TOShKENT, 10 fev — Sputnik. Mamlakatimizda odam savdosi bilan shug‘ullangan to‘rt jinoyatchi ustidan sud hukmi o‘qildi. Ular tomonidan “jonli” tovarning oxirgi partiyasi 2015-yil may oyida Qozog‘istonga yetkazib berilgan, deya xabar berdi Sputnik muxbiriga huquqni muhofaza qilish organlaridagi manba.
Qozog‘iston va Rossiyaga “jonli” tovar yetkazib berib turgan to‘rt kishidan iborat jinoiy guruh o‘z faoliyatini juda puxta yo‘lga qo‘yilgan sxema orqali amalga oshirgan: guruhning har bir a’zosi o‘z “uchastkasi” uchun javob bergan.
Jumladan, Fazliddin Husanov chet elda ishlab kelish ishtiyoqida bo‘lganlarning ro‘yxatini tuzish bilan shug‘ullangan. U bu ish uchun alohida jurnal tutib, o‘ziga xos “ma’lumotlar bazasi”ni yaratgan. Jurnalda migrantning ism va familiyasidan tashqari, uning safarga jo‘nash sanasi hamda belgilangan manzilga qachon yetib borganligi haqida ma’lumotlar qayd etib borilgan. “Buxgalterlik” vazifasini ham Fazliddin Husanov olib borgan. Jurnaldagi ma’lumotlarga qaraganda, barcha chiqim va tushum qat’iy nazorat ostida bo‘lgan.
“Asosan Farg‘ona vodiysidan keladigan fuqarolarni poytaxtning belgilangan manzillarida to‘plash uchun Toshkent shahar IIB navbatchilik bo‘limi sobiq xodimi Qobil Tolipov mas’ul bo‘lgan. Uning yordamchisi tuzgan ro‘yxatga ko‘ra, Tolipov odamlarni “Qo‘yliq” bozori yaqinida to‘plagan va o‘ziga tegishli Damas rusumli avtomobilda o‘zbek-qozoq chegarasidagi nazorati punktiga qadar olib borgan”, — ta’kidlaydi suhbatdosh.
Jinoiy guruhning yana bir a’zosi Hasan Fayziyev jinoiy biznesda alohida rol o‘ynagan. U mehnat migrantlarini “G‘isht ko‘prik” tamojnyasidan olib o‘tib, qozog‘istonlik sheriklar qo‘liga topshirgan. Qozog‘istonda ishning qolgan qismi bilan Jamila ismli ayol shug‘ullangan. Bu ayol nazoratida O‘zbekiston fuqarolari kelishilgan joyda qonunga xilof ravishda chegarani buzib o‘tib, Rossiyaga kirib borishgan.
Fayziyev huquqni muhofaza qilish organlarida tanish-bilishlarga egaligi sababli, jinoyatchilar ma’lum vaqtgacha javobgarlikka tortilishdan saqlanib kelganlar.
Yuqorida sanab o‘tilgan jinoyatchilar Toshkent viloyatidan bo‘lib, ularning hech biri doimiy ish joyiga ega emas.
Jinoiy guruhning to‘rtinchi a’zosi Olimjon Ortiqboyev odamlar to‘planadigan va vaqtincha yashaydigan punktlarda “nazoratchi” rolini bajargan. Barcha punktlar Toshkent viloyati hududida joylashgan. 29 yashar Rahmatulla Qalandarovni o‘ziga sherik qilib olgan Olimjon Ortiqboyev O‘zbekiston viloyatlaridan “jonli” tovarlarni yetkazib berish bilan shug‘ullangan.
O‘z faoliyatini yuqorida aytilgan sxemada amalga oshirgan jinoiy guruh 2013-yildan 2015-yilga qadar talaygina mehnat migrantlarini chet elga yuborishga muvaffaq bo‘lgan. O‘rtakashlarning har biri o‘z xizmati uchun mo‘maygina daromadni qo‘lga kiritgan.
Jinoyatchilar tomonidan “jonli” tovarning oxirgi partiyasi 2015-yilning may oyida Qozog‘istonga yetkazib berilgan. Aynan shu vaqtda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari qo‘shni davlatga fuqarolarni noqonuniy yo‘l bilan yetkazib berish kanalini aniqlab, bartaraf etishga muvaffaq bo‘lishgan. Avvaliga Tolipov, Fayziyev va Husanov, sal vaqt o‘tgach, Ortiqboyev va Qalandarov qo‘lga olingan.
Sud jarayoni davomida jinoyatchilar to‘liq o‘z aybiga iqror bo‘lib, qilgan ishlaridan pushaymon ekanliklarini bildirganlar. To‘rtala jinoyatchi ham O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq javobgarlikka tortildi.
Tan olish kerak, dunyo miqyosida tobora dolzarb muammoga aynalayotgan odam savdosi muammosidan mamlakatimiz ham holi emas. Mazkur muammoning oldini olish, unga qarshi kurashish, odam savdosi jabrlanuvchilarini har tomonlama himoya qilish borasida bir qator normativ-huquqiy hujjatlar bazasi yaratilgan. Xususan, 2008-yil 17-apreldagi O‘zbekiston Respublikasining «Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida» gi Qonunining ijrosi kun tartibidagi muhim vazifalardan biriga aylangan.