TOShKENT, 28 sen – Sputnik. Bugungi kunda sobiq Ittifoq mamlakatlariga iqtisodiy ittifoq kerakligiga hech kim shubha qilmaydi, deydi Belorussiyalik iqtisodchi Yelena Semak.
Shuning uchun ham sobiq Ittifoq mamlakatlari o‘zaro iqtisodiy hamkorlik qilishdan boshqa iloji yo‘q, lekin ushbu ittifoq qanday ko‘rinishda bo‘lishi kerak? Kim kim bilan ittifoq tuzishi kerak?
Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining shakli bugungi kunda quyoshni eslatadi. Barcha a’zo mamlakatlar Rossiya bilan kuchli iqtisodiy aloqalarga ega, lekin ittifoqning boshqa mamlakatlari orasida aloqalar haqida bunday deb bo‘lmaydi. Misol uchun: Qozog‘iston va Rossiyaning o‘zaro iqtisodiy aloqalar kuchli, Armaniston va Rossiyaniki ham, lekin Qozog‘iston va Armaniston orasida iqtisodiy aloqalar juda sust. Qozog‘iston va Belarus orasida ham iqtisodiy aloqalar sezilar-sezilmas.
Buni oddiy misolda tushunish mumkin: siz ishlab chiqargan mahsulotni faqat bitta xaridor bo‘lgan bozorda sotish yaxshimi yoki bir necha xaridorlar bo‘lgan bozorda? Har bir mamlakat iqtisodiy aloqalari xilma-xil va hamkorlar soni ham mumkin qadar ko‘proq bo‘lishi kerak. Diversifikatsiya va raqobat har doim iqtisod va jamiyat foydasiga ishlaydi.
Ikkinchi masalaga kelsak bu iqtisodiy munosabatlarning siyosatdan ustunligi. Siyosat qanchalik kuchli bo‘lmasin, iqtisodiy aloqalar baribir undan ham kuchliroq, davomiyroq.
Butun dunyo tajribasi, yetuk iqtisodchilar hech bir mamlakat yakka tartibda rivojlana olmasligini, iqtisodiy integratsiya muqarrar ekanligini ta’kidlashmoqda. Gap faqat kim bilan ittifoq tuzishda. Qaysi mamlakat bizga ko‘proq nafaqat iqtisodiy balki geoiqtisodiy o‘sish imkonini berishi mumkinligida…