isbotlab turibdi. Mamlakatlarimiz BMT, ShHT, MDH doirasida ham samarali hamkorlik qilmoqda. Bularning bari sabr va mashaqqatli mehnatni talab qiladi", — dedi Sariyev.

U Qirg‘iziston va O‘zbekiston yaqin qo‘shnilar ekanligini, bu esa barcha sohalarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish lozimligini bildirishini ta’kidladi.

"Chegara borasida esa, O‘zbekiston bilan bir nechta belgilanmagan uchastkalar bor. Mavjud hujjatlar asosida xalqaro talablarga amal qilgan holda siyosiy muzokaralar olib borish darkor", — dedi Sariyev.

2018 yildan umid katta

Siyosatchi Bakit Baketayev O‘zbekistonning yangi yetakchisi yaxshi qo‘shnichilik va qo‘shnilar bilan hamkorlikni tashqi siyosatning ustuvor tamoyiliga aylantirdi deb hisoblaydi.

"Chegara masalasi eng og‘riqli nuqta, u har qanday davlatni tashvishga soladi. Ikki respublika tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlardan kelib chiqadigan bo‘lsak, menimcha munosabatlar yaxshilanadi va tez orada buning samarasini ko‘ramiz. 2018-yilda esa og‘riqli yara bo‘lgan chegara muammosi barham topadi", — dedi Baketayev.

Bakit Baketayev - Sputnik O‘zbekiston
Qirg‘iz siyosatchisi: chegara muammosi 2018-yilda hal qilinadi

Bu vaqtga kelib O‘zbekistonda ham, Qirg‘izistonda ham yangi prezidentlar bo‘ladi. Hududdagi yirik GESlar (Qirg‘iziston va Tojikistonda) qurilishi ham oldinga siljishi mumkin, zero O‘zbekiston bu yo‘nalishda ham qadam tashladi, ta’kidladi ekspert.

"Ilgarigi tajribadan kelib chiqib, hech kim "og‘iz-burun" o‘pishmaydi. Biz tekis, barqaror munosabatlarga, barcha sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikka guvoh bo‘lamiz", — dedi u.

U siyosiy munosabatlar iliqlashganidan keyin keskin "ayoz" bo‘lishidan xavfsiramaslik lozimligini, lekin har bir davlatning "cho‘ntagida tosh bo‘lishi"ni va undan xalqaro siyosatda u yoki bu maqsadiga erishishda foydalanishini unutmaslik kerakligini aytdi.

"Biz shunday siyosat olib borishimiz kerakki, qo‘shnilarimiz cho‘ntaklariga tosh solib yurishmasin. Bu yerda juda ko‘p narsa — amalda 50 foiz — davlat rahbarlarining shaxsiy munosoabatlariga bog‘liq", — dedi ekspert.

Xavfsizlik hamma narsadan ustun

Qirg‘izistonning sobiq tashqi ishlar vaziri, siyosat fanlari doktori Alikbek Jekshenkulovning fikricha, ikki davlat munosabatlarining iliqlashuvi tabiiydir.

"Tashqi va ichki tahdidlar haqida hamma biladi: bu Afg‘oniston chegarasidagi beqarorlik, Markaziy Osiyo fuqarolarining "Islom davlati" terrorchilik guruhi safida ishtirok etishlari va boshqalar. Hududda xavfsizlikni saqlash Markaziy Osiyo davlatlarining ustuvor vazifasi hisoblanadi, buni barcha davlatlarning hamkorligisiz amalga oshirishning imkoni yo‘q. Hudud ikki tomonlama munosabatlar barcha – siyosiy, iqtisodiy, gumanitar, madaniy sohalarda tubdan yaxshilanmagan taqdirda ham xavf ostida bo‘ladi", — dedi diplomat.

V Kirgizstan pribila delegatsiya Respubliki Uzbekistan - Sputnik O‘zbekiston
Do‘stona javob tashrifi: O‘zbekiston delegatsiyasi O‘sh shahrida

U qirg‘iz va o‘zbek delegatsiyalarining do‘stona tashriflari ijobiy jarayonlar boshlanganligini bildirishini aytdi. O‘zbekistonda va butun Markaziy Osiyoda yaxshi munosabatlar uzoq vaqt davom etishi lozimligini tushunishadi.

"O‘zbekistonning yangi yetakchisi ichki va tashqi siyosatda o‘zgarishlar qilish uchun faol qadam tashlamoqda, qo‘shnilar bilan munosabatlarni yaxshilashga urinmoqda. Men Shavkat Mirziyoyevni shaxsan biladigan kishi sifatida aytishim mumkinki, u bu masalada sobit va qat’iyat bilan ish olib boradi… Albatta, hamma integratsiyaga urinadi, hamma barqarorlikni istaydi, lekin hududda o‘z manfaatlarini ko‘zlagan yirik tashqi kuchlar aralashishni boshlasa, juda ko‘p narsaga, jumladan O‘zbekistonning qo‘shnilar bilan hamkorligiga ham ta’sir qiluvchi voqealar yuz berishi mumkin", — dedi Jekshenkulov.

O‘tmish va kelajakka nazar

Keyingi yillarda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlar sovuqlashgandi. Masalan, 2016-yil martida O‘zbekiston Jalolobod viloyati bilan chegaradagi belgilanmagan hududga bronetexnika joylashtirdi va Kerben — Ola-Buqa avtoyo‘lini berkitib qo‘ydi. Muzokaralar natijasida 23-mart kuni to‘siq olib tashlandi.

Avgustda esa Qirg‘iziston retranslyator minorasi joylashgan Ungar-Too hududiga vertolotda O‘zbekiston IIV xodimlari kelib tushgan va stansiyaning to‘rt nafar xodimini qo‘lga olgandi. Xodimlar 9-sentabr kuni qo‘yib yuborilgandi.

Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar sentabr oyidan iliqlasha boshladi. Davlat chegaralarini demarkatsiya va delimitatsiya qilish ishlari faollashdi — ikki davlat mutaxassislari chegaradagi 78ta uchastkani o‘rganib chiqishdi. Bundan tashqari, o‘zbek-qirg‘iz hamkorligini mustahkamlash va rivojlantirish bo‘yicha tadbirlar boshlandi.

Yangiliklar lentasi
0