TOShKENT, 26 okt — Sputnik. Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atambayev qator davlatlar elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qilish marosimi chog‘ida O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyevning mamlakat rahbari etib saylanishiga umid qilayotganini bildirdi. Bu haqda Qirg‘iziston Prezidentining saytida xabar berilmoqda.
Ilgariroq davlat rahbarining matbuot xizmati Atambayevning Mirziyoyev bilan telefon orqali muloqot o‘tkazgani haqida xabar bergandi. Muloqot chog‘ida tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holati va istiqboli masalalarini muhokama qilgan.
"Xalq men deyarli 10-yildan buyon biladigan va tanishdan ham yaqinroq bo‘lgan Shavkat Miromonovich Mirziyoyevni O‘zbekiston Prezidenti sifatida tanlaydi, deb umid qilaman. U yoki bu sabablar bilan to‘xtab qolgan ko‘plab loyihalarni Xitoy, Qirg‘iziston va O‘zbekiston manfaatlari yo‘lida amalga oshirish vaqti keldi deb o‘ylayman", — dedi Atambayev.
O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Adham Ikromov boshchiligidagi Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari rahbarlari, davlat organlari, madaniyat, sport va diniy soha vakillaridan iborat vakillar delegatsiyasi chorshanba kuni Qirg‘izistonning O‘sh shahriga tashrif buyurdi.
Mehmonlarni respublika bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Muhammetkaliy Abulgaziyev, bosh vazir o‘rinbosari Jenish Razakov, O‘sh, Jalolobod va Botken viloyatlari rahbarlari hamda jamoat va madaniyat arboblari kutib oldilar.
Oktabr boshida esa Qirg‘iziston delegatsiyasi vakillari do‘stona tashrif bilan Andijon shahriga kelgandi.