Yulduz Usmonova senzura, o‘zbek dvorniklari va olg‘ir rus estradasi haqida

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova o‘z yubileyiga bag‘ishlangan katta turnega tayyorlanmoqda. Konsert dasturlaridan biri 13-noyabrda Moskvada o‘tadi. San’atkor Sputnik muxbiri bilan suhbatda bo‘lg‘usi konsert dasturi, zamonaviy shou-biznesning chinakam ahvoli haqida so‘zladi.
Sputnik

— Noyabr oyi o‘rtasida Moskvaning eng yirik maydonlaridan birida konsert dasturingiz bo‘lib o‘tadi. Bo‘lg‘usi shou haqida so‘zlab bering? Yubiley dastur bilan yana qaysidir mamlakatda chiqish qilishni rejalashtirapsizmi?

— Moskva – ulkan turnega kiritilgan punktlardan biri, xolos. Shuningdek, Markaziy Osiyo va AQShda ham konsert dasturlarim rejalashtirilgan. O‘ylashimcha, bu juda yorqin tomosha bo‘ladi. Kuchli tayyorgarlik ketapti, sababi jonli ijro fidoyilik va katta mahoratni talab etadi, aks holda, muvaffaqiyatsizlikka duch kelishingiz aniq.

Men seni sevaman: Yulduz Usmonova Moskvada katta konsert beradi

Muxlislarim uchun yangi "Sanam-ey" taronamni ijro etaman. U hatto eski "xit" qo‘shiqlarimdan ham yaxshiroq, nazdimda. Umuman, konsert dasturi rang-barang bo‘ladi: eski ommabop qo‘shiqlardan tortib, endigina "tandirdan uzilgan" tarona va kompozitsiyalar o‘rin olgan.

Chiqishlarimda nafaqat rus, balki o‘zbek, tojik va turk tillarida kuylayman. Xitoy tilida kuylamasligim mumkin (kuladi), chunki xitoyliklar konsertimga tushadi, deb o‘ylamayman, aytmoqchimanki, konsert til ko‘lamida ham keng miqyosli bo‘ladi.

Umuman, Rossiyadagi konsertlarimga muxlislar hamisha kutilganidan ortiq tashrif buyurishgan. Deylik, uch ming kishiga rejalashtirsak, 7-8 ming muxlis to‘plangan. Moskvada muxlislarim ko‘p.

— Rossiya Federatsiyasida qaysi shahar sizga ko‘proq yoqadi?

— Rossiyada ko‘p bo‘lmayman: oxirgi bor 2-3 yil oldin borganman. Meni u yerdagi katta bo‘lmasa-da, biroq ozoda shaharlar hayratlantirsa-da, lekin o‘zimning Toshkentim ko‘proq yoqadi.

— Sizni O‘zbekistonda, qolaversa chet elda ham, o‘zbek primadonnasi, sifatida tan olishadi. Rossiya primadonnasi Alla Pugacheva va sizni o‘rtangizda qanday farq bor?

— Alla Borisovna haqiqiy primadonna, biz uning qo‘shiqlarini tinglab, ulg‘ayganmiz va bu ajoyib. Lekin u bilan ijodlarimiz turfa-turfa: men ko‘proq xalq dardini kuylayman, muhabbatni tarannum etguvchi kuylarim repertuarimning asosiy qismini tashkil etmaydi. Madaniyatimizdan bexabar bo‘la turib, o‘zbek tilida qo‘shiq kuylashning iloji yo‘q. Biz Rossiya ham, AQSh ham emasmiz, hozircha buyuk derjavamasmiz, biz MDH davlatlaridan birimiz, xolos. Biz – O‘zbekistonmiz, shu bois, bu mamlakatda kuylash uchun xalqni his etish, ya’ni bundagi changalzorlarni yaxshi bilish lozim.

— Siz ko‘p marotaba boshqa davlat artistlari bilan duet ijro etgansiz. Rossiyalik yulduzlar bilan ham birgalikda chiqish qilish yoki klip suratga olish rejangizda bormi?

— Rossiyalik san’atkorlar bilan duet kuylash haqida o‘ylab ko‘rmaganman. Tojikistonlik xonanda – Shabnami Surayyo bilan – u mening shogirdim bo‘lgani bois, duet kuyladim. Shabnam juda yaxshi qiz. Kunlarning birida, u menikida mehmon bo‘ldi, gap-gap bilan tojik tilida duet kuylashga qaror qildik. Umuman, Turkiya va butun dunyo bo‘ylab kuylaganman, ammo bu o‘sha vaqt talabi edi – men bozorlarni zabt etishim, yangi albomlar chiqarishim kerak edi.

Yulduz Usmonova va Shabnam Surayyo birgalikda Tojikistonda konsert beradi

Rossiya estradasi vakillari orasida do‘stlarim ko‘p, lekin men ularni yaqin, deb ayta olmayman. Sababi, ijodga bo‘lgan yondashuvimiz tubdan farq qiladi.

E’tibor bering, rossiyalik yulduzlar boshqa tilda kamdan-kam kuylaydilar, xuddi nemislar singari. Chunki ular uchun o‘zlarining ulkan bozori yetarli hisoblanadi. Men uchun esa mahalliy bozor torlik qiladi. Boshqa tillarda kuylamasam, portlab ketsam kerak. To‘g‘ri, men ham ommalashgan taronalarimni kuylab, umrim oxirigacha osongina pul ishlashim ham mumkin, lekin men bunday qiladigan insonmasman – men tinimsiz ishlashim kerak.

— Siz tinim bilmaysiz, yangi formatlarni qidirasiz, turli tillarda kuylaysiz. Sizning nazdingizda, o‘zbek auditoriyasi qanchalik internatsional? Rusiyzabon musiqalar unga qiziqmi yoki yaqin kelajakda O‘zbekistonda ingliz tilidagi kompozitsiyalar avj oladimi?

— Biz hech qachon ingliz yoki rusiyzabon bo‘lmaymiz. Rossiyalik yulduzlar Toshkentda konsert qo‘yganlarida, viloyatlardan sanoqli muxlislar keladi, ya’ni faqatgina puli borlar kelishi mumkin. U ham ko‘proq o‘zni ko‘rsatish uchun qilinadi.

Rossiya "oltin ovozi" O‘zbekiston primadonnasiga chiroyli kompliment qildi

Bizning yoshlarimiz kun bo‘yi chet el san’atkorlarni tinglaydi, deb aytolmayman. Bozorimiz shunaqa. Ja bo‘lmaganda, juda yaxshi ijroda sotish kerak. Umuman olganda, o‘zbekistonliklar o‘zinikini, milliy taronalarni qadrlashadi. Repertuarimda ko‘p tillarda kuylangan taronalar bor, lekin men bunga ko‘pam ruju qo‘ymayman. Misol uchun, men yozgan "Ona" ("Mama") taronasi butun dunyoga mashhur bo‘lib ketdi, kimlar uni kuylamadi deysiz? Men bundan juda xursandman, axir ona baribir onada, u millat tanlarmidi?

O‘ylashimcha, har qanday taqdirda ham, fuqarolarimiz kamida uchta tilni bilishlari shart. Bu yerda gap kim qaysi madaniyatni xush ko‘rishidamas – hayot shuni taqazo etmoqda. Men, misol uchun, Ittifoq farzandiman, rus tilini bilganim – oilamizda yarmimiz rus maktabda, qolgan yarmimiz o‘zbek maktabida tahsil olganmiz. Lekin bu bizga o‘z an’analarimizni saqlab qolishimizga halal bermagan. Biz qanchamiz hozir? 40 million bu nima degani? Axir bu 150 yoki 200 million, yoki bir yarim milliard degani emas. Biz ko‘proq tilni o‘rganishga majburmiz. Rus tilini esa ona tilidek bilishimiz lozim.

Biz Rossiya bilan deyarli qo‘shnimiz, Rossiya buyuk derjava, og‘a-davlat. Xudo ko‘rsatmasin, nimadir ro‘y bersa, birinchi bo‘lib u yordamga keladi. Amerika, albatta, yaxshi, men uni hurmat qilaman. Amerika zabt etganlarning hammasi yaxshi yashamoqda. Lekin ular okean ortida. Biz esa Rossiya biqinidamiz, u bilanmiz va hamisha shunday bo‘lib qoladi. Biz rus tilini bilishimiz kerak.

— Artistlar litsenziyasiga doir mavzuga to‘xtalsak. Ko‘pchilik cheklovlar va hatto senzura borligidan norozi. Bu masalada fikringiz qiziq?

— Litsenziyalash tizimi deputat bo‘lgan yillarimda, shaxsan meni tashabbusim bilan joriy etilgan. Bunga qadar artistlar uchun soliqlar 50%dan ortiqni tashkil etardi. Bu nihoyatda ko‘p edi. Litsenziya – bu sahnaviy faoliyat uchun patent degandek bir gap. Bu yerda ovoz bor-yo‘qligi boshqa masala va u litsenziyaga bog‘liqmas.

O‘zbeknavo litsenziya olish istagidagi 50 san’atkorga rad javobini berdi

Estradani qobiliyatsiz va noprofessional artistlardan tozalash uchun ma’lum ma’noda senzura ishlashi kerak. Deylik, artistlar tilni rasvo qilmasliklari uchun. Bu singari ma’lum cheklovlar har qanday davlatda bor. Senzura bo‘lgan vaqtda, hammasi joyida edi. Bizda hozir nafaqat til, balki urf-odatlar ham buzilgan: masalan, yoshlar avtobusda joy bermay qo‘yishgan.

Men to‘liq ta’qiqqa chorlayotganim yo‘q. Masalan, sal oldin litsenziyasi olib qo‘yilgan qator san’atkorlarga litsenziyalari qaytarildi. Bunda mening ham salmoqli hissam bor. Kuylayverishsin, dunyo keng. Lekin unutishmasin, endi ishlash kerak, aks holda tomoshabin kechirmaydi.

— U holda estradagi didsizlik bilan qanday kurashmoq kerak? Yoki san’at va tomoshabinning o‘zi past saviyali artistlarni "nazardan qoldiradimi"?

— Estradada ishlar juda yomon. Meni fikrimcha, birinchi navbatda konservatoriyadagi estrada bo‘limini yo‘qotish kerak – bu kulgili axir - popsa to‘g‘risida ta’lim berish! Jaz fakulteti bo‘lsin, mayli, tushunaman – jaz - bu klassika! Popsa bu o‘z nomi bilan popsa-ku.

"O‘zbekkonsert" kechirilgan xonandalar haqida: ular xalqga astoydil xizmat qilishga so‘z berdi

Professional chiqish qilish uchun o‘qish kerak, notalarni bilish kerak, notalarni o‘qiy olish kerak. Hozir esa ko‘plab artistlar sahnaga o‘z tashqi ko‘rinishi, "okaxonlari" va pullari tufayli chiqib kelmoqda. To‘g‘ri, bu borada qarashlarim o‘ta keskin, men hech kimni ayamayman, sababi, ahvol juda yomonligini ko‘rib turibman.

Ishni musiqa maktablaridan boshlash kerak. Musiqa maktablari ishlashi kerak. Qanday qilib tegishli ma’lumoti yo‘q odamni ishga olish mumkin?

Men tug‘ma talantman. Musiqa texnikumida ikki yil o‘qib, keyin oilaviy sharoit tufayli tashlab ketishga majbur bo‘ldim. Vaqt o‘tib, konservatoriya kurslarida tahsil oldim. Musiqa texnikumida o‘qigan kezlarimda xalq artisti Tamara xonim va Gavhar xonim Rahimovalarnikida yashaganman. Saodat Qobulovadan ta’lim olganman. Shundan keyingina "Maqom"ga keldim.

Bugun xalq artisti kim? Karimov davrida hamma "xizmat ko‘rsatgan"ni oldi. Ikkita qo‘shiq kuylab, Turkiyada qayiqda suzib keldi klip uchun – tamom, u yulduz, chet elda uni hamma taniydi. Xalqning o‘zi bugun "krutoy", uni alday olmaysiz, ishlash kerak. Omma o‘ziga e’tibor va hurmat talab qiladi.

Biz arzon artist emasmiz, yaxshi yashaymiz. Shu uchun, ha deb to‘ylar uchun qo‘shiq yozish bilan band bo‘lmasdan, har bir topgan so‘mni oqlashimiz kerak. To‘g‘ri kelgan joyda qanday yulduz ekaningni isbotlash o‘rniga, xalq dardini kuyla, uni chin yurakdan sev. Meni oyog‘im yerdan uzilgan emas, men ishlaydiganlarni hurmat qilaman. Sahnaga chiqishdan avval mehnat qil, o‘zingni qiyna, o‘qi. Musiqa – bu mehnat, musiqa – bu birinchi navbatda hissiyot.

Alla Borisovnani olaylik – u osmondan yulduz bo‘lib tushgan emas. To‘g‘ri, u Xudo nazari tushgan inson, lekin u ham o‘qigan, u vokalchi, unda diplom bor. U qayerda soxtalikka yo‘l qo‘yilyapti, qayerda nima o‘xshamagan, darhol payqaydi. U notalarni yozishni biladi, axir.

"O‘zbekkonsert" rahbarining "rep nazorat"da degan gapi internetda kulgiga olinmoqda

Senzura hammaga bir tekis mikrofon berishi kerak emas. Litsenziyani hamma sotib olishi mumkin, lekin hamma ham qo‘shiq kuylolmaydi. Marhamat, barlarda, restoranlarda kuylashsin, sahnaga chiqmoqchi bo‘lishsa agar – oldin ta’lim olishsin, shunga munosibligini isbotlashsin.

— Yaqinda xonanda Ozoda Nursaidova sizdan kechirim so‘radi. Kechirdingizmi?

— Nima uchun kechirishim kerak? U nima uchun kechirim so‘rayapti? Men, misol uchun, unga hech narsa qilmaganman, u mendan kechirim so‘rashi uchun. Unday davrlar o‘tdi. Bilasizmi, janjalkash artistlar turi bor, ular "sariq matbuot" orqali o‘zlarini piar qilishni xohlashadi. Xo‘sh, o‘sha "sariq matbuot" bugun ularni boqmayaptimi? Endi ular nimanidir o‘zgartirishga urinyapti. Meni kimdandir xafa bo‘lish nari tursin, hatto, nevaralarim bilan uchrashishga vaqtim yo‘q. Mehnat qilish kerak, tamom.

— Rossiyada bugun yosh ijrochilar, talantlar uchun turli musiqiy loyihalar bisyor. Bu kabi shoularga qanday munosabatdasiz? Artistlarni yetishtiradigan bu singari shoular O‘zbekistonga kerakmi?

— Ishonchim komilki, siz aytayotgan loyihalar iste’dodlarni kashf qilishga yordam bermaydi. Ular tayyor qo‘shiqchi, raqqos, fokuschi va shu kabilarni izlashadi. Topib, pullashadi. Sevara Nazarxonni nima qilishdi? U bu yerda ajabtovur ishlab turgandi. Olishdi, ishlatishdi, uloqtirishdi. Nargiz Zokirovani olaylik – unga Fadeyev bilan janjallashish mumkinmas, aks holda Fadeyev mikrofonni olib qo‘yadi. Men Rossiyani hurmat qilaman, lekin rus estradasi haddan ziyod olg‘ir – u odamlardan shafqatsizlarcha foydalanadi va uloqtiradi.

Maksim Fadeyev sukunatga chek qo‘ydi va Nargiz bilan bo‘lgan mojaroga izoh berdi

Meni fikrimcha, bu kabi loyihalarning san’atga hech qanday aloqasi yo‘q. Ular iste’dodlarni izlashadi. Maktab beradilarmi? Bu iste’dodlarga rivojlanishga imkon yaratadilarmi? Yo‘q. Ular kimni o‘qitdi yoki tarbiyaladi?

Esingizda bo‘lsa, ilgarilari "Allo, biz talantlarni qidirapmiz" dasturi bo‘lardi. U yerda nafaqat iste’dodlarni izlardilar, balki ularning kelajagini ham belgilab berishardi. Mana bular, deylik, Moiseyevning raqs maktabiga borsin. Mana bu qo‘shiqchi bo‘ladi, bunisi yaxshi musiqachi. Ana undan esa zo‘r shoumen chiqadi. Ular to‘g‘ri yo‘nalish berardi. Hozir unday emas – maqsad faqat pul ishlash.

— Kattagina oilangiz bor – besh nafar nabiraning buvisisiz. Ular bilan qanday o‘tkazasiz vaqtni?

— To‘g‘risini aytsam, nabiralarimga vaqt ajrata olmayman. Men hamisha ularni sog‘inaman, ba’zan qo‘ng‘iroq qilib, "Nega kelmaysizlar?", desam, "Siz o‘zingiz doim bandsiz-ku. Biz bilan ko‘rishishga vaqtingiz yo‘q", deb javob berishadi. Ba’zan uyga yarim soatga kelib-ketishadi. Birga choy ichib, darrov xayrlashamiz.

Qizim Nilufar – yetakchi xonandalardan biri, lekin farzandlar tarbiyasi bilan shug‘ullanishga ham vaqt topadi. U yaxshi ona. Nabiralarim orasida kimdir til o‘rganadi, kimdir Qur’on yod oladi, xullas hammasi ertayu-kech band. Shu bois, o‘zimiz xohlaganimizdek, tez-tez diydorlasha olmaymiz.

Nilufar Usmonova beshinchi farzandini kutmoqda

— Nabiralaringiz orasida san’atga qiziqayotgani bormi?

— Yo‘q, ular umuman kelajagini sahna bilan bog‘lashni istamaydilar. O‘g‘il bolalar ayniqsa. Qizlar esa hali kichik, shu bois bir narsa deyish qiyin.

— Sizning ijodiy taqdiringiz murakkab juda. Bir nechta davlatda yashadingiz, ancha vaqt Vatanda chiqish qilmadingiz. Tomoshabinlar qalbini zabt etmoqchi bo‘lgan yosh artistlarga qanday maslahat bergan bo‘lardingiz?

— Men uzoq vaqt Turkiya va Yevropada yashadim – ularning madaniyati va urf-odatlarini anglash, qo‘shiq yozish uchun til o‘rgandim. Shu vaqt oralig‘ida bir narsani angladim, hamma joyda xalqi qadrlaydigan insonnigina hurmat qilishar ekan.

Sen o‘zing haqingda nimaiki gapirma, xalqning sen haqingdagi fikri muhimroq ekan. Xalq mehrini esa qozonish kerak. Inson eng avvalo o‘z Vatanini sevishi kerak, shundagina uning ijodi ham yurishadi. O‘z xalqingdan or qilish yaramaydi.

Rossiyaga, Moskvaga borganimda, mendan: "Mana o‘zbeklar bizda ko‘cha supurishadi – shular ham sizning muxlisingizda, ha?", deya so‘rashardi. Ularga ochiq aytardim: "Ha, ular ham mening muxlislarim. Ular o‘g‘rilik qilmaydi, odam o‘ldirmaydi, birovni tahqirlamaydi, tilamchilik qilmaydi – ular halol mehnat qiladi". Millatimiz o‘ziga xosligi bu. Men esa shu millatning bir tomchisiman, shu millat farzandiman.

Yulduz Usmonova yilning eng yaxshi "estrada xonandasi" bo‘ldi

Biz hammadan oliftaroq bo‘la olamiz. Men moda ortidan quvmayman, men moda yarataman, bu biz – o‘zbeklarmiz. Va men o‘zbek ekanligimdan faxrlanaman.

— O‘zingizga nisbatan qay darajada qattiqqo‘l va talabchansiz?

— Men o‘zimga nisbatan shafqatsizman, ba’zan bu razillikkacha borishi mumkin. Men nafaqat boshqalarga, balki birinchi navbatda o‘zimga haqiqatni gapiraman. Ba’zan o‘zimga chuqur azob beraman, aks holda bu maydonda qolish osonmas. Hech kim meni boshimni silamaydi. O‘zni sevish kerak emas, ko‘zguga qarab: "Oh, naqadar go‘zalman", deb o‘tiraverish bo‘lmaydi. "Naqadar tasqaraman, hech narsa qo‘limdan kelmaydi", deyish kerak. Mana shu gapni o‘ziga ayta olgan insongina o‘zida go‘zallik yarata oladi. Aybdorlarni izlashdan foyda yo‘q. Hayot – shafqatsiz.

- Bizning o‘quvchilarimiz va o‘z muxlislaringizga tilaklaringiz?

- Barchaga iqbol tilayman, sizlarni sevaman, muhabbatim ijodim singari hamisha Siz bilan birga!