Ma’lumot. Tal’at Muradov 1960-yil 12-mayda Samarqandda tug‘ilgan, 1983-yil Qishloq xo‘jaligi institutining qishloq xo‘jaligini mashinalashtirish bo‘limini tamomlagan, ixtisosligi bo‘yicha muhandis. 1984-yildan 1985-yilga qadar Afg‘onistonning Hirot shahrida 101-motoo‘qchilar polkida xizmat qilgan. "Qizil yulduz" (1985 yil), "Vatan oldidagi xizmatlari uchun", "Do‘stlik" (2017 yil) ordenlari bilan mukofotlangan. O‘zbekiston hukumati tomonidan oltita medal bilan taqdirlangan.
— Tal’at Pardayevich, O‘zbekistondan Afg‘oniston hududidagi bo‘lgan jangovar harakatlarda necha kishi qatnashgan?
— Bizning respublikamizdan Afg‘onistonga 65 ming nafarga yaqin kishi chaqirilgan, jangchilarning 1520 nafari halok bo‘lgan, 2,5 mingga yaqini og‘ir tan jarohatlarini olganlar. Halok bo‘lganlar soni 1515 nafar degan ma’lumot ham bor, ammo bu o‘sha jangchining ota-onasi yoki yaqinlari boshqa mamlakatga ko‘chib ketgani va hujjatlar bo‘yicha respublikaga boshqa aloqasi yo‘qligi bilan izohlanadi. Biz 1-fevral kuniAfg‘onistonda halok bo‘lgan barcha jangchilar, shuningdek, O‘zbekiston erki va mustaqilligi uchun jon fido qilgani yurtdoshlarimiz nomlarini Xotira maydonidagi memorialga kiritamiz. 2-fevral kuni esa "Turkiston" saroyida bizning veteranlarimiz uchun katta tantanali konsert o‘tkaziladi.
— Hozirda mamlakatda yashayotgan afg‘on urushi veteranlari soni qancha?
— Afg‘onistondan qo‘shinlar chiqarilgan vaqtda respublikada baynalmilal-jangchilar soni 60 ming nafarga yaqin edi. Afsuski, o‘tgan yillar mobaynida turli kasalliklar va olingan jarohatlar asoratlari tufayli besh ming nafarga yaqini hayotdan ko‘z yumishdi - ahamiyat bering, bu jangovar harakatlar vaqtida halok bo‘lgan jangchilar sonidan ko‘proq. Vaqt afsuski, hech kimni ayamaydi.
— Urush vaqtidan 30-yildan ortiq vaqt o‘tdi. O‘shanda Afg‘onistonda qanday missiyani bajarayotganingiz haqida sizda aniq tushuncha bo‘lganmi? Balki o‘tgan yillar davomida o‘sha urushga nisbatan munosabatingiz o‘zgargandir?
— Men Afg‘onistonga Moskvadan ketganman. O‘sha vaqtda u yerda ishlardim. Leytenant unvoniga ega edim. O‘z ixtiyorim bilan borganman, meni yuborishlari uchun oltita ariza yozishimga to‘g‘ri kelgan, chunki bu ishni vatan oldidagi qarzim deb hisoblar edim.
Bilasizmi, bizning missiyamiz o‘ta muhim bo‘lib, 40-armiyadan so‘ng amerikaliklar, yevropaliklar va butun dunyo harbiy bo‘linmalari - bu mamlakatda amalga oshirgan ishlardan keskin farq qilardi. Biz birinchi navbatda mahalliy aholi bilan yaqindan ishlaganmiz - kasalxonalar, maktablar qurdik, qishloq xo‘jaligi, sanoat va ishlab chiqarishni rivojlantirdik.
Statistika esa afsuski, quvonarli emas: agar o‘shanda 1979-yildan 1989-yilgacha Afg‘oniston dunyodagi narkotiklar umumiy hajmining 7%ini qayta ishlagan bo‘lsa, hozirda bu raqam o‘nlab marotaba ortiqni tashkil qiladi. Biz bu negativ jarayonni ushlab turganmiz, nasha maydonlarini yo‘q qilardik, terroristik guruhlarning paydo bo‘lishiga to‘sqinlik qilardik. Men o‘shanda oddiy leytenant edim, hech qanday rahbarlik postlarini egallamaganman, ammo oddiy askar sifatida, bizning 40-armiya o‘z vazifasini va harbiylik burchini sharaf bilan bajardi, deb hisoblayman, mamlakatni munosib tark etdi va o‘zidan keyin ulkan infratuzilmalarni qoldirdi.
Yana shuni qayd etmoqchimanki, Afg‘onistonda jang qilgan vatandoshlarimiz, qo‘mondonlarimiz va askarlarimiz shunchaki pensiyaga chiqib dam olishayotgani yo‘q, balki mamlakat taraqqiyotiga o‘zlarining ulkan hissalarini qo‘shishmoqda. O‘zingiz o‘ylang, Afg‘oniston veteranlari orasidan yettita elchi chiqqan, xususan, O‘zbekistonning Rossiyadagi birinchi elchisi professor Yusuf Abdullayev, respublikaning Qozog‘istondagi birinchi elchisi Nosir Yoqubov, va Eronda 16-yil davomida O‘zbekiston dipmissiyasiga rahbarlik qilgan Ilhom Akramov va AQShdagi favqulodda elchi Shavkat Hamroqulov va ko‘plab boshqa diplomatlar. Bu insonlar shu bugunga qadar o‘z bilim va tajribalarini O‘zbekiston taraqqiyoti yo‘lida qo‘llamoqdalar.
— Oradan o‘n yilliklar o‘tib, sizlar birga ishlagan yoki suhbatda bo‘lgan afg‘onlarning o‘zlari sizlarga qanday munosabat bildirishmoqda?
— Ular bizni quchoq ochib qarshi oladilar va o‘sha yillarni hamisha minnatdorlik bilan yodga olishadi. Ular: "Sho‘roviy, sizlar haqiqiy edingizlar!", deyishadi. Men ko‘plab marotaba Afg‘onistonga delegatsiyani kuzatganman, urushdan keyin bir marta u yerda bo‘ldim. Bizni juda iliq va samimiy kutib olishgan. Aytgancha, hozir Termizda sayyohlik kompaniyasi ochilibdi, Afg‘onistonga turistik turlarni uyushtirish bilan shug‘ullanar ekan, ular ham bizni taklif qilib, har safar o‘z minnatdorchiligini bildiradilar.
Chunki mamlakatda bo‘lib turgan yillarimiz bizga qishloqning istalgan kishisi murojaat qilishi, gospitalga medikamentlar uchun kelishi yoki biz ochgan gospitalda malakali tibbiy xizmat olishi mumkin edi. Bundan tashqari biz ularga ko‘plab oziq-ovqatlar - shakar, non, grechka, unlar berganmiz, ko‘priklar, yo‘llar, butun boshli mikrorayonlarni qad rostlaganmiz. Ular buni yaxshi eslashadi.
— Urushdan keyin Afg‘oniston aholisi bilan qandaydir aloqalar saqlanib qolganmi? O‘zbekistonliklar bu davlatga borib turadilarmi?
— Biz hamisha aloqadamiz, iste’fodagi generallarni yoki Afg‘onistonning oddiy aholisini tadbirlarimizga chaqirib turamiz. Dariy tilini bilganim uchun, afg‘onlar bilan bemalol gaplasha olaman.
Afg‘onistonning tub aholisi orasida ko‘pi sovet qo‘shinlari chiqarib ketilgandan so‘ng doimiy yashash uchun O‘zbekistonga ko‘chib kelishgan, misol uchun Toshkentga va Samarqandga. Toshkentda Chilonzorda ular hatto o‘z kvartaliga va savdo rastalariga ega. Shunday qilib, ular ham O‘zbekiston va Afg‘oniston iqtisodiyotiga baholiqudrat hissa qo‘shib kelishmoqda. Mamlakatlarimiz rahbarlari bu munosabatlar va iqtisodiy aloqalar rivojlanishidan manfaatdor.
Keyingi vaqtlarda biz birgalikda ko‘pgina loyihalarni amalga oshirayapmiz, shulardan birini alohida ajratib ko‘rsatmoqchi edim. Men tarixni yaxshi bilaman va O‘zbekiston Afg‘onistonda inglizlar 300-yilda, hatto SSSR va o‘sha urushdan keyin na Yevropa, na amerikaliklar qila olmagan ishni amalga oshirgan deya ayta olaman. Biz bu davlat uchun juda zarur bo‘lgan Hayratondan Mozori-Sharifgacha bo‘lgan temir yo‘lni qurdik. Mingga yaqin yurtdoshlarimiz o‘z hayotlarini xatarga qo‘yib, urush ketayotgan bir paytda mamlaktaning og‘ir tabiiy va relyef shart-sharoitlarida 70 kilometr uzunlikka teng yo‘l, ko‘priklar, daryo o‘tkazgichlar, yer osti yo‘llari qurishdi. Bu chinakam qaharmonlik. Axir yangi yo‘l - bu hayot, bu infratuzilma, bu afg‘on xalqi uchun yuzlab, minglab ish o‘rinlari demak.
Hozirda bu temir yo‘l qurilishi Hirotgacha davom ettirilmoqda, yana bizning temiryo‘lchilarimiz mardonavor mehnati bilan qo‘shni mamlakatga yordam bermoqda. Bizning prezidentimiz Afg‘oniston bilan integrallashuv sari intilmoqda, bu davlatni iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. Bizning qo‘shni davlat bilan gaz va elektr energiyasi sohasida savdomiz bor, delegatsiyalarimiz bordi-keldi qilishadi, gumanitar va ilmiy sohalarda yaqindan hamkorlik o‘rnatganmiz. Biz Afg‘onistonning tinch rivoji uchun o‘z hissamizni qo‘sha olishimizdan faxrlanamiz, ilohim u yerda tinchlik o‘rnatilsin va mamlakat gullab-yashnasin.
— Afg‘on muammosini kuch ishlatish yo‘li bilan hal qilish ijobiy natija bermadi - na AQSh, na YeI bu mamlakatdagi holatni o‘zgartirishga erisha olmadilar. Sizningcha, kuch ishlatish yo‘li bilan muammoni hal etib bo‘ladimi yoki faqat iqtisodiy integratsiya Afg‘onistonni tinch hayotga qaytarishi mumkinmi?
— Ishonchim komilki, iqtisodiy integratsiya, hamkorlikdagi loyihalar va savdo aloqalari - Afg‘onistonda tinchlikka erishish uchun eng samarali strategiyadir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ham aynan shunday siyosatni yuritmoqdalar, va men, harbiy sifatida, bizning bosh qo‘mondonimiz pozitsiyasini to‘laligicha qo‘llab-quvvatlayman.
Afg‘onistonda xizmat qilganimda, men shu jumladan, mamlakat qishloq xo‘jaligini qayta tiklashda qatnashganman. Yaqinda davlatimiz rahbari afg‘on xalqiga yangi traktorlarni sovg‘a qilganlarida men ularning bu harakatlarini juda katta xursandchilik bilan qabul qildim. Axir ular uchun bu ulkan yordam, chunki u yerda deyarli hech vaqo yo‘q - bori ham chirib ketgan. Yevropaliklar va amerikaliklar ularga hech nima yetkazib bermagan. Prezidentimiz amalga oshirayotgan ishlar tinchlik sari eltuvchi yo‘ldir.
Biz afg‘onlar bilan suhbatda bo‘lamiz, va ular urushdan qanchalik toliqqanlarini ko‘ramiz. Ular Toshkent, Samarqand, Termez ko‘chalarida yurganlarida bizga qanchalik kuchli xavas bilan qarashadi... Ular har safar: "Sizlar qanchalik yaxshi hayot kechirayotganliklaringizni tushunmaysizlar, sizlar, haqiqiy jannatda yashaysizlar!", deyishadi. Keyin ular o‘zlarining jahannamiga qaytadilar, chunki u yerda urush hali tamom bo‘lmagan. Ularning birdan-bir orzui O‘zbekiston singari tinch mamlakatda yashash, bu shubhasiz.
— VETERAN uyushmasi qanday tashkil topgani haqida gapirib bering.
— O‘n yillik urushdan keyin minglab odamlar uylariga qaytdilar va tabiiyki, qo‘llab-quvvatlanish, yordam va reabilitatsiyaga ularda ehtiyoj paydo bo‘la boshladi. Bu kabi tashkilotlar avval butun Ittifoq bo‘ylab, keyin alohida respublikalarda aynan shu maqsadlarda tashkil etilgan edi.
1986 yil boshida Samarqand, Namangan va boshqa shaharlarda xuddi shunday uyushmalar shakllana boshladi. O‘shanda bu shunchaki baynalmilalchi-jangchilar klublari edi. Odamlar u yerga ish topishda yoki maishiy masalalarda yordam so‘rab kelardilar. 1993-yilda biz o‘sha vaqtda mavjud bo‘lgan besh yoki oltita tashkilotni bittaga birlashtirdik va u bugungi kunda VETERAN deb ataladi. Yubiley sana munosabati bilan biz Toshkentda 1-fevral kuni yirik anduman tashkil etayapmiz, tadbirda ishtirok etish uchun sobiq ittifoqda mavjud barcha tashkilot yetakchilari ishtirok etadilar. Bu biz uchun katta sharaf va biz hozirgi kunlarda ushbu keng ko‘lamli voqeaga tayyorgarlik ko‘rayapmiz.
— Tashkilot bugungi kunda avvalo qanday masalalar yechimi bilan ishlamoqda?
— Uyushmamiz sobiq ittifoq respublikalaridagi barcha shu kabi tuzilmalar bilan hamkorlikda ishlaydi. Faoliyatimizning asosiy yo‘nalishlari haqida gapirib bermoqchiman.
Birinchisi – bu ijtimoiy-tibbiy reabilitatsiya. Murakkab tomoni shundaki, davlatlar mustaqillikka erishgach ko‘plab idoralararo aloqalarda uzilish ro‘y bergan. Bugungi kunda biz bu aloqalarni sekin-asta yo‘lga qo‘yapmiz va boshqa imkoniyatlarni ham albatta ko‘rib chiqmoqdamiz.
Misol uchun, hozirgi kunda veteranlarga protez qilish uchun Rossiyaga bepul chiqib kelishlari imkoniyatini yaratadigan bitimni imzolash arafasidamiz. To‘g‘ri, hozirgi kunda tibbiyotimiz rivojlanayapti, yangi texnologiyalar paydo bo‘lmoqda, ammo bugun biz barcha sohalarda to‘laqonli xizmat ko‘rsatishni ta’minlay olmaymiz. Tibbiyotda murakkab yo‘nalishlar borki, shu bois, reabilitatsiyaning barcha jabhalarini qamrab olishning imkoni yo‘q. Ammo yaqin kelajakda bu ham O‘zbekistonda amalga oshirilishigia aminman.
Ikkinchi yo‘nalishimiz - yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash. Afg‘onistondan qaytgach biz Mehribonlik uylariga yo‘l olganmiz. O‘sha vaqtlarda bolalar uylarini tark etgach, huquqni muhofaza qilish idoralari ro‘yxatida turadigan o‘smir bolalar soni ko‘pchilikni tashkil qilardi. Albatta, o‘sha vaqtlarda bolalar uylari tarbiyalanuvchilari o‘zlarini yopiq joylarda yaxshi his etgan deb bo‘lmaydi. Biz ular bilan ishlaymiz, va bugun faxr bilan ayta olamanki, bugungi kunda bolalar uylaridagi shart-sharoitlar tamomila o‘zgacha. U yerda hammasi yevrostandart bo‘yicha amalga oshirilgan, bolalar ust-boshlari ham ozoda.
O‘sib borayotgan avlod bilan ancha yillardan beri ishlab kelamiz. Qarovsiz yoshlarni ko‘cha ta’siridan himoya qilish uchun biz ularni sportklublarga taklif qilardik, tog‘larga birga olib chiqar edik. Chunki ularga sog‘lom hayot tarzi haqida leksiya o‘qishning foydasi yo‘q, ular yelkalariga rukzak taqib tog‘ yo‘li bo‘ylab ko‘tarila boshlasalar va yuz metrdan so‘ng nafaslari bo‘g‘ila boshlagach, chekish va boshqa zararli odatlar nimaga olib kelishlarini aniq tushuna boshlaydilar. Biz, urush yo‘lini bosib o‘tgan jangchilar ularga vatanga muhabbat tuyg‘ularini singdirardik, ularni haqiqiy vatanparvar etib, vatan himoyachisi etib tarbiya qilardik. Erkak esa oila boshlig‘i sifatida jismonan baquvvat bo‘lishi va har qanday chaqiriqlarga qarshi turishga tayyor bo‘lmog‘i lozim.
Oradan yillar o‘tib bu bolachalar bizning oldimizga yuqori mansabli harbiylar sifatida kirib kelishganlarida juda quvonamiz. Bizning klubimizda tarbiya topganlar orasida oliy harbiy o‘quv dargohlarini tamomlagan minglab yoshlar bor, ular bugungi kunda Mudofaa vazirligi, Xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi tuzilmalarida qonun va tartibni himoya qilib kelishmoqda. Biz hech qachon o‘z oldimizga harbiylarni tarbiyalaymiz, degan maqsadni qo‘ymaganmiz, asosiysi, bu bolalar o‘z yurtining munosib farzandlari bo‘lib kamolga yetishsin va jamiyatning to‘laqonli, komil a’zolari bo‘lishsin.