"Hamma o‘z bilganicha ishlab keldi": Mirziyoyev turizm sohasini tanqidiy tahlil qildi

O‘zbekiston prezidenti turistlarga sharoit yaratish, ro‘yxatga olish tizimini to‘liq elektron shaklga o‘tkazish , turizm xizmatlari eksportini 5-yil ichida ikki barobarga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi
Sputnik

TOShKENT, 23 fev — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev xorijiy turistlar oqimini ko‘paytirish va ichki turizmni yanada rivojlantirish, sayyohlik xizmatlarini yaxshilash va turlarini kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishini o‘tkazdi. Prezident turizmning iqtisodiyotdagi o‘rnini alohida ta’kidlab, mamlakatda bu boradagi ahvol va sohani rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar samaradorligini birma-bir tahlil qildi, deb xabar berdi O‘zbekiston TIV matbuot-xizmati.

O‘zbekistonga kelganda, albatta boriladigan 10ta joy
Ta’kidlanishicha, yig‘ilish tanqidiy ruhda o‘tgan.

Xususan, davlat rahbari O‘zbekiston turizm sohasida ulkan salohiyatga ega bo‘la turib, uzoq yillar bu imkoniyatdan to‘liq va samarali foydalanilmaganini ta’kidlab o‘tgan. "Turizm rivoji uchun qulay iqtisodiy va tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratilmadi, hamma o‘z bilganicha faoliyat yuritib keldi", — degan Mirziyoyev.

Turizmni rivojlantirish uchun qabul qilingan hujjatlar

O‘zbekiston prezidentining 2016-yil 2-dekabrdagi "O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq, sayyohlik mamlakat iqtisodiyotining strategik tarmog‘i sifatida belgilangan edi. Davlat rahbarining 2017-yil 16-avgustdagi qarori bilan 2018-2019 yillarda turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

O‘zbekistonning turizm bo‘yicha mutaxassislari xorijda tayyorlanadi

Joriy yil fevral oyining o‘zida Mirziyoyevning shu sohaga doir 4 ta muhim hujjati qabul qilindi. Ushbu hujjatlar bilan sohada yig‘ilib qolgan muammolarni hal etish, turizm salohiyatini oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi, ichki turizmni yanada rivojlantirishga ko‘plab imtiyozlar, yengilliklar berildi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va uning mintaqaviy tuzilmalari shtat birliklari oshirilgani, hududlarda turizm departamentlari va boshqarmalari, hokim o‘rinbosarlari lavozimlari tashkil etilgani mazkur tashkilotlarning imkoniyatlarini kengaytirdi.

Turistlar kelishi tartibi muntazam yengillashtirib boriladi

Joriy yilning 10-fevralidan boshlab Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur, Malayziya, Indoneziya, Turkiya va Isroildan kelayotgan turistlarga mamlakatimizda 30 kungacha vizasiz bo‘lishga ruxsat berildi. Bundan tashqari, 39 mamlakat fuqarolariga viza berish tartibi soddalashtirildi. 2018-yil 1-iyuldan elektron vizalar joriy qilinadi.

O‘zbekistonda 2018-yilda elektron viza tizimi ishga tushadi
22 fevral kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda elektron viza tizimini belgilangan muddatda to‘liq ishga tushirish, jahon tajribasini o‘rgangan holda bu tizimni yanada soddalashtirish va xorijiy turistlar kelishi tartibini muntazam yengillashtirib borish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Turistlar mamlakatga kelgandan so‘ng yashash joyi bo‘yicha 3 kun ichida ro‘yxatdan o‘tishi zarurligi ularga noqulaylik tug‘dirayotgani qayd etildi. Sayyohlar xavfsizligini ta’minlash huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning vazifasi bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

"Turist sayohat qilishi, ichki ishlar idoralarida sarson bo‘lmasligi kerak. Agar biz turizm hisobiga ish o‘rinlari ochamiz desak, turistga shart qo‘yish emas, balki sharoit yaratishimiz zarur", degan O‘zbekiston prezidenti.

Shu bois ro‘yxatga olish tizimini to‘liq elektron shaklga o‘tkazish, bu masalani ichki ishlar idoralari, mehmonxonalar, davolash muassasalari, xususiy uylar va shu kabi joylashtiruvchi jismoniy va yuridik shaxslarning majburiyati sifatida belgilash, turistlarni bunday tashvishdan xoli qilish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Turistlar oqimini ko‘paytirish bo‘yicha reja qo‘yildi

Yig‘ilishda 2017-yilda O‘zbekistonga qariyb 2 million 700 ming turist tashrif buyurgani aytildi. Bu ko‘rsatkich sifat jihatidan tahlil qilinib, qarindoshlarini ko‘rish, davolanish, o‘qish yoki tijorat kabi maqsadlarda kelayotganlar ko‘pchilikni tashkil etishi ta’kidlangan.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda, turizmning barcha istiqbolli yo‘nalishlarida sayyohlar sonini ko‘paytirish, turizm xizmatlari real eksportini 5-yil ichida kamida ikki barobar oshirish vazifasi qo‘yildi.

Prezident "O‘zbekiston havo yo‘llari" faoliyatidan norozi bo‘ldi

Jahon sayyohlik tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab sayyohlarning qariyb 60 %i eng qimmat ekaniga qaramasdan, havo transportidan foydalanadi. "O‘zbekiston havo yo‘llari" milliy aviakompaniyasining bu boradagi sustkashligi qattiq tanqid qilindi. Aviachiptalar narxini optimallashtirish, yangi reyslar ochish, tranzit yo‘lovchilarni tashish imkoniyatini oshirish va aviaqatnovlar geografiyasini kengaytirish bo‘yicha natijali ish olib borilmayapti.

Rozuqulov "O‘zbekiston Havo yo‘llari" MAK rahbarligidan ozod qilindi

Shundan kelib chiqib, "O‘zbekiston havo yo‘llari" milliy aviakompaniyasi oldiga qator vazifalar qo‘yildi. Ularga muvofiq, aviakompaniya tizimiga zamonaviy marketing joriy etiladi, dunyo aeroportlarida mavjud bo‘lgan maxsus moslamalar, mobil aloqa vositalari yordamida aviachipta sotib olish imkoniyatlari yaratiladi.

Chet el tajribasini o‘rganish asosida "Qarshi" aeroportida "Ochiq osmon" rejimi joriy qilinib, sayyohlarga keng erkinlik yaratilmoqda. Kelgusida shunday tizim Andijon, Nukus va Navoiy aeroportlarida ham qo‘llanadi.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, 30 kungacha viza olish bekor qilinganidan keyin ikki kun ichida Isroildan O‘zbekistonga kelish uchun iyun oyigacha bo‘lgan aviachiptalar sotib bo‘lingan. Shu bois viza rejimi bekor bo‘lgan davlatlardan qatnovlar soni oshiriladi, Toshkent shahridan tashqari Buxoro, Samarqand, Urganch, Navoiy va Qarshi shaharlariga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar ochiladi.

Prezident sayyohlarning kayfiyatiga ta’sir qiladigan eng kichik jihatlargacha e’tibor qaratdi. Aeroportlar zallaridagi chiroqlar xiraligi, pasport nazorati kabinalari to‘liq ishlamasligi, uzundan-uzoq sun’iy navbatlar, taksi xizmati ko‘rsatuvchi xususiy avtomobil egalarining tartibsizligi kabi holatlarni yaxshilash bo‘yicha ham topshiriqlar berildi.

Mehmonxonalar soni ko‘paytiriladi, tadbirkorlarga yer beriladi

Turizmda mavsumiy davrni uzaytirish, ko‘rsatiladigan xizmat turlarini ko‘paytirish va turizm infratuzilmasini yaxshilash masalalari muhokama qilinar ekan, mehmonxonalarning asosiy qismi Toshkent, Buxoro va Samarqand shaharlarida ekani, turistlar oqimi oshgan davrda ularda ham joy yetishmasligi qayd etildi. Mehmonxonalarni ko‘paytirish, shu bilan birga, bu yo‘nalishda xususiy joylashtirish obyektlari va mehmon uylari tashkil etish, tadbirkorlarga yer ajratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Sayyohlar tashrif buyuradigan maskanlar va avtomagistral yo‘llar bo‘yida sanitariya-gigiyena shoxobchalarini ko‘paytirish zarurligi ta’kidlab o‘tildi.

Mehmonxonalarda Qur’on, joynamoz va qibla ko‘rsatgichi bo‘lishi shart etib belgilandi

Madaniy meros obyektlariga kirish tizimini takomillashtirish, turniketlar, videokameralar va yo‘l ko‘rsatkichlari o‘rnatish, axborot markazlari tashkil etib, ularda turistlarni qiziqtiruvchi barcha xizmatlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilishda yangi xizmat va savdolar tashkil etish orqali valyuta tushumini ko‘paytirish masalasiga alohida ahamiyat qaratildi. Xususan, suvenirlar ishlab chiqarish va ularni maxsus kiosklarda sotish, aeroportlarda faoliyat yuritadigan "Duty Free", "Tax Free" tizimidagi savdo shoxobchalarini turistik shaharlarda ham ochish, tadbirkorlik subyektlarini jalb qilgan holda avtomobil ijarasi markazlari va Wi-Fi zonalar tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.

Qadimiy shaharlarda tunu kun ishlaydigan sayyohlik hududlari, "Qadimiy Buxoro" va "Samarqand siti" turistik zonalari tashkil etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan mutasaddilarning hisoboti tinglandi.