Xalqaro maydonda O‘zbekiston imidjini qanday shakllantirish kerak

Sputnik kolumnisti Dilshoda Rahmatova O‘zbekiston xalqaro maydondagi o‘z imidjini mustahkamlash uchun nima ishlar qilishi kerakligi haqida.
Sputnik

Yaqinda, 26-iyul kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro imidjini mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi. Tadbirda Sputnik O‘zbekiston muxbiri Dilshoda Rahmatova xorijiy OAV vakili sifatida ishtirok etdi. Sputnik muxbiri fikriga ko‘ra, O‘zbekiston xalqaro maydondagi imidjini mustahkamlashda avvalo mamlakat ichidagi ayrim qusurlarni o‘zgartirishi lozim.

Eski stereotiplar

Sir emas, ko‘p yillar O‘zbekiston jahon hamjamiyatidan o‘zini tortib keldi. Natijada mamlakat haqidagi eski steriotiplar hozirgacha saqlanib kelmoqda.

"Afsonaviy an’ana": Xalqaro valyuta fondi rahbarini o‘zbeklar mehmondo‘stligi hayratlantirdi

Mamlakatda olib borilayotgan ochiqlik siyosati, turizmga e’tibor, viza masalasidagi yengilliklar, investititsiyaviy jozibardorlikni oshirish, ekologiyaga e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani jahon hamjamiyatida ma’lum ijobiy natijalarni bermoqda. Lekin hali bu borada qilinganidan ko‘ra amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘proq.

O‘zbek obrazi qanday bo‘lmog‘i lozim?

Bilamizki, jahonga tanilgan har bir millatning bo‘rttirilgan obrazi bo‘ladi. Ingliz konservatizmi, nemis punktualizmi, fransuz romantizmi, yaponlarning donoligi, xitoylarning ustaligi, hindlarning tolerantliligi (jonzotlarga nisbatan). Xullas, jahonga har qanday davlat va millat o‘z imidji va obrazi bilan kirib keladi.

O‘zbek millati shu paytgacha o‘zini bolajon va mehmondo‘st sifatida ko‘rsatishga urinib keldi. Biroq bugun bu ikkala imidj ham o‘rnashib qolmadi.

Menga qolsa, o‘zbek obrazini mehnatkash va donishmand obrazida yaratgan, shuni targ‘ib etgan bo‘lardim.

Turistik yo‘nalish: “bir kelib qolibsiz” uslubi

Mamlakat va xalqning chet ellardagi obrazi birinchi navbatda unga kelib-ketuvchilar, qaysidir ma’noda, turistlarning munosabati bilan shakllanadi.

Turistlarga e’tibor ancha yaxshilanib, ularning hurmat-izzatini joyiga qo‘yishga harakatlar bo‘layotganiga qaramay, haligacha bu sohani yog‘liq joy sifatida ko‘ruvchilar talaygina.

Shavkat Mirziyoyev “Turizm to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi

Bu, birinchi navbatda, nolegal “taksichilar”, muzeylar, qadimiy obidalar atrofida o‘ralashib, “biznes” qiluvchilar, bozorlardagi “epchil” sotuvchilar.

Bundaylar turistlarning vaziyat va narx-navodan bexabarligi orqasidan foydalanib qolish ilinjida bo‘ladi. Va natijada O‘zbekiston haqida noto‘g‘ri munosabat shakllanishiga sabab bo‘ladi.

Bir paytlar “Toshkent-Samarqand” yo‘lining chekkasida “bir kelib qolibsiz”, degan kafelar bo‘lgan. Shu yo‘ldan qatnovchilar adashib kirib qolsa, oshirilgan narxlarda taom sotib, e’tiroz bildirganlarga “bir kelib qolibsiz”, deb turaverarkan, chunki qaytib kelmasligini aniq bilishar ekan. Shundan bu kafelarning nomi shunaqa bo‘lib ketgan.

Yo‘l bitta va serqatnov, kimdir albatta kiradi, shu bilan tirikchilik qilib o‘tiraveradi. Turizm sohasi da esa “Bir kelib qolibsiz” uslubi ketmaydi. Chunki u bir kunlik soha emas.

Mamlakat imidjini yaratish borasidagi sa’y-harakatlardan maqsad ham aslida shu.

Olqishlarga to‘la OAV – imidjni yaxshilamaydi

Hozirgacha o‘ylaymizki, har qanday ma’lumotlarni beraverish, jahon hamjamiyati o‘rtasida mamlakat obro‘sini to‘kadi. Aslida teskarisi, oldin 70-yil, keyin 27-yil matbuot faqat olqishlar bilan to‘lgan edi. Biroq mamlakatning obro‘yi oshgani yo‘q. Olqishlarga to‘la matbuot tuzumning riyokorligini ko‘rsatadi. Buni jahonda juda yaxshi bilishadi.

Mirziyoyev: besh yil qarsak chalmaymiz, bir-birimizni maqtamaymiz

Ommaviy axborot vositalari jamoatchilik fikrini shakllantirishi, unga ta’sir ko‘rsatish va boshqarish kuchiga ega. OAV siyosatchilar imidji va davlat imidjiga ham ta’sir ko‘rsata oladi.

Bugun O‘zbekistonda elektron nashrlar o‘z imkoniyatlarini kengaytirmoqda – bular yangi-yangi veb-saytlar, bloglar, ijtimoiy tarmoqdagi sahifalar – mamlakat bundan o‘z ijobiy imidjini shakllantirishda yangi mexanizmlar sifatida foydalanishi zarur.

Shuningdek, O‘zbekistonning imidj salohiyati chet el matbuotida to‘laqonli ochib berilgani yo‘q va bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar strategiyasini belgilab olish kerak bo‘ladi.

Kino san’ati va o‘zbeklar obrazi...

Mamlakat kino sanoati o‘zbekistonliklar haqidagi yaratayotgan obraz esa maqtanadigan holda emas. Maishiy turmush darajasida o‘ralashib qolgan, oilaviy ikir-chikirlardan bo‘shamaydigan, butun dardi to‘y qilish, uylanish va dabdaba bilan maqtanish bo‘lganlar obrazlari. Bu haqiqatdan yiroq qahramonlar.

Uzoq qishloqlarda kino ko‘rsatish uchun ko‘chma kinoteatr ishlab chiqildi

Bir paytlar zamon qahramonini yaratish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan edi, biroq uddalab bo‘lmadi, chamasi, bu ishga chek qo‘yildi. Bilamizki, zamona qahramoni ham aslida, millatning tipik obrazi, imidji sanaladi.

Asosiy e’tibor san’atga qaratilsa samarali natijalar berishi mumkin. Sohaga davlat mablag‘ ajratapti, lekin haligacha shuncha pul sarflab, bunchalar zerikarli asarlar yaratishdan maqsad nimaligini tushunib bo‘lmaydi. Nazarimda, soha ustidan davlat nazoratini biroz yengillashtirish lozim. Ijodkorlarga erkinlik berish va ularga ishonish kerak. San’at kelajak uchun ishlasin.

Mehnat migrantlari...

Albatta, bugun mamlakatdan chetga ishlashga chiqib ketayotgan mehnat migrantlari haqida har doim ham iliq gaplar aytolmaymiz. Sohaning tashkillashtirilmagani, fuqarolarning tartibsiz ravishda chetga chiqib, ishlayotgani, ular borayotgan mamlakatlarda har doim ham yaxshi gaplar olib kelmaydi. Mehnat migrantlarining asosiy qismini mamlakatning ishsizlik yuqori bo‘lgan chekka qishloqlari ketayotganlar tashkil qiladi.

Mehnat migrantlari necha kishini boqadi?

Bu sohada davlat nazorat va tashabbusni qo‘lga olishi, chetga ishlashga chiqishlarni uyushqoqlik bilan amalga oshirish kerak va bu borada ilk qadamlar qo‘yilmoqda.

Shu bilan birga chet elda mehnat migrantlarining manfaatlari himoya qilinayotganini aholi sezayotgani yo‘q, migrantlarning asosiy qismi ijtimoiy tarmoqlarda faolligini inobatga olib, mehnat migratsiyasi sohasida ish yuritayotgan tashkilotlar o‘z faoliyatini ushbu tarmoqlarda keng targ‘ib etishi kerak.

Shuni ham qayd etish lozim, birinchi navbatda, millatning qaddini tiklab olish kerak.

Bilamizki, O‘zbekiston uzoq yillar davomida mustamlaka tarkibida bo‘ldi. Millatning o‘ziga ishonchi bir qadar pasayib ketgan.

Bu borada ruslarning tajribasini o‘rganish foydadan xoli emas.

Ular avvalambor, millatning o‘ziga ishonchini  oshirishga e’tibor qaratgan edi.

Bunda shavkatli o‘tmish, ulug‘ ajdodlar, bugungi yutuqlar va porloq kelajak borasidagi holatlardan ustalik bilan foydalanish lozim bo‘ladi.

Xavfsizlik

Mamlakat imidjining yana bir uzviy bo‘lagi sifatida xavfsizlik olinishi lozim. O‘z vaqtida sohibqiron Amir Temur, “shunday davlat qurdimki, kishi bir savat oltin bilan uning sarhadlarini kesib o‘tsa ham hech kim teginmaydi”, degan fikr bildirgan edi. Bugungi O‘zbekiston imidjida aynan shu holat o‘z ifodasini topishi lozim. Bu aynan turistlar va investitsiyalarni jalb etish uchun ham jozibali holat, asosiy sharti ham shu.

Dono darveshlar, nindzalar va ritsarlar

Mamlakatlarning imidj yaratish tajribasini o‘rganar ekanmiz, bunda sportdan ham ustalik bilan foydalanilganini ko‘ramiz. Xitoy kung-fu, u-shu va boshqa jang san’atlari orqali o‘ta qisqa davrda jahonga o‘zligini namoyon qildi.

Buxoroda "uchar" darvish paydo bo‘ldi

Yana bir holat, imidj yaratish uchun tayyor steriotiplar ham mavjud. Ulardan ustalik bilan foydalanish lozim, xolos.

Deylik, yaponlar nindzalar, yevropa davlatlari ritsarlar haqidagi qarashlarni qo‘llagan.

Biz, o‘zbeklarda ham muqim o‘rnashib qolgan, lekin foydalanilmayotgan shunday obrazlar mavjud.

Deylik, dono darveshlar obrazi. G‘arb davlatlarida sharq donoligini mujassamlashtiruvchi  darveshlar haqidagi qarashlar shakllangan. Millatning imidjida ushbu holatdan foydalanish mumkin. Faqat bunda, nasihatlar emas, aksincha, dunyo, narsa va hodisaga chuqur falsafiy, o‘ziga xos, yangicha qarashlar ifodalangan fikrlar bo‘lmog‘i lozim.

O‘z tariximiz bilan maqtanishni bilmaymiz

Yana bir holat, millat imidjini yaratishda shaxslar muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Bular buyuk davlat arboblari, olimlar, yozuvchilar va san’at vakillari.

Mirziyoyev: mamlakatimizdagidek boy tarix, bobolarimizdek buyuk allomalar hech qayerda yo‘q

Hindlarda Gandi va Tagor, ispanlarda Servantes, inglizlarda Nyuton, amerikaliklarda bir qator san’at vakillari, fransuzlarda Napoleon, italyanlarning rassomlari millat yuzini ifodalab turadi. Shularning nomini tilga olish bilan, millat ko‘z oldimizda namoyon bo‘ladi.

Bizda ham shunday shaxslar bor. O‘rta asr allomalari (Beruniy, Xorazmiy), diniy ulamolar (Buxoriy, Termiziy, Marg‘inoniy, Zamaxshariy), davlat arboblari (Temur, Bobur), ijodkorlar (Navoiy).

Biroq ular haqida o‘ta ehtiyotkorlik va rasmiyatchilik bilan gapiriladi. Shunday tasavvur uyg‘onadiki, o‘zimiz ham ular haqida to‘liq ma’lumotga ega emasmiz. Yoki hech kim ularni sodda, butun jahon tushunadigan qilib, aytmaydi. Deylik, g‘arb telekanallaridan biri Al Xorazmiy haqida film ishlab, “har bir qo‘l telefonida uning tafakkuri bor”, degandan keyingina bu haqda ayta boshladik. Albatta, olimlarga bu o‘ta sodda gap bo‘lib tuyulishi mumkin, lekin omma uchun kerak.

E’tiborga loyiq kichik lavhalar

Fukusimadagi fojiadan jabr ko‘rgan yapon yigiti adolga o‘ranib, kitob o‘qib o‘tirganini barcha telekanallar ko‘rsatdi. Hamma yaponlarning bilimga chanqoqligini shu lavhalardan ko‘rdi. Millatning obrazi mana shunday, oddiy lavhalardan ham shakllanishi mumkin. Lekin bunda bu lavhaga ishonish uchun odamlarda shunga zamin, ya’ni dastlabki bilim va tushunchalar bo‘lishi lozim.