TOShKENT, 23 avg — Sputnik. XXI asr insoniyat uchun juda ko‘p salbiy unsurlarni olib keldi: terror balosi, giyohvandlik, odam va qurol savdosi, fohishabozlik, missionerlar nayranglari…
Keyingi yillarda ayniqsa odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar jiddiy tashvish va xavotirlarni keltirmoqda.
Uydan chiqqancha dom-daraksiz ketdi
Ertalabki 6.30. Moskva janubi-sharqidagi "Sadovod" bozori. Bu yerga har kuni Maxachkaladan avtobuslar qatnaydi. Ana shu avtobuslarning birida bugun Dog‘istonning Sergokalla qishlog‘ida mehnat qulligida saqlangan Yaroslav Yaremchuk keladi.
Yaroslavni kutib olishga "Alternativa" ("Muqobil" ma’nosida, tahr.) harakati faoli Aleksey bilan yo‘l oldim. Aynan Aleksey erkakning ozod qilinishida katta hissa qo‘shgan, deb yozadi RIA Novosti muxbiri Viktoriya Salnikova. Yaroslav omadi kulgan yigitlardan ekan — u qullikda ko‘p saqlanmadi. "Shunday voqealarni bilamanki, odam 16-yil mobaynida qullikda bo‘lgan. Pasporti eski, sobiq Ittifoq davrida olingan bo‘lgani uchun, birorta bazada u haqida ma’lumot bo‘lmagan", — deb hikoya qiladi Aleksey.
Yaroslavni ko‘p kutib qolmadik. U yonida hamrohi bilan keldi — yo‘l davomida Yaremchukning boshidan kechirganlarini tinglab kelgan haydovchi Alekseydan yordam so‘ramoqchi bo‘lib, qahramonimizga ergashib kelgan ekan. Haydovchi o‘n yil oldin ukasi uydan chiqib, dom-daraksiz ketganini so‘zlab berdi. "Volgogradga ketapman degandi. Shu bo‘ldi qaytib kelmadi. Balki ukam ham qul savdosi qurboniga aylangandir…" — erkak o‘z gapini tugatolmadi, ko‘zlaridan yosh qalqdi. Bunga o‘xshash taqdirlar o‘n minglab topiladi…
Moskvaga viloyat va chet regionlardan kelganlar, qoidaga muvofiq, eng "zaif" qatlam hisoblanadi. Ular katta shaharlardagi hayotga moslashmagan, shu bois "otning kallasidek" maosh haqidagi chiroyli gap-so‘zlarga uchag‘on bo‘lishadi.
Viktoriyaning yozishiga qaraganda, bo‘lajak qullar vokzalning o‘zidayoq "talon-taroj" qilinadi. Bitta odamning bahosi — 15-20 ming rubl. "Ba’zan ularni hushidan ketguncha ichirib, o‘likdek holatda olib ketishadi, ammo ko‘pincha odamlar ixtiyoriy ravishda birga ketishga rozi bo‘ladilar", — deb yozadi muxbir. Qullarni hech kim aynan bir regionga biriktirmaydi — majburiy mehnatdan xuddi Kavkazda singari, Lipesk viloyatida ham foydalanishlari mumkin.
Yaroslav Dog‘istonga o‘z xohishi bilan va birinchi marotaba borayotgani yo‘q. Besh yil oldin u Kaspiyskdagi g‘isht zavodiga ishga joylashgan edi. Uch yil ishlab, mehnati uchun 30 ming rubl haq olib, uyiga qaytdi.
Erkak pul haqida gapirar ekan, uning ovozida norozilik ohangi sezilmadi, u go‘yo o‘z maoshidan rozidek edi.
"Dog‘istonga yana bir bor borishga qaror qildim. Yana Kaspiyskka yuborishadi deb o‘ylagandim. Ammo meni Sergokallaning tog‘li hududida joylashgan bir g‘isht zavodiga olib kelib tashlashdi. Shart-sharoit juda og‘ir edi. O‘tgan gal tushlikka ham suyuq, ham quyuq ovqat, besh litrlab choy (issiq edi axir) berishgan bo‘lsa, endi esa… Bir safar tushlik vaqti 1,5 litrlik idishni olib borgandim, ovqat tarqatayotgan ayol menga xuddi telbaga qaragandek baqraydi. Yarmigacha to‘ldirib, "boshqa yo‘q, kelma", deya o‘dag‘aylab berdi. Ikki hafta zo‘rg‘a chidadim, qochdim", — deya hikoya qiladi Yaroslav.
Ammo, qochishga kelganda, qahramonimiz yo‘l topolmay qoldi. Hujjatsiz, pulsiz, tanish bilishlarsiz qayoqqa ham borish mumkin!? Tez orada erkak qo‘lga olindi va bu gal podachilik qilishga yuborildi. Yana qochdi, ammo bu safar shunday "xo‘jayinga" tushdiki, bir yilgacha o‘sha joylarda qolib ketdi. Yaroslavning so‘nggi egasi Gadji ismli dog‘istonlik bo‘ldi.
"Gadji oldingi "xo‘jayinimdan" olib ketgani kelganida, "sen qo‘y boqasan, men esa — sigir", deb aytgan edi menga. Natijada, ikkala podani ham o‘zim boqishimga to‘g‘ri keldi. Qo‘ylar bir tomonga qarab chopadi, sigirlar ikkinchi. Qay birining ortidan yugurishni bilmayman! Kechqurun mendan talab qilishadi, axir! Gadjidan meni uyga qo‘yib yuborishini iltimos qilardim, ammo u "ikki yil ishlab bersang, qo‘yvoraman", deb rozi bo‘lmasdi. Yo‘l haqini ko‘tarishga, hujjatlarni tiklashimga yordam berishini aytardi. Maosh haqida esa lom-mim demasdi. Bu, albatta, meni ranjitardi, ammo qo‘limdan nima ham kelardi? Qayoqqa qochardim — qochadigan joyim ham yo‘q edi… Biridan qochsang — ikkinchisiga tutilasan — undan ham battariga", — deb hikoya qiladi Yaroslav.
Yaroslav shu yerda Dog‘istonda tanishib qolgan bir odam haqida esladi. "U kunduzi cho‘ponlik qilardi, kechasi esa qochib ketmasligi uchun "xo‘jayini" uni zanjirband qilar ekan, o‘zim menga gapirib bergan".
"Gadjining uyida sigirlar sog‘iladigan og‘ilda yashaganman. Mening hatto televizorim bor edi. Bir kunda bir mahal — kechqurunlari ovqat berishardi. Ba’zan kolbasa ham tegib qolardi. Ko‘pincha sho‘rva bilan siylashardi. Cho‘miladigan joy yo‘q edi. Tong sahar to‘rtdan quyosh botguncha dam olishlarsiz ezib ishlatishardi", — deydi Yaroslav.
Mahalla posboni Gadjining uyiga tekshiruvlar bilan kelib turgan. Dog‘istonlik posbonning kelishi haqida oldindan xabardor bo‘lgani uchun tekshiruv kuni Yaroslavni yashirar ekan. "Qul" bu kabi hatti-harakatlarga ko‘nikib ketgan emasmi, taqdirga tan berib, hatto qarshilik ko‘rsatmagan. "Xo‘jayin"ning oldiga "Alternativa" faollari va politsiyachilar kelgan kuni, "quldor" ularga Yaroslavning o‘rniga qo‘yni olib ketishni taklif qilgan.
Sehr-jodu ham "ish bergan"
Majburiy mehnatning yana bir turi — intim xizmatdir. Albatta, mehnat qullariga nisbatan qizlarning narxi birmuncha yuqori, — 70-150 ming rubl atrofida. Yollovchilar ikki yoqlama ish qilishadi — Rossiyaga qizlarni olib kirish va rus qizlarini xorijga sotish bilan shug‘ullanishadi.
"Ganalik bir qiz bor edi. Uni Rossiyaga olib kelib, fohishalik bilan shug‘ullanishga majbur etishgan. Qizni ozod qilganimizda, vudu (sehr-jodu turi, tahr.) tufayli o‘z "egalarini" tark etishga qo‘rqqan. "Xo‘jayin" qizga "Agar qochsang, butun oilangni sehr yordamida o‘ldiraman", — deya po‘pisa qilgan ekan. Ko‘ngilli ishchimiz bolalar o‘yinchoqlari sotiladigan do‘kondan shaqildoq xarid qilib, qizni chir aylantirib urib chiqib, "mana endi sehr-jodudan xalos bo‘lding, — deb aytishga majbur bo‘lgan", — deb esga oladi "Alternativa" harakati rahbari Oleg Melnikov.
Rus qizlari chet elga o‘z xohishlari bilan ketadilar. Ular qisqa muddat ichida boyib ketishni orzu qilishadi.
"Qarang-a, ayollar orasida Turkiyaga borib idish-tovoq yuvib, oyiga minglab yevro ishlash mumkinligiga ishonguvchilar bor ekan. Aslida esa, kelishlari bilan hujjatlari tortib olinadi va fohishalik qilishga majbur etiladi", — qo‘shimcha qiladi Melnikov.
Qullik va migratsiya
Zamonaviy qullik ko‘rinishi xilma-xil bo‘lgani bilan mag‘zi bitta — insonni uning irodasiga qarshi ishlashga majbur etish. To‘g‘ri, kishiga maosh to‘lanishi ham mumkin, ammo berilayotgan oylik ish haqi uning faqat ovqatiga va ishga yetib olishiga yetarli darajada bo‘ladi, xolos. Rossiyaga MDH davlatlaridan kelayotgan migrantlar ana shunday holatga tushishadi ko‘pincha.
Jobir to‘rt yarim yildan buyon Moskvada ishlaydi. U o‘tgan yil bir qurilish firmasiga ishga joylashguniga qadar ish beruvchilar bilan muammolarga duch kelmagan. Ishga rasman — mehnat shartnomasi orqali joylashgan. Falokat shundaki: og‘zaki ravishda unga bir maosh va’da qilingan bo‘lsa, hujjatda boshqa — ancha kam oylik ko‘rsatilgan.
"Menga 5 oygacha maosh to‘lashmadi. Boshqa quruvchilar bilan birgalikda direktorning oldiga kirib, undan hech bo‘lmasa ijara haqi va patent to‘lovi uchun pul so‘raganimizda, u bizga "bu senlarning muammolaring", deb javob qaytardi. Aytishiga qaraganda, bosh rahbar uning hisobiga pul o‘tkazmagan emish. Bosh rahbargacha chiqdik, natijada, pul o‘z vaqtida o‘tkazilgani oshkor bo‘ldi", — deya hikoya qiladi Jobir.
"Bir oylik chiqimimiz 20 ming rublni tashkil qiladi — ijara haqi, patent uchun to‘lov, yo‘l harajatlari. Shularni qoplash uchun qarindosh, tanishlarimizdan qarz olganmiz. Endi esa qanday qaytarishni o‘ylab, boshimiz qotapti", — qo‘shimcha qiladi Jobir.
Sobiq ish beruvchi esa telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bermay qo‘yganiga ancha bo‘lgan. U allaqachon g‘oyib bo‘lgan bo‘lishi ehtimolga ancha yaqin (balki Kanar orollarida dam olayotgandir bu vaqtda).
Nima qilmoq kerak?
Qullik to‘g‘risidagi jinoiy ishlar — hamisha murakkab. Bu kabi ishlar bilan shug‘ullanuvchi advokatlarga ishlab chiqilgan huquqiy asoslar kamlik qiladi. Quldorlarning "aybini" bo‘yniga qo‘yib berish — juda murakkab ish.
"Moddalar xom ishlangan va oxiriga yetkazilmagan. Ko‘pchilik — biz ularni kishanda saqlamaganmiz, deb aytadi! Ammo qullik tarixida qullar hech qachon bir joyga kishanlab qo‘yilmaganini, ular erkin harakatlanganini sizlarga eslatib o‘tmoqchiman. Xalqaro mehnat tashkilotida qullikni aniqlaydigan bir qancha punktlar bor — bu ruhiy va jismoniy ta’sir o‘tkazish, hujjatlardan mahrum qilish, maoshni bermaslik va hokazolardir. Ammo bunday holatlar tufayli jinoyat ishlari juda kam qo‘zg‘atilgan, oxiriga yetkazilgan ishlar esa barmoq bilan sanarli darajada", — deydi Melnikov.
Suhbadoshning so‘zlariga qaraganda, "Alternativa" faollari bir yilda 150 nafargacha odamni qullikdan xalos qiladi. Ammo bu raqam kuniga qul savdosi qurboniga aylanayotgan odamlar ko‘rsatkichidan ham kam.
"Odamlarni qo‘rqitishadi, do‘pposlashadi. "Quldorlarga" bandilikda saqlanayotgan odamlarni ushlab turish uchun "devor" ham shartmas. Noma’lum regionga olib borib, hujjatlar tortib olinsa, bo‘lgani. Agar "tirik tovar" kasal bo‘lib qolgudek bo‘lsa, uni chalajon holatda ko‘chaga haydab solishadi. O‘zbekistonlik bir kishini 12 kun qaradik, ammo u o‘ziga kelmadi, vafot etdi", — qo‘shimcha qiladi Melnikov.
"Isbot-dalillar, ekspertiza natijalari, hujjatlarni to‘plash uchun juda katta kuch sarf qildik. Odamlarni kasalxonalarga olib borib, ishchilar joylashtirilgan joy ularning sog‘lig‘iga o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatganini isbotlovchi xulosalarni oldik. Oxiri nima bo‘ldi? Oxiri bizga bu ish yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilishi bo‘yicha to‘qqiz marotaba rad javobi berildi", — deydi suhbatdosh.
Do‘kon egalari esa hamon ozodlikda.