TOShKENT, 9 apr — Sputnik. Arbitr sifatida qattiqqo‘l va sovuqqon Ermatov bilan o‘tgan uchrashuv bu inson haqidagi tasavvurimni puchga chiqardi. Kamtar va ziyoli, hatto o‘z mashhurligidan bir oz hijolat sezadigan Ermatov intervyu davomida men haqimda ko‘p yozmang, men shunchaki oddiy hakamman, degan gapni bir necha bor takrorladi.
Ish tamoyili
— Qiziq fakt: Google qidiruv tizimida odamlar sizning qancha maosh olishingizga va tarjimai holingizga doir savollar bilan ko‘p murojaat etishgan. Nima deb o‘ylaysiz, nima uchun odamlar qancha maosh olishingizga qiziqishadi?
— Men hech qachon, hech qayerda oladigan maoshim miqdori haqida e’lon qilmaganman. Maoshim miqdori haqida yozilgan ma’lumotlarning barchasi uydirma, sababi, shartnoma sharti bo‘yicha men oladigan gonorarim miqdorini oshkor qilishga haqli emasman. Bergan va’dam ustida turishga harakat qilaman.
Ba’zan, shuncha ma’lumotlarga ko‘zim tushsa, odamlar fantaziyasiga tan beraman. Lekin hamma har xil. Misol uchun shaxsan men hech qachon hech kimdan u qancha maosh olishi haqida qiziqmayman. Hayotimda hech kimga bunday savol bermaganman.
— 2003-yilda FIFA rahbarligida uchrashuvlarga referilik qildingiz. O‘shanda 25 yoshda edingiz. O‘shanda qanday kechinmalarni boshdan o‘tkazgansiz?
— Ilk marotaba hakamlar qatoriga qo‘shilganimda FIFA referisi bo‘lish haqida orzu qilganman. Kim qanday hakamlik qilishini kuzatganman. Orzuimga erishgach, xalqaro tajribani o‘rgana boshladim. O‘shanda Pyer Luidji Kollin, Markus Merk ismlari tillarda doston bo‘lgan edi. 2002-yilda o‘tgan jahon chempionatida men o‘z-o‘zimga ular kabi bo‘la olamanmi-yo‘qmi, deya savol berganman.
Aynan o‘sha vaqtda, hech bo‘lmasa bir kun, bitta uchrashuvni ular darajasida o‘tkazish maqsadi paydo bo‘lgan edi. Omadim chopdi, FIFAdan ro‘yhatdan o‘tganimning birinchi yilida meni Finlyandiyaga yuborishdi, yoshlar o‘rtasida o‘tayotgan jahon chempionatiga hamkamlik qilishim uchun. Odatda bunday bo‘lmaydi.
U yoqqa borganimda, muayyan topshiriqlar qo‘yilmagandi, shunda o‘zim uchun FIFA masalalari va talablarini o‘rganishni rejalashtirdim. Biz eng old xalqaro instruktorlar bilan bir oy davomida birgalikda ishladik, o‘shandagina hakam kim, u nimani o‘rganishi kerak, nima ustida muntazam ishlashi kerak, hammasini tushunib yetdim. Keyingi to‘rt yil esa men uchun haqiqiy sinovga aylandi. Men 40dan ortiq xalqaro uchrashuvlar o‘tkazdim, shuningdek, endigina ishni boshlayotgan hamkasblarim uchun bir necha seminarlar tashkil qildim. Shundan keyin meni birinchi marta 2010-yilda o‘tadigan jahon chempionati uchun nomzod hakamlar ro‘yhatiga kiritishdi, o‘shanda ich-ichimni to‘ldirib yuborgan his-tuyg‘ularimni haligacha eslayman.
— Siz bir safar "hakam — bu ansambl dirijori, agar u futbolni tushunmasa, o‘yin muhitini his qilmasa, maydonda o‘ynayotgan futbolchilarni o‘rganmasa, — bu muvaffaqiyatsizlikka olib keladi”, degansiz. Har bir alohida o‘yin uchun qanday tayyorgarlik ko‘rasiz? 22 ta shaxsni alohida o‘rganib chiqasizmi?
— Bilasizmi, qoidalar hamma o‘yin uchun bir xildek go‘yo. Ammo amalda esa, qoidalar o‘yinning turli holatlarida turlicha natija berishi mumkin. Hakam o‘yinni nozik his qila olishi, va shunga zarurat tug‘ilgan ekan, o‘yin normal o‘zanda kechishi uchun yagona to‘g‘ri qarorni qabul qila bilishi kerak.
Agar ma’lum bir paytda siz qonunga bo‘ysunib qaror qabul qilsangiz, va bu qaroringiz o‘yin ruhiga mos tushmasa, unda hammasi o‘zgarib ketishi ehtimoli kuchli. Ko‘pincha bu o‘zgarishlar yaxshi tomonga bo‘lmaydi.
Men o‘yin arafasida, har bir futbolchini o‘rganib chiqaman, ular to‘g‘risida ma’lumotlar izlayman, ular ishtirokidagi uchrashuvlarni tomosha qilaman. Shunday o‘yinchilar borki, o‘yin boshidan hakamga halal berishni boshlashadi, uning har bir qaroriga qarshi fikr bildirib, o‘z noroziligini namoyish etadilar. Har bir jamoada shunday futbolchi bo‘ladi. Ammo ularga ham mos “kalit”ni topish mumkin.O‘sha kalitni topib, o‘yinchiga o‘z qarorimni yetkazish va uni ittifoqdoshimga aylantirish — mening vazifam. Bu o‘yin davomida bo‘ladigan holat, shunchaki o‘sha vaqtning o‘zida kimga nima deyishingiz lozimligini his qilasiz.
— Sizning karyerangizda ham mana shunday ziddiyatli paytlar bo‘lganmi?
— Albatta, bo‘lgan. Misol uchun, 2010-yilda JARda o‘tgan Jahon chempionatida men Argentina va Misr uchrashuviga xizmat ko‘rsatganman. Argentinaliklar tarkibida arbitrlar uchun chinakam "trablmeyker" (futbol xuligani, tahr.)— Xuan Sebastyan Veron bor edi. U mening har bir qarorimga o‘z izohini aytar, maydonda imo-ishoralar bilan men chiqargan qarorlardan noroziligini ko‘rsatar edi. Futbolchi shunaqa qiziqqon bo‘lsa nima ham qila olamiz, balki maydondan tashqarida saxiydir, lekin o‘yinda chinakam “zajigalka”.
Bu yerda vaziyatga to‘g‘ri baho berish juda muhim, agar mana shunday har bir norozilik uchun qoidada belgilangandek sariq kartochka ko‘rsatilaversa, o‘yin oxiriga kelib maydonda hakamning bitta o‘zi qoladi. Shu bois, yaxshi hakam maydonda hamisha menejment bilan shug‘ullanadi, futbolchilar unga ishona boshlashlari uchun.
Nima uchun futbolistlar ko‘pdan ko‘p hollarda o‘z noroziliklarini bildirib chiqadilar? Bu futbol, futbol esa – his-tuyg‘u demakdir. Menimcha, o‘sha o‘yinchi hakamni yaxshi bilmaydi, demakki, unga, u chiqarayotgan qarorlarga ishonmaydi. O‘yin boshlanishidagi birinchi 15 daqiqa hakam uchun juda muhim. Agar shu vaqtda u futbolchilar bilan “kontaktga” kirishsa, ular bilan ularning tilida gaplasha olsa, demakki hammasi yaxshi bo‘ladi.
— Uchrashuv tugadi, undan keyinchi?
— Men uchun har bir o‘yin — bu yangi chaqiriq, o‘ziga xos imtihon. Shu bois, har bir uchrashuvdan so‘ng o‘yinni tahlil qilaman. Chunki, uchrashuv davomida maydonda his-tuyg‘ularga berilib, vaziyatni boshqacha ko‘rgan bo‘lishingiz mumkin, o‘yinni qayta tomosha qilgach esa – umuman boshqa ko‘rinish paydo bo‘ladi. Bundan tashqari, maydonda o‘nlab kameralar ishlaydi, rakurslar xilma-xil, men esa bir juft ko‘z, bitta rakursga egaman, shu bois, hamisha hamma joyda ulgurib, to‘g‘ri pozitsiyani topib, bir soniya ichida to‘g‘ri qaror qabul qilishim kerak.
Keyinchalik o‘yinni qayta ko‘rib, tahlil qilish davomida mening pozitsiyam o‘yinning qaysi holatiga juda mos tushgan bo‘lishi mumkinligini anglayman. Mana shu tahlil keyingi o‘yinlarda bugun yo‘l qo‘ygan xatolarimni ertaga takrorlamaslikka imkon beradi.
— Hakam ishi juda murakkab, u hamisha tanqidchilar nishonida turadi. Maydondagi xatolaringiz, OAV va ekspertlar tomonidan bo‘ladigan bosimni qanday yengasiz?
— Inson hamisha o‘z-o‘ziga tanqidiy ko‘z bilan qarashi kerak, deb hisoblayman. Hattoki, atrofingizdagilar sizdan mamnun bo‘lishgan taqdirda ham. Misol uchun men maydondagi ishimdan kamdan-kam holatlarda mamnun bo‘laman. Ichimda hamisha: men bundan ham yaxshiroq qila olishim mumkin edi, degan bir fikr yotadi.
— Hayotda ilohiy bir kuch sizni boshqarayotganini his qilasizmi?
— Menimcha, busiz bo‘lmasa kerak. O‘zingizni ayamay, yuz foiz berilib ishlasangiz, Alloh bu urinishlaringizni ko‘rib, hamisha to‘g‘ri yo‘lga boshqaradi, omadingizni beradi. Inson o‘ziga ishonishi kerak, hakamni faqat manmanlik muammolarga ro‘baro qilishi mumkin.
— Omad boshingizni aylantirib qo‘ymadimi, deb ko‘p so‘rashadimi?
— Javobimni bilasiz. Bu borada hammasi joyida (kuladi).
— Ha, ammo atrofingizdagilar siz haqingizda tinmay afsona-odam, deb gapirib turgan bir paytda qanday qilib mashhurlik kasaliga chalinmaslikni uddalay olayapsiz?
— Oyog‘im hech qachon yerdan uzilmaydi. Qilayotgan ishimdan rohat olaman. Kayfiyatim chog‘ bo‘ladi. Lekin o‘zimni ustun qo‘ymanman hech qachon. Odamlar ko‘pincha arzimagan narsadan shov-shuv chiqarishadi.
— Tabiatan mana shunday kamtarmisiz?
— Borim shu. O‘zimni hamisha tabiiy tutaman. Hammasi tarbiyaga bog‘liq. O‘zbeklarda ajoyib bir maqol bor: "Qush inida ko‘rganini qiladi". Oilamizda hamisha hamma narsa kamtarona bo‘lgan. Dadamlar juda intizomli inson. Shu narsani bizdan ham talab qilganlar.
— Intizom haqida gapirdingiz, demak, tong sahar 6da turasiz va faqat sog‘lom oziq-ovqatni tanovvul qilarkansizda?
— Yo‘q, 6 da turmayman. Hammasi tabiiy tartibda kechadi. Ovqat borasida ham xuddi shunday. O‘zbek oshxonasi – dunyo bo‘yicha eng zo‘r oshxona. Chet mamlakatlariga chiqqan sari shu fikr qanchalik to‘g‘riligiga amin bo‘lyapman. Yaqinda bir xulosani o‘zim uchun kashf qildim, o‘zbekistonliklar chet elga chiqishsa, o‘zga yurt oshxonasiga uzoq vaqt davomida ko‘nikishga majbur bo‘ladi. Chet elliklar esa, O‘zbekistonga tashrif buyurganlarida, palovxonto‘ra bormi, boshqa milliy taomlarimiz bormi, zo‘r ishtaha bilan tanovvul qiladilar.
— Bu yil oilangiz bilan qayerda dam olasiz?
— Men uchun xavfsizlik muhim. Eng xavfsiz joy esa – O‘zbekiston. Ona yurtimda butun oilam bilan dam olishim mumkin bo‘lgan joylar juda ko‘p.
FIFAdagi korrupsiya bilan bog‘liq mojaro
— FIFAdagi so‘nggi poraxo‘rlik bilan bog‘liq mojarolardan so‘ng futbolga nisbatan fikringiz o‘zgardimi? Umuman, bu borada qanday fikrdasiz?
— Men o‘z ishimni bajaraman. Mening yo‘nalishim boshqa. Maydonda o‘z ishimni bajaraman. Bu mojarolar mendan yiroq. Nimalar bo‘lganidan bexabarman. Bu mojarolar haqida faqat OAVlar orqali xabardor bo‘lganman.
— FIFAning yangi rahbari Janni Infantino bilan tanishmisiz? Uning FIFAda islohot o‘tkazish dasturini qanday baholaysiz?
— Ha, men u bilan Dubayda tanishganman, jahonning eng yaxshi referisi unvonini olayotganimda. Uning intervyusini, FIFA kelajagini qanday ko‘rishini tingladim. U mening nazdimda sobitqadam, yaxshi tomonga o‘zgarishlar qilishga qodir insondek tuyuldi. U haqida faqat ijobiy fikrdaman.
— Futbolchilar bilan do‘st tutinganmisiz? Umuman, hakamlar va futbolchilar o‘rtasida do‘stlik bo‘lishi mumkinmi?
— Albatta. Nimaga bo‘lmasin? Maydondan tashqarida do‘stmiz. Futbolchilar orasida do‘stlarim ko‘p. Mmo o‘yin vaqtida, biz professionallarmiz, va har birimiz o‘z ishimizni bajaramiz. Ismlarini aytib o‘tirmayman, birini aytsam, ikkinchisi xafa bo‘lib qolishini xohlamayman.
— Dunyoning eng yaxshi referisi unvoni siz uchun nimani anglatadi?
— Bu menga emas, balki avvalo, ustozlarimga va ota-onamga berilgan unvon. Ular hamma narsani to‘g‘ri qilishgan, shu tufayli men shu yutuqqa erishdim. Men faqatgina ularga quloq tutib, ularning aytganlarini bajarishga harakat qilganman.
Yana bu vaziyatga boshqa tomondan qarab ko‘ring. Bugungi kunda O‘zbekistonda sportchilar shug‘ullanib, natijalarga erishishlari uchun barcha shart-sharoitlar va infratuzilmalar yaratilgan. Barpo etilgan zamonaviy maydonlarimiz bilan faxrlansak arziydi! Agar shu yillar mobaynida amalga oshirilgan ishlarni, davlat bizga qanchadan-qancha mablag‘ tikkanini inobatga oladigan bo‘lsak, biz sportchilar uchun bor kuchimiz bilan shug‘ullanib, natija keltirmaslik — uyat.
— Intervyularingizning birida 2018-yilgi Jahon chempionatida qatnashishni orzu qilishingiz haqida gapirgansiz?
— Ha. Hozirda mening hakamligim ostidagi brigada ushbu chempionatga da’vogarlardan biri hisoblanadi. Yo‘llanmani qo‘lga kiritishimiz uchun juda sermahsul ishlarni bajarishimiz kerak. Agar shunday bo‘lsa, Alloh nasib qilsa, men albatta dadamlarni o‘zim bilan olaman. U kishi anchadan beri Jahon chempionatida bo‘lishni orzu qiladilar. Braziliya va Afqrikada o‘tgan Jahon chempionatlariga, afsuski, dadamlarni o‘zim bilan olib bora olmaganman.