Mirziyoyev o‘qituvchilar maoshi va nufuzini yanada oshirmoqda

Mirziyoyev o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida pedagogiga oliygohlari faoliyati tanqid qilindi, maktablarga ulug‘ allomalar berilishi kerakligi aytildi va ayrim fanlarning jamlanmasi - tarbiya fanini joriy etish taklifi ilgari surildi
Sputnik

TOShKENT, 23 avg - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-avgust kuni xalq ta’limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishini o‘tkazdi.

O‘zbekistonda o‘qituvchi va murabbiylar xiyobonlari tashkil etiladi

Eng ulug‘ imorat

Prezident yig‘ilishda maktab ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, bu borada oldinda turgan dolzarb vazifalar haqida gapirar ekan, ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiyning "Dunyo imoratlari ichida eng ulug‘i maktabdir" degan fikrini alohida ta’kidlagan.

"Hurmatli muallimlarimiz, jonkuyar maktab direktorlarini, soha faxriylarini el-yurtimizning tayanchi va suyanchi, deb bilamiz. Maktablar tizimini rivojlantirish uchun bundan buyon ham mablag‘ni, imkoniyatni aslo ayamaymiz. Kelajak avlodimiz taqdiri, butun millatimiz, xalqimiz, davlatimiz taqdiri muhtaram muallimlarga bog‘liq", - degan Mirziyoyev.

Bilim chetniki, tarbiya o‘zimizniki 

Yig‘ilishda maktablarning moddiy-texnik bazasi, ayrim pedagog xodimlarning bilim va malakasi zamon talablariga javob bermasligi tanqid qilingan.

Domla Omonulla Madayev: "Poraxo‘r o‘qituvchi va shifokorlarni aslo kechirmayman!"

Ta’lim-tarbiya sohasida zamonaviy va oqilona tizim yaratish, o‘qitish metodlari, ta’lim standartlari, darslik va o‘quv qo‘llanmalarini yangilash zarurligi, bilim berishda chet eldagi ilg‘or tajribalardan foydalanish, tarbiyada esa milliy an’ana va qadriyatlarga suyanish muhimligi qayd etilgan. "Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari" degan tamoyilga asoslangan holda, yosh avlodni bolalikdan milliy g‘urur va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash dolzarb ahamiyatga ega ekani ta’kidlangan. 

Maktablardagi kamchiliklarni tuzatish, ta’lim sifatini nazorat qilish uchun ota-onalar, keng jamoatchilikning ishtiroki zarurligiga alohida e’tibor qaratilgan. "Maktab bu hayot-mamot masalasi, kelajak masalasi. Uni davlat, hukumat va hokimlarning o‘zi hal qilolmaydi. Bu butun jamiyatning ishi, burchiga aylanishi kerak", degan davlat rahbari.

Katta marralar

Videoselektorda shuningdek kelgusidagi vazifalar muhokama etilgan. 

Xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlangan, unda 48 ta maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish bo‘yicha aniq mexanizmlar belgilangan.

Xususan, 2030-yilga borib o‘quvchilar bilimini baholash bo‘yicha PISA xalqaro dasturi reytingida O‘zbekistonning jahondagi yetakchi 30 ta mamlakat qatoridan joy egallashi maqsad qilib qo‘yilgan.

O‘qituvchiga ham mashina, ham obro‘

Mirziyoyev o‘qituvchining maqomi va nufuzini oshirish, huquqlari va imtiyozlarini kengaytirish masalalariga e’tibor qaratgan. 

"Maktab o‘qituvchisini moddiy rag‘batlantirmasak, uning hayot sifati darajasini oshirmasak, islohot, natija haqida gapira olmaymiz", deb aytgan davlat rahbari. 

Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasi, Moliya va Xalq ta’limi vazirliklariga 2020-yilda xalq ta’limi xodimlari oylik ish haqini oshirish yuzasidan ko‘rsatmalar berilgan. Uzoq qishloqlardagi maktablarga o‘qituvchilarni jalb etishni yanada rag‘batlantirish uchun ularga uy-joylar, avtotransport uchun kreditlar berish ham ko‘zda tutilgan.

Qars ikki qo‘ldan chiqadi

O‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlash davlat tomonidan izchil davom ettiriladi, biroq masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Yig‘ilishda o‘qituvchi va murabbiylarning o‘zi ham bilim va saviyasini oshirish, jamoat ishlarida faol ishtirok etish, halol mehnati va tashabbuskorligi bilan bu kasbning obro‘sini oshirishi kerakligiga urg‘u berildi. 

O‘zbekistonda o‘qituvchilarga avtokreditlar beriladi - prezident qarori

Xususan, Nizomiy nomidagi universitet, hududlardagi pedagogika institutlari, respublika ta’lim markazi, Abdulla Avloniy nomidagi xalq ta’limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti, viloyatlardagi shunday institutlar borligi, lekin o‘quv-tarbiya jarayonini takomillashtirish, o‘qituvchilarning bilim va saviyasini yuksaltirishda, ularning o‘rni sezilmayotgani aytilgan.

Yig‘ilishda pedagogika yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlari faoliyatini tanqidiy o‘rganib, takomillashtirish, ularni eng nufuzli ta’lim muassasalariga aylantirish, pedagoglikka moyilligi bo‘lgan yoshlarni maqsadli tarbiyalab borish bo‘yicha vazifalar belgilangan.

Tarbiya fani va olimlar nomini olgan maktablar

Maktablardagi ma’naviy-tarbiyaviy ishlarni yangicha asosda tashkil etish, "Milliy g‘oya", "Odobnoma", "Dinlar tarixi", "Vatan tuyg‘usi" kabi fanlarni birlashtirgan holda, yagona "Tarbiya" fanini joriy qilish zarurligi qayd etilgan. Maktablarga buyuk allomalar, davlat va siyosat arboblari, mashhur sarkardalarning nomlarini berish muhimligi ta’kidlangan.

O‘zbekistonda poraxo‘r o‘qituvchilarga "ov" boshlandi

O‘qituvchi haqida film

Selektor yig‘ilishida oiladagi ta’lim-tarbiya muhiti, ota-onalarning mas’uliyati va o‘qituvchilar bilan hamkorligi masalalariga ham e’tibor qaratilgan. Maktab hayoti, fidoyi o‘qituvchilar haqida badiiy va hujjatli filmlar, spektakl va videoroliklar yaratish bo‘yicha tavsiyalar berildi. 

"Moddiy va ma’naviy hayotni uyg‘un rivojlantirishimiz kerak. Maktab bu borada asosiy bo‘g‘in bo‘lishi lozim. Maktab ta’limini rivojlantirish biz uchun buyuk umummilliy maqsadga, umumxalq harakatiga aylanishi zarur", deb uqtirgan Mirziyoyev.