TOShKENT, 5 dek — Sputnik. Prezident Ashraf G‘ani boshchiligidagi Afg‘oniston delegatsiyasi O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov hamrohligida Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodiga tashrif buyurdi.
Afg‘oniston delegatsiyasi O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan yengil va yuk mashinalari, qishloq xo‘jaligi texnikalari, maishiy uskunalar va boshqa sanoat mahsulotlari bilan tanishdi.
Tadbirda samimiy do‘stlik munosabatlarining ifodasi sifatida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan 25 dona "Isuzu" rusumli avtobus va "New Holland" markali 3 ta traktor O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan birodar Afg‘onistonga hadya etilgani e’lon qilindi.