Kimning nog‘orasini chalyapsan, multiplikator?

© Youtube / Uzbek MultfilmAytsam ishonmaysiz (Multfilm)
Aytsam ishonmaysiz (Multfilm) - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Zamonaviy milliy multfilmlarni tomosha qilasizmi? Men ham yoqtiraman. Yaqinda ularning aksariyati uchun umumiy jihatni anglab qoldim: tasvirda dinamikaning yo‘qligi (lanjlik) va mavzuda aldamchilikning ulug‘lanishi.

TOShKENT, 30-iyul — Sputnik. Birinchi holat – dinamikaning yo‘qligi haqida. "Vaqt – pul", deyishadi. Shu sababli G‘arb animatsiyasida undan unumli foydalanishadi – belgilangan vaqt ichida imkon qadar ko‘proq voqea, tasvir, harakat qamrab olinadi. Voqealar tez, harakatlar epchil. Bizda ham "vaqt – pul!" Lekin buni ijodkorlarimiz asl ma’nosida tushunishadi, chamasi.

Eshitishimizcha, hukumat multfilmlar yaratish uchun jahon standartlari darajasida (vaqt nisbatida) mablag‘ ajratadi. Biroq ijodkorlarimiz hozircha jahon darajasidagi mahsulot yaratmadi. Sababi nima bo‘lsa?

Ikkinchi holat – firibgarlikning ulug‘lanishi haqida.

Yaratilayotgan aksariyat multfilmlar nimagadir firibgarlik, boshqalarni aldash, chuv tushirish haqida. Xususan, afandining uyidagi sotilmagan qoziq; qo‘shnining 999 tangasini olib, uni chuv tushirishi; dehqonchilik orqali raqibini chuv tushirish; bedananing tulkini aldashi; qanoti sinib, urug‘ tashlab ketgan laylak; bo‘taloqqa aylangan qo‘zichoq; bo‘yalgan qovun bilan boylarni aldash haqidagi va yana shularga o‘xshash o‘nlab filmlar… Albatta, ularda ijobiy qahramon salbiylariga yoki sodda kambag‘al xasis boyga firib beradi.

Lekin bolalar ongiga "yomonlarga firib berish yaxshilik", deb singdirish to‘g‘rimikin? Axir "yaxshi" va "yomon" tushunchalari o‘rtasida aniq va uzil-kesil chegara bo‘lmasa. Ko‘pincha har bir inson yaxshi va yomonni o‘z manfaatidan kelib chiqib, belgilaydi-ku! Demak, jamiyatda firibgarlarning ko‘payishi bevosita multfilmlarga ham taqalishi mumkin.

Agar, shu filmlar san’at asari darajasida mukammal bo‘lganda, chidasa, g‘oyaning noqisligiga ko‘z yumsa bo‘lardi!

Yalmog‘iz kampirning sehrli uyi - Sputnik O‘zbekiston
"O‘zbekkino" ilk to‘liqmetrajli multfilmni suratga olmoqda
Qolaversa, bu multfilmlar sobiq sovet tuzumi davrida "xalq og‘zaki ijodi", deb targ‘ib etilgan, aslida sovet tuzumi g‘oyasi singdirilgan ertak va latifalar motivlari asosida yaratilgan. O‘zi, kattalarga mo‘ljallangan latifalar, ertaklar asosida bolalar uchun filmlar yaratish to‘g‘rimikin?!

Kommunistik tuzumning bosh shiori: "o‘g‘irlab topilgan mulkni tala!" bo‘lgani hech kimga sir emas. Shu bois o‘sha jamiyatda ko‘zga yomonroq ko‘ringan kishining bor-budini shilib olish ezgulik sanalgan. Ertak va latifalarda ham bu g‘oya ulug‘langan.

Endi esa, bolalar uchun multfilmlar yaratishga mas’ul shaxslar o‘sha ertaklar asosida bolalarni tarbiyalamoqchi bo‘ladi. Bahonalari ham tayyor – "bular xalq og‘zaki ijodi, (xalq og‘zaki ijodi sifatida XX asrda yaratilgan, yozib olingan, tartib etilgan ijod namunalarini ham bir ko‘r qayta o‘rganib chiqish kerakmikin?), ularni o‘zgartirib bo‘lmasa…"

Holbuki, allaqachon tuzum o‘zgarib, xususiy mulkning daxlsizligi belgilab qo‘yilgan. Multiplikatorlar esa hayotdan, huquqiy tartibdan ortda qolib, milliy g‘oyaning ma’ni-mohiyatini tushunmay, haliyam kommunistik tuzumning nog‘orasini chalib yuribdi.

Haligi latifani eshitganmisiz?

Orkestr tarkibidagi nog‘orachi hech kuyga moslasholmabdi. Nihoyat kuy tamom bo‘lib, dirijor tomoshabinga o‘girilib, ta’zim qilayotganda, u nog‘orasini to‘rt marta daranglatib, «uf, zo‘rg‘a yetib oldim», degan ekan.

Multiplikatorlar o‘sha nog‘orachiga o‘xshab ketadi. Ular ham qachondir yetib olishar, lekin bundan nima foyda, kuy allaqachon rasvo bo‘lgan!

Yangiliklar lentasi
0