TOShKENT, 7 mar – Sputnik. O‘zbekiston Avtomobil va daryo transporti agentligi o‘rnida O‘zbekiston Avtomobil transporti agentligi tashkil qilindi. Daryo transportini boshqarish vazifasi esa Favqulodda vaziyatlar vazirligi zimmasiga o‘tkazildi.
Bu haqida O‘zbekiston prezidentining 3589-sonli “Avtomobil transportini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida aytib o‘tilgan.
Hujjatda aytilishiga ko‘ra, bugungi kunda respublikada avtotransport ho‘jaliklarini modernizatsiya qilish zamonaviy talablar darajasida emas, sohada ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va intellektual transport tizimlari yetarli darajada joriy etilmayapti. Og‘ir yuk tashuvchi avtotransport vositalarining harakatdagi tarkibi parkining eskirganligi yuqoriligicha qolmoqda.
Undan tashqari, tashish jarayonlari, qatnov jadvallariga rioya etilishi, yo‘lovchilar tomonidan yo‘l haqini elektron tarzda to‘lash samaradorligi, tushumning yig‘ilishi va to‘laligi ustidan markazlashtirilgan dispetcherlik boshqaruvi va nazorati tizimi mavjud emas.
Yuqoridagilarni qayd etgan holda, hamda avtomobil transporti tizimini boshqarishni yanada takomillashtirish, avtotransport xizmatlari bozorini shakllantirish va rivojlantirish maqsadida:
1. O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining daryo transporti sohasidagi davlat boshqaruvi bo‘yicha vakolati O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligiga o‘tkazilsin.
2. O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi, O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi (keyingi o‘rinlarda “O‘zavtotrans” agentligi deb ataladi) etib qayta nomlansin.
“O‘zavtotrans” agentligining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari quyidagilar bo‘ladi:
- avtomobil transporti obyektlari va yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlovchi istiqbolli axborot-kommunikatsion texnologiyalarini va innovatsion yondashuvlarni keng qo‘llagan holda yangi boshqaruv tizimlarini joriy etib, avtomobil transporti sohasida yagona texnika siyosatini yuritish;
- avtomobil tashuvlarida xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha xalqaro normalar, ilmiy-tekshiruv, loyiha-konstruktorlik, texnologik ishlarni inobatga olgan holda texnik tartibga solish sohasida normativ xujjatlarning yagona ma’lumotlar bazasini ishlab chiqish va shakllantirish;
- qishloq aholi punktlarini, shaharlar, viloyat va tuman markazlarini bog‘lovchi yangi yo‘nalishlarni ochish, avtomobil transportini rivojlantirish bo‘yicha kompleks dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
Avtotransport sohasidagi professional o‘quv muassasalari
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Nukus avtomobil yo‘l-xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejini, Andijon transport va xizmatlar ko‘rsatish kasb-hunar kollejini hamda Samarqand avtomobil va yo‘llar kasb-hunar kollejini, ularning ta’minotini O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish tartibini saqlab qolgan holda, “O‘zavtotrans” agentligi tarkibiga o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
Rivojlanish jamg‘armasi
Ilmiy-tadqiqot ishlari, yo‘lovchi avtovokzallari va avtostansiyalari, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlariga qarashli bo‘lgan umumiy foydalanishdagi yo‘lovchi yo‘nalishlari oraliq bekatlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash bo‘yicha dasturlar, avtotransport vositalarini xarid qilish va avtomobil transportini boshqarish tizimiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, “O‘zavtotrans” agentligini saqlashni moliyalashtirish maqsadlari uchun yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan O‘zbekiston avtomobil transporti agentligining Avtomobil transportini rivojlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb ataladi) tashkil etilsin.
Jamg‘armani moliyalashtirish manbalari:
- shahar, shahar atrofi, shaharlararo va xalqaro avtomobilda yo‘lovchilar va yuk tashishlarni amalga oshirishga litsenziyalar berish va ularning amal qilish muddatini uzaytirish uchun to‘lanadigan davlat boji mablag‘larining 100 foizi;
Avtovokzal va avtostansiyalar O‘zavtotrans agentligi tasarrufiga o‘tkaziladi
O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda “O‘zavtotrans” agentligi va uning tomonidan tashkil etiladigan yangi mustaqil tashkilotlarga davlat tasarrufidagi avtovokzallar, avtostansiyalar, binolar va ishlab chiqarish maydonlarini berish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.