TOShKENT, 1 mar — Sputnik. Sputnik Qirg‘iziston muxbiri Asel Minbayeva hali tug‘ilmagan bolasidan qutulishni ma’qul ko‘rgan ayollar haqida shifokorlar fikrini bilishga harakat qildi. Savollarga akusher-ginekolog Ilya Peregudov javob berdi.
20 Fevral 2016, 15:56
— YuNISEF o‘tkazgan tadqiqotlar, turmush qurgan uch ayoldan faqat bittasi kontratsepsiya vositalaridan foydalanishini ko‘rsatdi. Bu — ayollarning qolganlari farzandli bo‘lishni xohlaydi, deganimi?
— Bizning ayollar rejalashtirilmagan homiladorlikdan himoyalanishning yagona yo‘lini bilishadi, xolos. Bu – abort! Oral kontratseptivlar haqida turfa mish-mishlar bolalab ketgan. Ayollarimiz o‘z qaddi-qomatlarini buzib qo‘yishdan qo‘rqishadi. Spiral ham ko‘pchilikka to‘g‘ri kelmaydi. Prezervativdan foydalanish esa, erkak xohishiga bog‘liq. Ammo aksariyat erkaklarga u yoqmaydi.
— Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Issiq-Ko‘l viloyatidagi ayollarning har o‘ttiztadan bittasi sterilizatsiya qilingan. Shu rostmi?
— Ayollarning o‘zlari shunday iltimoslar bilan murojaat qilishadi. Ayniqsa, uchinchi marta kesarcha kesishni boshdan o‘tkazgan ayollar. Chunki, navbatdagi homiladorlik ayol uchun ham, uning farzandi uchun ham xavfli bo‘lishi mumkin. Ha, ayollarning sterilizatsiya qilinishi rost. Yevropada eng keng tarqalgan konratsepsiya vositasi nima, bilasizmi? Erkaklar sterilizatsiyasi.
— Bundan keyin bir umr farzand ko‘rmay o‘tish mumkin-ku, axir?
— Muhimi, bu ishonchli. Istak bo‘lsa, EKO yo‘li bilan ham farzandli bo‘lish mumkin.
— O‘z homilasini yo‘qotishni istagan ayollar harakatini qanday baholaysiz?
— Ayol kishi homilani turli sabablarga ko‘ra oldirishi mumkin. Mijozlarim orasida, boy-badavlat bo‘la turib, tug‘ishni xohlamaganlari ham ko‘p: ular karyera qilishni yoki o‘qishni davom ettirishni xohlashadi. Olti nafar farzandi bor mijozlarim ham abortga keladi, yettinchisini boqib olishga imkon yo‘q ularda.
— Filmlarda shifokorlar ko‘pincha ayollarni bolani tug‘ishga ko‘ndirishadi. Hayotda ham shundaymi?
— Yo‘q. Men shaxsan hech kimni ko‘ndirmayman. Ayol kishi hech qachon o‘z bolasini shunchaki oldirishga qaror qilmaydi. Bu juda og‘ir, bu bir umrlik jarohat. Ayollar rostdan ham uzoq ikkilanishadi, ular bir emas, bir necha marta eshigimdan qaytib ketishgan vaqtlar ham bo‘lgan. Menimcha, kutilmagan, och-yalang‘och boladan ko‘ra, abort yaxshiroq.
— Ayollar abortga bir o‘zlari kelishadimi yoki turmush o‘rtoqlari bilan?
— Ilgarilari erkaklar aksariyat hollarda o‘z ayollarini qo‘llab-quvvatlash uchun kelishardi. Qo‘ng‘iroq qilishardi, havotir olishardi. Hozir esa mijozlarimiz ko‘pdan-ko‘p hollarda abortga yolg‘iz keladilar.
— Embrion abort vaqti nimani his qiladi?
— Men bu haqda o‘ylamaslikka harakat qilaman. Qisqa qilib aytganda, embrion ko‘pincha bo‘g‘ilishdan nobud bo‘ladi.
— Uy sharoitida o‘z homilasidan qutilmoqchi bo‘lgan ayollar haqida ko‘p eshitganman. Misol uchun, ayollarning aksariyati issiq vanna qabul qilar ekan. Siz ham bu kabi holatlarga duch kelganmisiz?
— Yo‘q. Ammo qari kampirlarning oldiga boradigan ayollar ko‘pligi rost. O‘shda qandaydir bir yerto‘lada ayollarni homilasidan xalos qiladigan shunday kabinet borligi haqida eshitganday bo‘ldim. Ammo bu juda xavfli ish. Chunki, organizmda qolib ketgan to‘qimalar ba’zan chirishni boshlaydi. Oqibatda, bu ish — matkani olib tashlash, va hatto, o‘lim bilan yakun topishi mumkin.