TOShKENT, 12 mar – Sputnik. So‘nggi vaqtlarda tabiat yo‘l qo‘ygan “xato”ni plastik jarrohlik yo‘li bilan to‘g‘rilash juda ommalashib ketdi. Ayniqsa, megapolisda yashasangiz bu holatni aniq his qilasiz. Atrofdagi har uchinchi ayol yuzi ustida plastik jarroh “ishlagani” shundoqqina sezilib turadi… Sputnik Qirg‘iziston muxbiri aynan shu mavzuda plastik jarroh mitriy Prokopyev bilan suhbatlashdi.
— Siz bilan uchrashishdan qo‘rqdim, to‘g‘risi. Bilasizmi, nega? Xayolimda, suhbat davomida yuzimga tikilib, kamchiliklarimni izlashingizdan qo‘rqdim. Misol uchun, burunni sal kichraytirish lozim, labni esa ozgina shishirish kerak, deb “tashhis” qo‘yishingizdan qo‘rqdim. Ayollarga qaraganingizda, xayolingizda kimda qanday kamchilik borligini sanay boshlaysizmi-yo‘qmi?
— To‘g‘ri, ko‘chada ketib borayotganimda, ayollarga ko‘zim tushsa, xuddi shunday xayollar o‘tadi. Kasbim shuni talab qilsa, nima qilay? Ammo shaxsan o‘zim ayol kishiga uning tashqi ko‘rinishida aynan nimani o‘zgartirgan bo‘lishimni aytolmayman. Bu odob-ahloq qoidalariga to‘g‘ri kelmaydi. Deylik, kabinetimga qirg‘iyburun ayol kelib… yuzidagi kichik xolni olib tashlamoqchiligini aytadi!
Plastik jarrohlik hamma uchunmas. Axir ayol yuzidagi xol uning qirg‘iy burni bilan taqqoslaganda, ko‘zga ko‘rinmaydigan darajada. Ammo, ayolni baxtsiz qilayotgan uning qirg‘iy burni bo‘lmasa, men nima qila olaman? Agar burun haqida og‘iz ochadigan bo‘lsam, ayolda yana bitta kompleks paydo bo‘lishi mumkin.
Shu bois, plastik jarroh qaysidir ma’noda ruhshunos hisoblanadi.
— Chiroy bag‘ishlash maqsadida, ayollarga tig‘ tekkizish fikri sizda qachon paydo bo‘lgan?
— Umuman olganda, dadam va akam singari dasturlovchi bo‘lishim kerak edi. Ammo taqdir taqazosi bilan men oyimlarning kasblariga qiziqib qoldim. Ular kosmetologlar. Bo‘lajak kasbimni tanlashimda mana shu holat muhim rol o‘ynagan.
Yana bir marta takrorlayman, plastik jarrohlik hamma uchunmas.
— Bu fikringizga qo‘shilaman. Go‘zallik haqida tushunchaga ega bo‘lish, uning meyorini belgilay olish ham kerak bo‘ladi. Xuddi rassomlar singari. Farqi shundaki, rassom o‘ziga yoqmagan kartinani yirtib, qaytadan chizishi mumkin, siz esa – yo‘q.
— Go‘zallikni his qila olish qobiliyatim uchun hech qachon tashvish tortmaganman. Eng muhimi chidamli bo‘lish kerak. Chunki operatsiya davomida kutilmagan holatlar yuzaga kelishi mumkin.
Ancha yillar oldin, o‘shanda hali xirurg assistenti edim…
— Ko‘p yillar oldin?! Necha yildan beri jarrohlik bilan shug‘ullanib kelasiz?
— Mustaqilmi? Yetti yildan buyon.
— Zo‘r-ku! Davom etamiz. Ko‘p yillar oldin, hali xirurg assistenti bo‘lganingizda…
— …bo‘yni qiyshiq qizni operatsiya qilishimiz kerak edi.
Operatsiya davomida, qizda qon keta boshladi. Xirurgga qarayman, u “miq” etsa qani, hech narsa bo‘lmagandek, ishini davom ettirapti.
Nihoyat, operatsiya yakunlanib, jarrohlik zalidan chiqqanimizda, ustozim qattiq asabiylashayotganlarini sezdim. U kishi mendan qo‘rqdingmi, deb so‘radilar. “Yo‘q, lekin sizning o‘rningizda bo‘lganimda, qattiq qo‘rqqan bo‘lardim”, deb javob qaytardim.
— Sizning oldingizga operatsiya qildirgani keladigan odamlar, – ular qanaqa?
— Bizning markazimizda shifokorlar shunday deyishadi: agar yo‘lakda go‘zal qiz ketib borayotganini ko‘rsang, u aniq plastik jarroh oldiga kelgan. Haqiqatan ham, mijozlarimning aksariyat qismi – go‘zal ayollar.
— Axir bu unchalik mantiqqa to‘g‘ri kelmaydiku. Ularga nima yetishmaydi deysiz?
— Ular diqqat markazda bo‘lishga o‘rganib qolishgan. Bundan tashqari, plastik jarrohlik, asosan, ruhiy muammolarni yengishda yordam beradi.
Kunlarning birida yonimga chuqur depressiya holatiga tushgan bir ayol keldi. Uni eri tashlab ketibdi. Uydan chiqib ketayotgan er ayolga, tashlab ketishining sababi chandiq ekanligini aytgan. Ayolning peshanasida juda kichik bir chandiq bor edi.
Men yuz foiz aminmanki, o‘sha erkak chandiqdan o‘zini oqlash uchun foydalangan, xolos. Ammo bu so‘zlar ayol uchun kompleksga aylanib ulgurgan edi.
Ayol ruhshunosga murojaat qilib, tushkunlik sababidan qutulishi mumkin, edi albatta. Ammo bunga uzoq vaqt ketardi. Men o‘sha chandiqni jarrohlik yo‘li bilan yo‘qotdim va ayolni unga tinchlik bermayotgan muammodan xalos etdim.
— Operatsiya qildirish uchun kelgan ayolga rad javobini bergan vaqtlaringiz ham bo‘lganmi?
— Kunlarning birida yonimga bir qiz keldi. U yanoqlarida kulgichlari bo‘lishini xohlar edi. Qiz bilan suhbatlashish asnosida, unga jag‘i yoqmasligini bildim. U, shuningdek, yuz tuzilishini ham o‘zgartirmoqchi edi. Suhbatimiz yakunida, qizgina, lablarini ham shishirmoqchiligini aytdi.
Ma’lum bo‘lishicha, u yaqinda ishdan bo‘shagan va boshqa davlatga ketish uchun kvartirasini sotgan. U butunlay yangilanishni xohlayotgan edi. Men qizga yaxshilab o‘ylab ko‘rgin, deya maslahat berdim. U boshqa oldimga kelmadi.
— Odamlardan g‘alati, ajabtovur talablar ham bo‘lib turadimi?
— Kunlarning birida kelishgan bir yigit keldi huzurimga. Bilasizmi, u nimani xohlardi? Quloqlarini sindirishimni! Gap shundaki, u kurash tusharkan va umrida bir marta ham quloqlari sinmagan ekan. Aytishiga qaraganda, hamkasblari oldida noqulaymish.
— Xo‘sh, uni baxtiyor etdingizmi?
— Yo‘q. Harxolda, mening ishim – odamlarni ko‘rkam qilish. Ba’zan qizlar burunlarini Maykl Jeksonning burniga o‘xshatib, ingichka qilib berishimni so‘rashadi. Lekin men rozi bo‘lmayman. Mijozlarimdan har o‘ntadan uchtasi mendan rad javobini oladi, desam adashmayman.
— Qirg‘izistonda eng keng tarqalgan plastik jarrohlik bu qaysi?
— Blefaroplastika — qovoqlardagi ortiqcha yog‘ni yo‘qotish, ularni tortish. Yoki narxlarni so‘rayapsizmi? Arzon operatsiyaga uchmaslik kerak. Ayrim xirurglar bir kunda yettitalab mijozlarni qabul qilishadi. Ammo bizning ishimiz – konveyermas, va ko‘pincha, natija yaxshi bo‘lmasligi mumkin.
— Operatsiya haqida batafsil gapirib beringchi?
— U rostdan insonni o‘zgartirib yuboradi. Avvaliga asbob yordamida qovoqlar qay darajada ochilishini belgilab olamiz, yangi ko‘zlar mijozga ma’qul kelgan-kelmaganini kuzatamiz. Keyin kerakli analizlar topshiriladi. Shundan so‘nggina operatsiya rejalashtiriladi.
— Xo‘sh, narkozdan keyin mijozlaringiz nimani his qilishadi? Kapalakka aylangan qurtdek, his qilishsa kerak o‘zlarini?
— Yo‘q. Ko‘pincha dahshatga tushadilar. Chunki sal oldin simlar yordamida chiroyli qovoq hosil qilgan bo‘lsak, operatsiyadan so‘ng ularning yuzi shishgan va juda qo‘rqinchli ahvolda bo‘ladi. Odatda, ko‘karishlar bir necha haftadan so‘ng ketadi. Ba’zida, to‘liq tiklanish uchun oylab vaqt kerak bo‘ladi.
— Ishingizni to‘g‘rilashga majbur bo‘lgan vaqtlaringiz bo‘ladimi?
— Har qanday operatsiyadan keyin asoratlar yuzaga kelishi mumkin. Ammo bu kamdan kam uchraydigan holat. 200-300 mijozdan bittasida korreksiya o‘tkazishga to‘g‘ri keladi.
— Odatda, plastik operatsiya haqida gap ketganida, juda katta o‘lchamdagi ko‘kraklar keladi xayolga. Siz bilan bu haqda gaplashish yoddan ko‘tarilib qolibdi. Qirg‘izistonlik ayollar nechanchi o‘lchamdagi ko‘kraklar haqida orzu qilishadi?
— Aniq aytishim mumkinki, bu borada ularning xohishlari rus ayollari istagidan farq qiladi. Rossiyalik ayollar katta ko‘kraklar haqida orzu qilishsa, qirg‘izistonlik ayollar “tabiiy”lik tarafdori.
Muammo shundaki, ular tushunchasidagi “tabiiylik” – aslida unchalik to‘g‘rimas. Ayollarimiz shou-biznes yulduzlari ko‘kraklariga qarab, xuddi shunday ko‘kraklar sohibasiga aylanishni xohlashadi. Ammo tabiiy ko‘kraklar unaqa bo‘lmasligini tushunmaydilar.
Xullas, hamma “uchinchi” o‘lchamdagi ko‘krakka ega bo‘lishni xohlaydi. Lekin u hammag ham to‘g‘ri kelmaydi. Ko‘kraklarni tanlash – juda uzoq jarayon. Axir ko‘krak shakli va o‘lchamini bexato tanlay bilish kerak.
— Sizning ishingiz — ayollar xohish istaklarini bajarish, xo‘sh, mamnunmisiz o‘z kasbingizdan?
— Men pul evaziga odamlarni baxtiyor qilaman. Bundan yaxshirog‘i bo‘lmasa kerak.