AQShdagi sarmoya tahlilchisi: O‘zbekiston Yaponiya darajasiga yetib olishi uchun imkoniyat bor

AQShdagi investitsiya kompaniyalaridan birining katta sarmoya tahlilchisi Arobiddin To‘raxonov o‘z faoliyati va O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida o‘rtoqlashdi
Sputnik

TOShKENT, 23 fev — Sputnik, Dilshodbek Asqarov. AQShdagi investitsiya kompaniyalaridan birida katta sarmoya tahlilchisi sifatida faoliyat yuritayotgan Arobiddin To‘raxonov O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, AQShdagi vatandoshlar hamda mamlakat taraqqiyoti borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

- Arobiddin, keling, yoshligingizni yodga olaylik.

- Andijon shahrida tug‘ilganman. Avvaliga shahrimizdagi 50- maktabda (parallel sinfda boks bo‘yicha jahon chempioni Ruslan Chagayev o‘qigan), keyinchalik 10-11-sinflarni akademik litseyda muddatidan avval tamomlaganman.

Imtihonsiz nostrifikatsiya: mingta eng yaxshi oliy o‘quv yurtlarini tamomlaganlar uchun

1990-92 yillari respublikada badminton bo‘yicha 1-o‘rinni egallab, O‘zbekiston bayrog‘ini Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro musobaqada baland ko‘targan kunim haligacha yodimda va o‘shandagi hissiyotni hech qachon unutmayman.

Andijon muhandislik-iqtisodiyot institutida (hozirgi Andijon mashinasozlik instituti) o‘qish davrida paxta terimiga chiqqanmiz va eng ko‘p paxta tergan talaba sifatida rektorimiz Tohirjon Iminov tomonidan qo‘l soati bilan taqdirlanganman. Bu soatni dadamga sovg‘a qilganman.

Arobiddin Turaxanov

Hayotimda asosiy o‘zgarish Toshkent Davlat texnika universiteti qoshidagi Malayziya-O‘zbekiston biznes boshqaruv fakultetiga qabul qilinganimdan keyin ro‘y berdi. Bu oliygoh fikrlashimni butkul o‘zgartirib tashladi. Bu maskanda erkin fikrlashga to‘sqinlik yo‘q, talabalar orasida raqobat kuchli ekanligi katta ahamiyatga ega bo‘ldi. 1996-2000 yillari bu fakultet kuchli hisoblangan. Bizning o‘sha paytdagi dekanimiz Rustam Qosimov bo‘lganlar. Ajoyib inson. Ingliz va arab tillarini mukammal biladi hamda haqiqiy psixolog. Shu inson sabab Londonda saboq olishga muyassar bo‘ldim. Darvoqe, o‘g‘limning ismi ham Rustam.

- Ilk bor ishlab topgan pulingizni eslay olasizmi? Qanday ishlab topgansiz va nimaga sarflagansiz? 

- Ha, albatta. Yetti yoshimda yoz faslida uch oy qishloqdagi qarindoshlarimnikida turganman. O‘shanda beda urug‘ini terib sotganman. Topgan pulimning bir qismini qo‘l soati sotib olishga sarflaganman. Buning sababi, vaqtni tejashni yaxshi ko‘rardim.

Keyinchalik tog‘alarimdan biri bilan qovun sotganman. To‘plagan pullarimga qadimiy qog‘oz pullar va tangalar sotib olardim. Andijon shahridagi muzeyga borib o‘sha yerdagi qadimiy pullarni tomosha qilardim.

- Hayotingizda kasbingizni tanlashingizga ta’sir qilgan voqea, kitob yoki inson bo‘lganmi?

— Bu borada bizning oilada dadam va onam orasida hamisha kelishmovchilik bo‘lgan. O‘sha davrda dadam ichki ishlar bo‘limida ishlagani uchun meni Moskvadagi Suvorov maktabiga yubormoqchi bo‘lganlar. Onam esa tug‘ruqxonada ishlagani uchun hamisha shifokor bo‘lishimni orzu qilganlar. Lekin taqdirim iqtisod va moliya sohasi bilan bog‘liq ekan.

Londonda o‘qib yurganimda "Yolg‘onchi broker — rogue trader" va"Maymuncha ish — monkey business" deb nomlangan, real voqealar asosida yozilgan moliya bozori mavzusidagi kitoblarni o‘qigan edim. Menda bu kitoblar kapital bozori qanchalik muhimligi to‘g‘risida taassurot qoldirgan.

-Kasbiy faoliyatingiz nimadan boshlangan? Bugungi darajangizga qanday erishgansiz? Ayni paytda ishingiz nimadan iborat?

— Kasbim tanlanishi tasodifiy. Afsuski, menda mentor (yo‘l ko‘rsatuvchi) bo‘lmagan va men ko‘p vaqtni boy berib qo‘ydim deb hisoblayman.

Samarqandda Koreyaning kasb-hunarga o‘qitish markazi ochildi

1997-98 yillari O‘zbekiston qimmatli qog‘ozlar bozorida brokerlik faoliyatini amalga oshirish litsenziyasiga ega bo‘lgan eng yosh mutaxassis bo‘lganman. Dastlabki ish faoliyatim ham Toshkent Fond birjasidan boshlangan.

Hozirda AQShdagi moliyaviy kompaniyalarning birida shu kompaniya o‘zi uchun sotib oladigan va sotadigan aksiya va obligatsiyalarni boshqarishda katta sarmoya tahlilchisi vazifasini bajaraman.

Har bir yutuq ortida ko‘p mehnat va sabr-toqat yotadi. Inglizlarda bir gap bor: Your level of success is only predetermined by your level of effort. Ya’ni sizning muvaffaqiyatingiz darajasi sa’y-harakatingizga bog‘liq.

- Ishingizning siz uchun qiziqarli jihati nimada?

— Qiziqarli tomoni shundaki, bozor hamisha o‘zgaruvchan va bu bizdan doimiy ravishda izlanishni, yangi narsalarni o‘rganishni, o‘z ustimizda ishlashni talab qiladi. Yana bir jihati — erkin fikrlash va do‘stona muhitning borligi.

- AQShdagi tajribangizdan kelib chiqib O‘zbekiston moliya muassasalari oldida turgan vazifa nimalardan iborat deb o‘ylaysiz? Amerika tajribasi O‘zbekistonda qo‘llash uchun mos keladimi? 

- Bilasizmi, ikkita bozor bor: tovar va moliya bozorlari. Tovar bozori sekin harakat qiladi, moliya bozori esa juda tez. Iqtisodni ko‘tarish uchun bank-kredit va qimmatbaho qog‘ozlar bozorlari tizimlarini ham rivojlantirish kerak deb o‘ylayman. Bu ham sarmoya olib keladi, ham kapital aylanishini tezlashtiradi.

Bank-kredit sohasida menimcha nemis va yapon tajribasini qo‘llash kerak. Ya’ni tadbirkordan (qarz oluvchidan) 110% garov talab qilish emas, balki uning tadbirkorlik faoliyatidagi muvaffaqiyat va inqiroz (SWOT analizi) ehtimollarini yaxshiroq o‘rganish va bank pulni qaytarib olgunga qadar tadbirkor faoliyatini nazorat qilish kerak. Fond bozori tajribasini AQShdan olsa bo‘ladi.

O‘zbekistonda sug‘urta bozori ham sust rivojlangan. U moliya bozorining asosiy qismlaridan biri.

Amerika tajribasi nima ekanligiga aniqlik kiritsak. Amerika iqtisodiyoti erkin bozor prinsipiga asoslanadi. Kapital erkin faoliyat yuritadi. Raqobat kuchli. AQShda eng ko‘p yangiliklar axborot texnologiyalari industriyasida kuzatiladi. Nega? Chunki bu sohaga hukumat eng kam aralashgan va bu soha eng ko‘p erkinlikka ega. Albatta, AQShda ham kamchiliklar yo‘q emas.

Davlat xususiy sektor bilan raqobat qilishi kerak emas. Buning uchun xususiylashtirish jarayonini tezlashtirish kerak. O‘zbekistonda bank sektorida 60% aktivlar davlatga tegishli banklar qo‘lida.

- O‘zbekistondagi o‘zgarishlarni kuzatib borasizmi? Bugungi islohotlar haqidagi fikringiz? Valyuta bozorining liberallashtirilishi mamlakat iqtisodiyotiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

— Ha, albatta, kuzatib boraman. O‘zbekiston mening vatanim. O‘zbekistonda har bir sohada inqilob bo‘lyapti. Afsus, buni hamma ham hali tushunib yetmadi. Bunday islohotlarga erishish uchun ayrim mamlakatlarda qon to‘kiladi yoki bunga umuman erisha olmaydi. O‘zbekistonda bu tinch yo‘l bilan kechayotganligi prezidentning dono siyosat yuritayotganligidan darak beradi.

2018 yilda so‘mni valyutaga onlayn tarzda ayirboshlash mumkin bo‘ladi

Birinchi yilning o‘zidayoq valyuta bozorining erkinlashtirilishi O‘zbekiston iqtisodiyotining eng katta yutuqlaridan biri bo‘ldi. Buning mevasini besh yildan keyin ko‘ra boshlaymiz.

Bilasizmi, valyuta bozorini erkinlashtirish yoki unday qilmaslik borasida yuqori doiralarda ko‘p munozaralar bo‘lgan, albatta. Menimcha, 2000-yillarda konvertatsiyani ochish kerak edi.

Fikrimcha, shu kungacha valyuta bozorining liberallashtirilmagani ko‘proq siyosiy masala bo‘lgan, iqtisodiy emas. Mana, konvertatsiya ochildi. Inqiroz bo‘ldimi?

Inqiroz bo‘lishi uchun iqtisodiyot katta bo‘lishi, spekulyativ hujum bo‘lishi kerak, ya’ni hamma birdaniga so‘mni sotishi va pulini olib chiqib ketishi, kapital tanqisligi va boshqalar. Bizda dollarizatsiya (jamg‘armasini dollarda saqlash) tizimi allaqachon hayotimizga kirib bo‘lgan. Qolaversa, O‘zbekistonning oltin-valyuta rezervlari 28 mlrd dollarga teng. Bu yalpi ichki mahsulotimizning deyarli 40% ini tashkil etadi. Tashqi qarzlar yalpi ichki mahsulotga nisbatan atigi 12-13% atrofida.

O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralari bir yil ichida 2 milliard dollarga ko‘paydi

Yana bir narsani aytib o‘tish zarur: valyuta inqirozi bu anomaliya, ya’ni hattoki sog‘lom iqtisodiyotda ham har 19-24 oyda kuzatilishi mumkin. Shuning uchun u bilan kurashish tizimini puxta ishlab chiqish kerak. Markaziy bank e’tiborni inflyatsiyaga emas, balki yalpi ichki mahsulot o‘sish darajasiga qaratishi kerak deb o‘ylayman.

Bugungi kunda Qozog‘iston yalpi ichki mahsuloti hajmi taxminan 190 mlrd dollarga teng. O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich uch baravar past. Shu bilan birga, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning 75%i Qozog‘istonga, 25%i esa Markaziy Osiyoning qolgan mamlakatlariga to‘g‘ri keladi. Lekin O‘zbekistonning imkoniyatlari, salohiyati va aholi soni Qozog‘istonnikidan yuqori.

- Sizningcha, qanday qilib Yaponiya va Singapur kabi rivojlangan davlatga aylanish mumkin?

— Yaponlar darajasiga erishish uchun yaponlar kabi fikrlash, yaponlar kabi mehnat qilish, yaponlarga o‘xshab halol turmush tarziga o‘tish kerak. 

Bilasizmi, arab davlatlaridan Yevropaga tashrif buyurgan islom ulamolaridan biri quyidagi gapni aytgan ekan: musulmonni ko‘rmadim, lekin islomni ko‘rdim.

Avvalambor halol yashashimiz, bir-birimizni aldash, birovning haqini yeyishdan uzoqroq yurishimiz kerak. Ko‘p muammolarning yechimi oddiy. Buning uchun Vatanni sevish, mas’uliyatni his qilish, milliy qadriyatlarimiz, muqaddas dinimiz va hadislarga tayanib yashash kerak deb o‘ylayman.

Bugungi kunda bo‘layotgan o‘zgarishlar shu tezlikda va shunday davom etsa, biz ham Yaponiya va Singapur darajasiga yetib olishimizga imkoniyat bor. Men prezident Shavkat Mirziyoyevga, xalqimga ishonaman, O‘zbekiston kelajagi buyuk davlat bo‘lishiga hech shubham yo‘q. Lekin bunga vaqt kerak, sabr va ko‘p mehnat talab qilinadi.

Rivojlangan davlatlar modellarining yaxshi tomonlarini o‘rganishimiz va o‘zimizga mos kelgan tomonlarini qo‘llashimiz, xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqani kuchaytirishimiz kerak. Unday qilmasak, Toj Mahallar AQSh, Yevropa va Rossiya kabi mamlakatlarda qurilaveradi.

- O‘zbekistonda ish samaradorligini oshirish uchun rahbarlar nimalarga e’tibor berishi kerak deb o‘ylaysiz?

— Katta islohotlar qilish mumkin, lekin ayrim narsalar o‘zgarishi uchun vaqt talab etiladi. Farzand tug‘ilishi uchun 9 oy, balog‘atga yetishi uchun 18-yil kutish kerak.

Hozir eng asosiysi, o‘z kasbining ustalarini, egalarini, halol insonlarni ishga jalb qilish. O‘zbekistonda iqtidorli yoshlar ko‘p, lekin aksariyati xususiy sektorda ishlamoqda. Agar davlat idoralari ishga qabul qilishni tanlov orqali qilsa, menimcha yaxshi mutaxassislarni jalb qilsa bo‘ladi.

Yoshlar ittifoqi Moliya vazirligiga 490 yigit-qizni tavsiya qildi

Buning uchun ishga qabul qilish tizimini qayta ko‘rib chiqish kerak, mustaqil test sinovlari, keyin esa suhbat kabi bosqichlar tashkil qilish kerak.

Eski avtobiografik anketalardan voz kechib, yangicha rezume kabi qarashlarni kiritish kerak. Ishga qabul qilish anketalaridagi yoshi, millati, qaynotasi, bobosi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning xodim malakasiga aloqasi yo‘q. Undan ko‘ra bilimi, xarakteri, tirishqoqligi, izlanuvchanligi, halolligiga e’tibor qaratilsa, menimcha samarasi yaxshiroq bo‘ladi.

Keyin, xodimlarga imtiyozlar (tekin sug‘urta, arzon uy, kredit va boshqalar) yaratilishi kerak. Yana bir muhim masala, ishga jalb qilgandan keyin ularning erkin fikrlay olishiga to‘sqinlik qilmaslik. Buning uchun ularni himoya qilish dasturi yaratilishi kerak. Ya’ni rahbariyat sababsiz (ishga bog‘liq bo‘lmasa) ishdan hayday olmasligi kerak. Mabodo ishdan haydalsa, bu insonlarga kamida olti oy mobaynida to‘liq oylik to‘lash kerak, chunki ularning ham oilasi, qorni bor. Shu vaqt ichida unga boshqa ish topib olish imkoniyati beriladi.

AQShda rahbar ishga o‘zidan aqlliroq insonlarni olishga harakat qiladi. Chunki ishni bajaradigan odamlar quyi pog‘onadagilardir. Rivojlangan davlatlarda rahbariyat va quyi qatlam o‘rtasidagi munosabat hurmat asosiga qurilgan. Misol uchun, bizning rahbar hech qachon xonasida o‘tirib olib, xodimni o‘zining oldiga chaqirmaydi. Savoli bo‘lsa, o‘zi oldimizga keladi va fikrimizga quloq soladi, hisoblashadi.

- AQShdagi o‘zbek diasporasi bilan muloqot qilib turasizmi? Ular O‘zbekistondagi o‘zgarishlar haqida qanday fikrda?

- Ha, albatta. Bu yerda do‘stlarimiz ko‘p, ular bilan aloqamiz bor. O‘zbekistondagi o‘zgarishlardan hamma xursand. Bo‘layotgan o‘zgarishlar, ayniqsa Milliy xavfsizlik xizmati bilan bog‘liq islohotlar ko‘pchilikda kelajakni O‘zbekiston bilan bog‘lash va qayta tiklash umidini kuchaytirdi. Biz o‘zbeklarda tarbiya boshqacha. Vatanga muhabbat kuchli. AQShda ham O‘zbekiston Mustaqilligi kunini osh bilan kutib olamiz.

- AQShdagi vatandoshlar O‘zbekiston ravnaqi uchun hissa qo‘shishga qay darajada tayyor? Ularning salohiyatidan foydalanish uchun qanday shart-sharoitlarni yaratish kerak?

— Ko‘p vatandoshlar Vatan rivojiga o‘z hissasini qo‘shishga tayyor. Buning uchun shart-sharoit, ya’ni ularning erkin faoliyat olib borishiga imkoniyat berilishi kerak.

AQShdagi o‘zbek tadbirkori: 20-yil ichida bu yerda birinchi o‘zbek milliarderini ko‘ramiz

O‘zbekistonda tizim qanday holatda ekanligi to‘g‘risidagi fikr birinchi bo‘lib xorijiy aeroportlarda "O‘zbekiston havo yo‘llari" xodimlariga yuklarni topshirish va chiptani registratsiya qilish paytida, keyingisi esa Toshkent aeroportiga qo‘ngandan keyin yukni olish va chegaradan o‘tish paytida hosil bo‘ladi.

- Kelgusida O‘zbekistonga qaytish yoki AQSh-O‘zbekiston hamkorligida biror loyihani amalga oshirish rejangiz bormi?

— Bunday rejalar yo‘q emas. Shaxsan men hech qachon bir umr AQShda qolib ketish niyatida emasman. Hozirgi kunda bir loyiha ustida ishlayapman. Nasib qilsa, ushbu loyiha orqali O‘zbekiston ravnaqiga oz bo‘lsa-da yana bir bor hissa qo‘shish istagidaman.