TOShKENT, 20 okt — Sputnik. Asosiy mavzu yana Rossiya haqida bo‘ldi, deb xabar qiladi RIA Novosti. Klinton Moskvani amerikaliklar ortidan josuslik qilishda ayblagan bo‘lsa, Tramp Xillari Klinton Vladimir Putinni o‘zidan "aqlliroq" bo‘lgani uchun yomon ko‘rishini aytdi.
Putinga munosabat
Debatlar davomida Tramp Vladimir Putinga alohida e’tibor qaratgan. Milliarderning fikricha, Klinton Rossiya yetakchisini shaxsiy omadsizliklari uchun ham juda yomon ko‘radi.
"Putin har qadamda Klintondan farqli ravishda o‘ta aqlli ish tutgan, Xillari shuning uchun ham uni yomon ko‘radi", — deb qayd etgan Tramp.
"Biz olti trillion dollar sarfladik, ular (ya’ni, Rossiya, tahr.) esa Yaqin Sharqni bosib oldi", — deb aytgan respublikachi. Aytgancha, Tramp, Vashington bunchalik katta mablag‘ni aynan nimaga sarflaganiga aniqlik kiritmagan.
Milliarder, shuningdek, Putin bilan shaxsan tanish emasligini qo‘shimcha qilgan.
"Men Putin bilan tanish emasman, lekin u men haqimda yaxshi gaplarni aytgan", — deya aniqlik kiritgan u.
Trampga ko‘ra, Moskva Vashington bilan birgalikda "Islom davlati" terrorchilik uyushmasiga qarshi kurashsa "yaxshi bo‘lardi".
Klinton Moskvani josuslikda aybladi
Xillari Klinton navbatdagi bor Moskvani kiber-hujumlarda aybladi. Ayolning aytishicha, Rossiya hukumati "amerikaliklarga qarshi shpionaj" bilan shug‘ullanadi.
"Keyin ular ushbu ma’lumotlarni internetga chiqarib yuborishi uchun Wikileaksga taqdim etgan. Bu Rossiya hukumati rahbariyati, shu jumladan, shaxsan Vladimir Putin tomonidan berilgan topshiriq bo‘lgan", — deb aytgan Klinton.
Klintonning aytishicha, rasmiy Kreml shu tariqa AQShdagi prezidentlik saylovlari natijasiga ta’sir o‘tkazish niyatida. "Tramp Amerika prezidenti bo‘lishi uchun shunday qilinyapti", — deb qo‘shimcha qildi Klinton.
"Ha, bu hech kimga sir emas, u (Putin demoqchi, tahr.) AQSh prezidenti postida seni o‘z o‘yinchog‘iga aylantirmoqchi", — dedi Klinton Trampga murojaat qilar ekan.
Yana sovuq xayrashuv
Siyosatchilar Trampning ayollarga xiralik qilgani haqida ham esga oldilar. Klinton o‘z raqibi ayollarni oyoq osti qilishini aytib, Trampni "Amerika tarixida prezidentlikka intilayotgan eng xavfli nomzod" deb atadi.
"Ayollarning men haqimdagi gaplari — quruq tuhmat. Bu Klintonning pastkashlarcha olib borilgan kampaniyasi natijasi ekaniga shubham yo‘q. U (Klinton) o‘z shaxsiy serveridan 33 ming dona maktubni yo‘q qildi. Bu jinoyat. Bizning Federal Razvedka Buromizga nima bo‘lgan, bilmayman… U minglab marotaba odamlarni, kongressni, FRBni aldagan. U, ehtimol, qamoqqa olinar ham, ammo ko‘rib turganingizday prezidentlik uchun kurashmoqda. Bunga qanday izoh berish mumkin?", — deya hayratlandi Tramp va o‘z raqibasini "qahri qattiq ayol" deb atadi.
Milliarder, shuningdek, "agar yutqazadigan bo‘lsangiz, saylovlar natijasini tan olasizmi?" degan savolga javob berishdan bosh tortdi. "Vaqti kelsa men bu savolingizga javob beraman", — dedi u teleboshlovchi tomonidan berilgan savolga javoban.
"Mamlakatdagi yetakchi ikki partiyadan birining vakili bo‘la turib, bunday pozitsiyani bildirish… Men hayratdaman", — deya izoh berdi Kliton Trampning bu so‘zlariga javoban. Xillari shuningdek, milliarder "Amerika demokratiyasiga dog‘ tushirapti", — deya qo‘shib qo‘ydi.
Aytishuvdan so‘ng Klinton va Tramp yana bir-birining qo‘lini siqishdan bosh tortishdi. Tramp to Klinton zaldan chiqib ketmagunga qadar joyidan jilmadi.
Kim g‘olib?
Debatlarda kim g‘olib bo‘lgani borasida jurnalistlar fikri ikkiga bo‘lindi. CNN tomonidan o‘tkazilgan so‘rov, teletomoshabinlarning 52%i Klintonni, 39%i esa Trampni qo‘llab-quvvatlashini ko‘rsatdi.
Washington Times mushtariylarining 74%i esa Tramp uchun ovoz berishgan, Xillarini 21% mushtariy qo‘llab-quvvatlagan.