TOShKENT, 11 mar — Sputnik. Turkiya prezidenti Toyib Erdo‘g‘onning rafiqasi Emine Erdo‘g‘onning sulton haramlarining mamlakat tarixida tutgan o‘rni haqidagi fikri ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida katta shov-shuv uyg‘otdi. Turkiya birinchi xonimining “Haramlar – ajoyib hayot maktabidir”, degan gapiga qarshi qahr va g‘azabga to‘la fikrlar bildirildi. Ta’kidlash joizki, dunyodagi birinchi xonimlar aksariyat holatlarda noo‘ng‘ay, ta’bir joiz bo‘lsa, janjalli vaziyatlarga tushib qoladilar. Bugun biz shular orasida eng shov-shuv uyg‘otganlari haqida ma’lumot beramiz, RIA Novosti xabari asosida.
Hazrati Oliyalarining “dugonasi”
Amerika prezidenti rafiqasi Mishel Obama 2009-yilda Britaniya monarxi – Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya qirolichasi Yelizaveta II bilan munosabatda juda qo‘pol o‘zboshimchalikka yo‘l qo‘ydi. “Katta yigirmatalik” rahbarlari sharafiga uyushtirilayotgan tantanali qabulda AQSh birinchi xonimi tomonidan monarx protokoli buzildi. Hazrati Oliyalari bilan suhbatlashayotgan Mishel Obama, jarayonga berilib ketganidan, qirolichani yelkasidan quchib oldi. Yelizaveta II, tabiiyki, darhol ortga tisarildi. Mishel Obama tomonidan qilingan “oshna-og‘aynilik” harakatini Buyuk Britaniyada, albatta, hech kim to‘g‘ri tushunmadi — ushbu voqea OAV va ijtimoiy tarmoqlarda uzoq vaqt muhokama qilindi.
"Bu munosabatlarda ahloq-odob qoidasi juda oddiy — xohlagan ishingni qil, lekin qirolichani tegma", — Time nashri Bukingem saroyidagi hodisaga xuddi shunday izoh berdi. To‘g‘ri, qirolichaning o‘zi birinchi bo‘lib Mishel Obamani quchdi, ammo yunonlarda ajoyib bir matal bor: “Yupiterga ravo ko‘rilgan narsa buqaga ravo ko‘rilmaydi”. Etiket qoidalariga muvofiq, bunday harakat – monarxlargagina xos. Qirolichaning o‘zi mayl bildirib, qo‘lini cho‘zsagina, quchishga quchish bilan javob qaytarish mumkin.
Ota-onalik vazifasi
Marina Poroshenko — Ukrainaning hozirgi prezidenti Potr Poroshenkoning rafiqasi va to‘rt farzandning onasi. 2014-yilning avgust oyida oilaning eng kenja farzandi – Mixail bilan katta shov-shuvga sabab bo‘lgan voqea sodir bo‘lgan edi. Ukrainada tinchlik o‘rnatilishi uchun Sofiya soborida o‘tayotgan ibodat vaqtida xonada havo yetishmasligidan bolakay o‘zini yomon his qila boshladi va hushidan ketdi. Odamlar ushbu voqeadan ham ko‘proq, bolakayning onasi tomonidan qilingan harakatni ko‘proq muhokama qildilar: hushidan ketayotgan bola, yiqilib qolmaslik uchun onasi qo‘lidan ushlamoqchi bo‘lganida, Marina Poroshenko o‘zini chetga olib, bolani orqaga “o‘tkazib yubordi”. Bolani orqada turgan Ukrainaning sobiq rahbari Viktor Yushchenko ushlab qoldi.
"Qora kolgotkalilar bataloni"&"Kelgindi"
2005 yilda Gruziyada 1989-yil 9-aprel voqealarining 16-yilligi nishonlanayotgan edi. O‘shanda Tbilisi shahrida Hukumat uyi oldida bo‘lib o‘tgan namoyish tarqatilishi davomida o‘nlab odamlar halok bo‘lgan edi. Xotirlash marosimi vaqtida ikki birinchi xonim – sobiq va amaldagi, ya’ni Gruziyaning birinchi prezidenti, marhum Zviad Gamsaxurdining rafiqasi Manana Archvadze va mamlakatning o‘sha vaqtdagi prezidenti Mixail Saakashvilining rafiqasi, Niderlandiya fuqarosi Sandra Rulovslar o‘rtasida to‘qnashuv yuz berdi.
Marosim chog‘ida Gruziya birinchi prezidenti bevasiga hamrohlik qilayotgan Gamsaxurdianing ashaddiy tarafdorlari, ya’ni “qora kolgotkali ayollar bataloni” o‘zi haqida “eslatib qo‘ydi”. Sandra Rulovs gulchambar qo‘yish uchun xotira maydoniga yo‘l olganida, qora kolgotkali o‘ttiz nafar ayol amaldagi birinchi xonim yo‘lini kesib chiqib, hatto, “Yo‘qol bu yerdan”, degan hayqiriqlar bilan uni voqea joyidan quvib solishga harakat qilishdi. Saakashvilining ayoli – Rulovs xonim faqatgina politsiya aralashuvidan so‘ng gulchambar qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi.
Qatarning birinchi xonimi paranjisini yechdi
2002 yil Qatarning uchinchi amiri rafiqasi Moza bint Nosir al-Misnid omma qarshisiga yuzi ochiq holda chiqdi. Arab davlatlarida islomiy odob-ahloq qoidalariga muvofiq ayol kishi omma qarshisiga faqatgina uzun libos va paranjida, qora qo‘lqop va paypoqda chiqishi mumkin.
Qatarning birinchi xonimi tomonidan Islom qonunlaridan birining buzilishi mamlakat keksalari noroziligiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, yoshlar tomonidan ayolning ushbu harakati olqishlarga sazovor bo‘ldi.