TOShKENT, 3 okt — Sputnik, Mariya Sheludakova. Siyosatshunos Ajdar Kurtov Afg‘oniston va Markaziy Osiyodan migrantlar oqimining kuchayishi bilan bog‘liq holatni bartaraf etish yo‘lini aytdi – hududda yangi ish o‘rinlarini yaratish zarur.
Chegaralarni yopish va Markaziy Osiyo davlatlari bilan viza rejimini joriy etish Rossiyaga migratsiya muammosini hal qilishda yordam bermaydi, dedi Rossiya strategik tadqiqotlar instituti eksperti Ajdar Kurtov Sputnik muxbiri bilan suhbatda.
2016 yilda rossiyalik deputatlar Afg‘onistondagi vaziyatning keskinlashuvi sababli migrantlar oqimining kuchayishidan xavfsirab bir necha marta Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan chegaralarni yopishni taklif qilishgandi.
Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova shanba kuni chegaralarni yopish noto‘g‘ri qaror bo‘lishini bildirgan va mamlakatlar o‘rtasida aloqalarni yaxshilashga chaqirgan, zero integratsiya "terrorizm va ekstremizm xavfini uzoqlashtirishini" qayd etgandi.
"Markaziy Osiyo mamlakatlaridan Rossiyaga migrantlar oqimining kuchayishi ehtimoli juda kam, — deb hisoblaydi Kurtov. — 1990-yillardagi vaziyatdan farqli o‘laroq, hozirda toliblar butun mamlakat hududini nazorat qilishmayapti va shimolga, Markaziy Osiyo tomonga yurish haqida gapirishmayapti".
Siyosatshunos 1990-yillar o‘rtalarida Afg‘onistonda anchagina keskin vaziyat paydo bo‘lganini – toliblar Qobulda hukumat tepasiga kelishgani va o‘z hokimiyatlarini butun mamlakat hududiga joriy etishganini eslatdi. O‘shanda Afg‘onistondan sobiq sovet davlatlari hududiga qochoqlarning kirib kelishi kuzatilgan, Markaziy Osiyo davlatlari chegaralariga jangarilarning ham yaqinlashishi kuzatilgandi, dedi Kurtov.
O‘shanda, dedi u, qochoqlar oqimi xavotirli bo‘lmagan. Gap millionmas, bir necha ming kishi haqida borgan: "O‘shanda katta xavf paydo bo‘lmagan va hozir ham bo‘lmaydi". Oqim asosan Rossiya emas, Tojikiston tomonga bo‘lgan.
"Biroq Afg‘onistondan bo‘ladigan tahdid Rossiyaga ushbu davlatdan emas, balki Markaziy Osiyo respublikalaridan qochoqlar yoki migrantlar oqimiga sabab bo‘lishi mumkin. Lekin migratsiyaning asosiy sababi hududda xavfli tahdid paydo bo‘lgani sababli u yerdan qochish emas, balki pul ishlash bo‘ladi", — dedi ekspert.
Chegaralarni yopish nazoratsiz mehnat migratsiyasi xavfini bartaraf etmasligiga Kurtovning ishonchi komil. Aksincha, ta’kidladi u, Markaziy Osiyo mamlakatlari aholisining aksariyat qismi Rossiyada ishlash uchun noqonuniy yo‘llarni qidira boshlaydi.
Biroq buni hal qilishning yo‘li bor — bu mamlakatlar fuqarolari ishlagani chetga chiqib ketishlarining oldini olish uchun hududda yangi ish o‘rinlarini yaratish lozim.
"Rossiyaning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasidagi integratsion siyosati o‘zaro hamkorlikda xususan, Markaziy Osiyo hududida yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan, — dedi siyosatshunos. — Shu tarzda migrantlar oqimi kamayadi, aholi sharoitlar har doim ham qulay bo‘lmagan chet davlatda emas, o‘z uylarida ishlashni ma’qul ko‘rishadi".
Moskvadagi Xovan qabristonida yuz bergan to‘qnashuvdan keyin rossiyalik deputatlar ilk bor chegaralarni vaqtinchalik yopish zarurati haqida gapirishgandi. Rossiya davlat dumasi vitse-spikeri Igor Lebedev o‘shanda migrantlarni qabul qilishda tanaffus qilishni taklif etgandi.
Afg‘onistondagi vaziyat keyingi oylarda sezilarli ravishda yomonlashdi. Ilgari mamlakatning qishloq joylarini egallab turgan "Toliban" radikal guruhi yirik shaharlarga hujum qilishga o‘tdi. Shuningdek, mamlakatda “ID” terrorchilik guruhining ta’siri kuchaymoqda.