TOShKENT, 15 okt — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi 2016-yil 14-oktabr kuni mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun 18-19 oktabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasiga bag‘ishlangan brifing o‘tkazdi, deb xabar qilingan Toshkent viloyati hokimiyati rasmiy saytida.
Sessiyada Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Iyad Amin Madaniy, Islom taraqqiyot banki guruhi prezidenti Bandar Hajjar, tashkilotning yordamchi va maxsus muassasalari bosh direktorlari, AQSh, Fransiya, Italiya, Buyuk Britaniya, Shveysariyaning IHTdagi maxsus vakillari hamda BMT, YeXHT, Arab davlatlari ligasi, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash kabi qator tuzilmalar vakillari ham ishtirok etadi.
18 oktabrda o‘z ishini boshlaydigan sessiya doirasida Tashqi ishlar vazirlari kengashining amaldagi raisi Kuvayt Davlati o‘z raislik vakolatini rasman O‘zbekistonga topshiradi. Shu paytdan boshlab O‘zbekiston Respublikasining tashqi ishlar vaziri mazkur organning 2017-yildagi navbatdagi sessiyasiga qadar Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining raisi funksiyalarini amalga oshiradi.
Tasdiqlangan dastur va kun tartibiga muvofiq ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlashi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston Islom hamkorlik tashkilotiga musulmon davlatlarni birlashtiruvchi umume’tirof etilgan forum sifatida qaraydi, IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashidagi bo‘lajak raisligini esa mamlakatimizning islom tamadduni rivojiga qo‘shgan ulkan tarixiy hissasining e’tirofi, deb hisoblaydi. Shundan kelib chiqqan holda O‘zbekiston tashkilotning dunyodagi rolini kengaytirish hamda tashkilot oldidagi muhim vazifalarni hal etishga har tomonlama ko‘mak berishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
Sessiya qatnashchilari yalpi majlislarda Islom hamkorlik tashkiloti oldida turgan davlatlararo muloqotni qo‘llab-quvvatlash, tinchlikni mustahkamlash sohasidagi umumiy vazifalarni hal qilish hamda siyosat, iqtisodiyot, ilm-fan, ta’lim, madaniyat va boshqa sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish masalalarini ham muhokama qiladi.
Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida joriy yilning avgust oyida Saudiya Arabistoni Podshohligining Jidda shahrida Iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha Islom komissiyasining 39-sessiyasi hamda IHTga a’zo davlatlar yuqori mansabdor shaxslarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu forumlar ishida O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
Sessiya yakuniga ko‘ra qabul qilinadigan asosiy hujjat Toshkent deklaratsiyasi hisoblanadi.
Mazkur hujjat IHT kun tartibidagi asosiy siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar masalalarni hamda O‘zbekiston Respublikasining Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashidagi raisligining ustuvor yo‘nalishlarini o‘z ichiga oladi.