TOShKENT, 17 avg — Sputnik. Chorak asr vaqtdan buyon sobiq barcha sovet respublikalari o‘z rivojlanish yo‘lidan bormoqda. Mustaqillik yillari O‘zbekistonga barcha sohalarda tub o‘zgarishlarni in’om etdi. Shu tariqa, SSSRsiz 25-yil davr mobaynida mamlakatda ijodkor kasbiga ega kishilar — shoirlar, yozuvchilar, rejissorlar, ssenariychilar, rassomlar, haykaltaroshlar, artistlar, xonandalar, jurnalistlar uchun ulkan imkoniyatlar paydo bo‘ldi.
Mustaqillik yillari mahalliy televideniga nima bergani, u oyoqqa turishda qanday yo‘lni bosib o‘tgani, umuman, TVdagi professional diktor obrazi qay darajada o‘zgargani haqida o‘z fikr-mulohazalari bilan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, "Axborot" xabarlar dasturi diktori Galina Melnikova Sputnik O‘zbekiston muxbiri bilan o‘rtoqlashdi.
- Galina Vitalyevna, aytingchi, "Axborot" o‘sha paytda qanaqa bo‘lgan?
— U paytlarda hammasi boshqacha edi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri efir bor edi. Hozir bu narsa televideniyeda umuman yo‘q. O‘sha paytlarda O‘zbekistonda bitta kanal faoliyat yuritar edi, keyin ikkinchi kanal paydo bo‘ldi. Shu tarzda bu ikki kanal uzoq vaqt faoliyat yuritdi. Men birinchisida ham, ikkinchisida ham ishlab ko‘rdim. Yodimda qolgani, mashhur insonlar bilan ko‘plab kutilmagan uchrashuvlar bo‘lgan. Qayerda bo‘lganimu, nimalar qilganlarimni hammasini sizga aytib berolmayman, vaqt yetmaydi.
Ishim yuzasidan Kreml qurultoylar saroyi, yulduzlar shaharchasida o‘tgan konsertlarda bo‘lganman. Hozirgi teleboshlovchilar, albatta, respublika miqyosida ishlaydilar.
Misol uchun, "Axborot"ga tayyorgarlik ko‘rayotgan vaqtingizda, kutilmaganda, bir guruh kosmonavtlar tashrif buyuradi. Ular orasida eng taniqlisi Rukavishnikov Nikolay Nikolayevich edi. U kishini menga tanishtirib, "Bu insondan intervyu olasan!", deyishdi. Gap qaytarib bo‘larkanmi? Savollarni muhokama qilib olgach, u kishiga uzrimni aytishga majbur bo‘lganman, sababi bu vaqtda 20 daqiqalik to‘g‘ridan-to‘g‘ri dasturim bor edi-da. Komissiya esa Rukavishnikov kutmasligini aytib, fazogirlarning dublorlari bo‘lishini ta’kidlab, o‘shani chaqirishni buyurdi. Nikolay Nikolayevich esa dublordan voz kechib, kutishini ma’lum qildi.
Xullas, bu kabi holatlar juda ko‘p bo‘lgan.
Shostakovich bilan bog‘liq intervyuda ham shunday bo‘lgan. Suhbatdoshni olib kelib, kutilmaganda shu bilan suhbat qilasan deyishadi. O‘tirdik, u kishining faoliyatini chuqur bilmaganim uchun, gapni nimadan boshlashni bilmayman. Ammo shunday sharoitda ham Shostakovich bilan kelishib olib, so‘ngra efirga chiqdik.
- Birinchi intervyuingiz yodingizdami?
— Albatta. Mayya pliseskaya bilan suhbatlashganman. O‘shanda professionallikdan juda yiroq qizaloq edim. Pliseskaya o‘shanda mashhurlik cho‘qqisini zabt etgan, kattazang ayol, men esa uni osmonlardan tushgan ma’buda, deya bilguvchi sodda qizaloq. Bu suhbat ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda ketgan, unda mening yuz ifodam juda ham ishonarsiz bo‘lgan.
Odamlar mening oldimga kelib, "diktorlarning o‘zlari bir olamu, ular o‘qiyotgan matn alohida bir dunyo", deya teleboshlovchilardan shikoyat qilishga tushishganda, juda ham havotirga tushaman. Shu bois, menga murojaat qilgan diktorlarga yordam berishga harakat qilaman. Ulardan maslahatimni ayamayman, ularning fikrlash doirasi kengayishi, ular rivojlanishlari uchun to‘g‘ri yo‘nalish ko‘rsataman.
- SSSR tarqalgani haqida e’lon qilingan vaqt yodingizdami? Axir siz bu haqda yangilikni o‘qigan bo‘lishingiz kerak?
— Albatta, bu kabi xabarlar o‘sha vaqtda katta hayajon bilan qabul qilinar edi. Ulkan mamlakat tarqalib borardi, juda murakkab davr bo‘lgan. Ta’minot borasida muammolar boshlangan.
- TVda nimalar ro‘y bergan o‘sha vaqtda?
— Har bir kishida o‘zni yo‘qotish tuyg‘usi bilan birga yangilanish va vaziyatning yaxshilanishiga umid paydo bo‘ldi. E’tirof etish joizki, bu yangilanish o‘zbek televideniyesida hammadan ko‘ra ertaroq ro‘y berdi. Zamonaviy televideniya jihozlari olib kelindi, yangi bino, yangi media-markaz qurilishi boshlandi. Media-markaz juda ajoyib, ko‘ptarmoqli bo‘lib, u yerda filmlarni suratga olish mumkin.
U yerda suratga olinayotgan dasturlarni tomosha qilsangiz, ularning rasmiylashtirilishi nuqsonlarsiz ekanligiga, dekoratsiyalar bilan boyitilganiga va keng studiyalarda suratga olinganiga guvoh bo‘lasiz. Bundan tashqari, zamonaviy, yengil apparaturalar paydo bo‘ldi. Ilgari operator o‘zining yelkasida og‘ir kameralarni tashishga mahkum bo‘lgan bo‘lsa, hozirda bunday muammolar yo‘q, va bu quvonarli, albatta.
Yoritgichlarga keladigan bo‘lsak, ilgari ular shu darajada ediki, teleboshlovchilar shashlikka aylanib qolishiga bir bahya qolardi. Ulkan yoritgichlar hammani teng "ko‘r" qilib qo‘yardi. Hozirda esa yoritish meyorida, ba’zan, nahotki bu nur yaxshi kartina chiqarib bera oladi, degan o‘yga borasiz. Natijada esa hammasi kutilganidek. a’lo darajada chiqadi. Bu esa texnikalarning yanada takomillashganidan darakdir.
Mustaqillik yillari davomida, shuningdek, kanallar soni ortdi. Endilikda har bir kishi o‘zi istagan, ko‘nglidagi narsasini tanlab tomosha qilishi mumkin, ittifoq davrida esa bu narsa yo‘q edi. Bundan tashqari, dasturlar mavzu jihatdan ham yanada boyigan.
Bir so‘z bilan aytganda, televideniyeda keng imkoniyatlar paydo bo‘lgan: qisqa va tez fursatda stajirovka o‘tash, chet elda malaka oshirish imkoniyatlari paydo bo‘lgan. Bu narsa, tabiiyki oldinlari mavjud emasdi.
Ammo, xohlardimki, boshlovchini televideniyeda chiqarishdan oldin ular uchun sinov muddati belgilansa. O‘tmishda, men endi ish boshlagan vaqtlarimda, bizni juda ham murakkab, qiyin shartlar asosida tanlab olishgan. Bunday tanlovlar hozirgi yoshlarning tushiga ham kirmagani aniq. Men bir yil davomida maoshsiz ishlaganman. Va shu sinov muddati komillik sari intilishim uchun turtki bo‘lgan. Afsuski, ayni vaqtda bunday tanlovlar mavjud emas. Yoshlarimiz hamma narsaga oson va tez ega bo‘lishmoqda, balki shuning uchundir ba’zan ko‘p narsaning qadriga yetishmaydi.