O‘n bir yillik tanaffus: O‘zbekiston va Qirg‘iziston munosabatlarining qayta jonlanishi

CC BY 2.0 / upyernoz / Tajik-Uzbek BorderO‘zbekistondagi chegara-nazorat punkti
O‘zbekistondagi chegara-nazorat punkti - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Bosh vazir o‘rinbosari boshchiligidagi Qirg‘iziston delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasining Andijon viloyatiga bir kunlik do‘stona tashrif uyushtirdi. Bunday safarga uzoq vaqtdan beri guvoh bo‘lmagan edik, deb yozadi Sputnik Qirg‘iziston mualliflaridan biri Esen Shishkarayev

TOShKENT, 8 okt — Sputnik. Sputnik Qirg‘iziston O‘zbekiston va Qirg‘iziston munosabatlarining istiqbollari xususida maqola chop etdi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegaradosh viloyatlari vakillari - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekiston va Qirg‘iziston vakillari memorandum imzoladilar
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasining muvaqqat prezidenti etib tayinlanganidan so‘ng, rasmiy Toshkentning Dushanbe va Bishkek bilan munosabatlari iliqlashgani sezilmoqda. O‘zbekiston tomon aloqalarni qayta tiklashga harakat qilayotgani, munosabatlarni yangilash uchun sharoitlar yaratishga tayyorligi haqida "signal"lar berayotgani yaqqol ko‘rinib turibdi. Respublikaning yangi rahbariyati tomonidan viloyat hokimliklariga ayrim regionlar bilan hamkorlik to‘g‘risida memorandumlarni ishlab chiqish va imzolashga ruxsat berilganing o‘zi ham katta qadam deb aytish mumkin. Axir shu paytgacha mahalliy regional rahbarlardan faqat va faqat "hamma narsani Toshkent hal qiladi" degan javobni eshitish mumkin edi, deya o‘z fikrlarini bayon etgan maqola muallifi Esen Shishkarayev.

"Rasmiy Toshkentning yangicha siyosati qanday imkoniyatlarni yaratishi, hamkorlikdagi iqtisodiy loyihalar, yer-suv muammolari singari va boshqa ko‘plab masalalar yechimi — ochiq O‘zbekiston oldidagi istiqbollar xususida mutaxassislar endilikda jo‘r ovozda gapirmoqdalar.

Agar O‘zbekiston kelgusi yildan boshlab iqtisodiy munosabatlardagi cheklovlarni bosqichma-bosqich bekor qilib borsa, butun Farg‘ona vodiysi tamomila boshqacha ko‘rinishga keladi", — deb yozgan muallif.

"Axir, endilikda turli mamlakat fuqarolariga aylangan aholi o‘rtasida qarindoshchilik rishtalari sobiq Ittifoq davridan buyon saqlanib keladi", — deya qo‘shimcha qilgan u.

Shishkarayevning yozishiga qaraganda, O‘zbekiston va Qirg‘iziston aloqalari 2005-yilda barbod bo‘la boshlagan. Bir-biriga qo‘shni ikki mamlakat o‘sha yildan boshlab chegara yaqinidagi savdo imkoniyatlarini sekin-asta yo‘qqa chiqargan.

Nazorat-o‘tkazish punkti - Sputnik O‘zbekiston
Ungar-Too hodisasidan so‘ng: O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘z chegaralarini yana ochdi
"Ular o‘z fuqarolariga bu holatni "mamlakat ichki bozorini Qora-suv shahridan kirib kelayotgan Xitoy mollaridan himoyalash" deya izohlagan edilar. Shu paytga qadar mahalliy darajadagi har qanday aloqalarga chek qo‘yilgan edi, faqatgina chegarachilarimiz hasadga loyiq darajada tez-tez, u ham bo‘lsa biron hodisa yuzasidan uchrashib turardilar", — deb yozadi u.

"To‘g‘ri, mamlakatlar o‘rtasida iqtisodiy munosabatlar saqlanib qolingan edi, ammo ular ko‘proq "orqavarotdan" amalga oshirilardi: tovarlar chegaralardagi rasmiy nazorat punktlari orqali emas, balki "maxsus" yo‘llaklardan "kontrabanda" mollar sifatida tashilardi", — deb qo‘shimcha qiladi muallif.

Maqola muallifining yozishiga qaraganda, chegaraning ikki tomonida o‘z qarindoshlari bilan aloqalarni yo‘qotgan odamlar ayniqsa bundan ko‘p jabr ko‘rgan. "Chegarani kesib o‘tish uchun chegarachilarga dafn marosimi yoki to‘yga chaqirilgan telegramma-taklifnomani taqdim etish lozim edi. Ammo bu ham chegaradan o‘tishga ruxsat uchun kafolat bo‘la olmasdi", — deb yozadi Shishkarayev.

Uning so‘zlariga qaraganda, O‘zbekistonga kirib keladigan Qirg‘iziston fuqarolari uchun mamlakat hududida vaqtincha yashash tartibi qat’iylashtirilgan. "Bizning fuqaro albatta mehmonxonada joylashishi, militsiya uchastkasida ro‘yxatdan o‘tishi va qarindoshlarinikida o‘n bir kechadan ortiq qolmasligi lozim edi".

Bunday sharoitlarda, tadbirkorlik faoliyati nari tursin, hatto, qarindoshchilik rishtalarini ham saqlab qolish murakkablashdi, deb yozadi muallif.

O‘zbekistonning muvaqqat prezidenti Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston
Mirziyoyev: Bishkek bilan munosabatlarimiz o‘zaro manfaatlarni hisobga olgan holda rivojlanadi
Qo‘shnilarning rasmiy tadbirlari ham endilikda alohida kechgan, "falon yillardagi" kabi birgalikdagi madaniy-ommaviy va sport tadbirlariga o‘rin qolmagan edi. "Hatto, tuman va viloyat ma’muriyati rahbarlari ham o‘zaro munosabatlarni batamom uzishga majbur bo‘lgan. O‘zbekiston bizning viloyatlar tomonidan yo‘llanadigan takliflarni inkor etar, ammo o‘zi ham biz tomonni ha-deganda taklif qilavermas edi. Shu bois, ma’muriy-tashkiliy munosabatlar ham ancha pasayib ketdi", — deb yozadi muallif.

Ammo sentabr oyi boshida, O‘zbekiston tomon Qirg‘izistonning uchta yirik viloyatidan delegatsiya a’zolarini Andijonga taklif qilgan vaqtdan boshlab hammasi o‘zgargan. "Natijada, 1-oktabr kuni mamlakat Bosh vaziri o‘rinbosari Muxammetkalim Abulgaziyev boshchiligidagi Qirg‘iziston Respublikasi rasmiy delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasining Andijon viloyatiga do‘stona tashrif uyushtirdi. Buni tarixiy voqea sifatida qabul qilish kerak", — deb yozadi muallif.

"Keyingi o‘n bir yilda birinchi marta Qirg‘iziston rahbarlari, madaniyat, san’at va sport arboblaridan iborat 130 kishilik delegatsiya O‘zbekistonga safar qildi. Toshkent tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirga O‘zbekiston Bosh vaziri birinchi o‘rinbosari Adham Ikromov mezbonlik qildi. Uchrashuvda tomonlar ikki davlat munosabatlarini yaxshilash to‘g‘risidagi memorandumni imzoladi

Bu uchrashuv ochiq va ijobiy ruhda kechdi. Delegatsiya region hayoti bilan chambarchas bog‘liq jabhalar bilan yaqindan tanishdi, shuningdek, qo‘shni region vakillari bilan uchrashdi. Xususan, bu uchrashuv uchun Andijonga Namangan va Farg‘ona viloyat vakillari kelgan edilar. Davlat va mahalliy idora xodimlari bir-birlari bilan tanishib, istiqbolda munosabatlarni rivojlantirish borasida kelishib oldilar.

Abdulaziz Kamilovning Almazbek Atambayev bilan uchrashuvi - Sputnik O‘zbekiston
MDH sammitidan oldin Kamilov Atambayev bilan uchrashdi
Endilikda to‘p biz tomonda va O‘sh yoxud Jalolobod ham (qanchalik noodatiy jarang topmasin) do‘st O‘zbekiston viloyatlaridan delegatsiyalarni qabul qilishi mumkin. Ammo, shuni aytish lozim-ki, munosabatlarning yangilanishi nafaqat iqtisodiy ko‘rsatkich, balki, xalqlarimiz o‘rtasidagi mustahkam yaxshi qo‘shnichilik, ba’zan hatto qarindoshchilik rishtalariga asoslangan munosabatlar uchun ham kerak. Qolaversa, bu do‘stlik asnosida odamlarning joniga tegishga ulgurgan chegaraga doir muammolar ham o‘z yechimini topsa ne ajab…

O‘zbekistonning yangi hukumati qo‘yayotgan so‘nggi qadamlardan kelib chiqqan holda, mintaqa uchun muhim ahamiyat kasb etishi kutilayotgan 2017-yilni kutib qolamiz", — deya o‘z maqolasiga yakun yasagan muallif.

Muallif fikri tahririyat nuqtayi-nazaridan farq qilishi mumkin.

Yangiliklar lentasi
0