O‘zbekiston sud islohoti tizimida qaysi yo‘ldan bormoqda?

Oliy sud raisining 2018-yilda O‘zbekiston sud-huquq tizimida yuz berishi kutilayotgan o‘zgarishlar haqidagi axborotini tinglagan xorijiy davlatlar elchilari, kutilayotgan o‘zgarishlarni o‘ta muhim deb baholadilar va O‘zbekistonda sudning roli, sudya vakolatlari kengaytirilayotganini ijobiy baholadilar
Sputnik

TOShKENT, 7 fev — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumlar zalida davlat dasturida belgilangan qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish sohasidagi chora-tadbirlarga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Prezident farmoniga muvofiq 2 700 nafar sudlanganlar afv etiladi
Yig‘ilishda akademik Akmal Saidov, O‘zbekiston sudyalari assotsiatsiyasi raisi Ubaydulla Mingboyev, O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi raisi Baxtiyor Mirboboyev, O‘zbekiston sudyalar kengashi raisi Marufjon Usmonov, BMT taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Xelena Freyzer, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori Jon Makgregor, elchilar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, O‘zbekiston va xorijiy OAVlar vakillari, shu jumladan, Sputnik O‘zbekiston muxbirlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Oliy sudi raisi Kozimjon Komilov mamlakat sud-huquq tizimida yuz berayotgan tarixiy o‘zgarishlar va yangilanishlar haqida doira suhbati ishtirokchilariga axborot berdi.

O‘zgarishlar shamoli

Komilov tadbirkorlik subyektlarining qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan 85 ta iqtisodiy sudlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgani, sudyalarni tanlash va lavozimlarga tayinlashda noqonuniy aralashuvlarning oldini olish, bu borada oshkora va muqobil tanlov tizimini yaratish maqsadida Sudyalar oliy kengashi ta’sis etilgani haqida ta’kidlab o‘tdi.

Farg‘ona sudyalari viloyat xalqi oldida qasamod qildilar
"Dunyoning taraqqiy etgan davlatlari ilg‘or tajribasini chuqur o‘rganish asosida mamlakatimiz tarixida ilk bor sudya lavozimiga muddatsiz tayinlash amaliyoti joriy qilindi. Shu asosda sudyalarning fuqarolar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha mustaqilligining kafolatlari kuchaytirildi", — dedi Komilov.

Komilovga ko‘ra, O‘zbekistonda sud-huquq islohotlarini izchillik bilan davom ettirish, sud hokimiyatining tom ma’nodagi mustaqilligini ta’minlash, qonunchilik asoslarini izchillik bilan takomillashtirib borish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi. Xususan joriy yilda Oliy Majlis huzurida Sud hokimiyatini mustaqilligini ta’minlashga ko‘maklashish komissiyasi tashkil etiladi. Parlament komissiyasining asosiy vazifasi — fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar, xalq bilan bevosita uchrashuv va muloqot jarayonida ko‘tarilayotgan masalalarni umumlashtirish, parlament so‘rovi orqali haqqoniy vaziyatni tahlil qilish, Oliy sud va Sudyalar oliy kengashi bilan birgalikda muammolarni hal etish mexanizmlarini yaratish bo‘ladi.

Sudya tanlashda jamoatchilik fikri o‘rganiladi

Oliy sud raisining so‘zlariga ko‘ra, endilikda sudyalar mustaqilligini ta’minlash maqsadida sudyalar maqomining huquqiy asoslari yanada takomillashtiriladi. Sudyalik lavozimiga tayinlanayotgan nomzod bo‘yicha tuman va shahar jamoatchiligi fikrini o‘rganish tartibi joriy qilinadi.

Tergovga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi

Endilikda O‘zbekistonda tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va tergovning har tomonlama xolisona yuritilishini ta’minlashga qaratilgan choralar ishlab chiqiladi.

Tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, tergov yoki sud faoliyatiga har qanday ko‘rinishda, turli xil tarzda aralashganlik uchun jazo choralari kuchaytiriladi.

"Adolat saroyi"

Markaziy sud organlari va muassasalari faoliyati uyg‘unligini ta’minlash maqsadida ularning joylashuvi qayta ko‘rib chiqiladi. Markaziy sud organlari va muassasalarini o‘zida birlashtiradigan "Adolat saroyi" majmualari barpo etiladi.

Sud tizimi xodimlarini tayyorlash va malakasini oshirish maqsadida O‘zbekiston Odil sudlov akademiyasi barpo etiladi.

Qiynoq ostida olingan dalillar sudda o‘tmaydi - prezident farmoni
Prokuror vakolati sudga o‘tkaziladi

Rivojlangan davlatlarning ilg‘or tajribasiga asoslangan holda, "Xabeas korpus" institutini yanada kengaytirish doirasida surishtiruv va dastlabki tergov ustidan sud nazorati yanada kuchaytiriladi. Fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari himoyasini kuchaytirish maqsadida tintuv va telefon so‘zlashuvlarini eshitishga sanksiya berish vakolati prokurordan sudga o‘tkaziladi.

Ko‘rsatuv berishga majburlaganlik uchun jazo belgilanadi

Fuqarolarning huquq va erkinliklarini jinoyat protsessida jinoiy tajovuzlardan himoya qilishning ishonchli kafolatlarini ta’minlash, ularning sha’ni va qadr-qimmati kamsitilishiga, qonuniy manfaatlari cheklanishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan yangi mexanizmlar amaliyotga joriy etiladi.

O‘zbekistonda sudyalar ustidan nazorat kuchaytiriladi
Protsessual qonunchilik normalarini buzgan holda olingan ko‘rsatuvlar, ekspert xulosasi, ashyoviy dalillar hamda boshqa materiallardan dalil sifatida foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi. Shaxsni noqonuniy ushlab turish, qamoqqa olish, jinoiy javobgarlikka tortish yoki hukm qilishga sabab bo‘lgan, hujjatlar yoki ashyolarga bila turib yolg‘on ma’lumotlar va boshqa buzib ko‘rsatilgan faktlarni kiritish, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ko‘rsatuv berishga majburlash, ish bo‘yicha haqiqiy holatlarni buzib ko‘rsatish orqali dalillarni qalbakilashtirganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etiladi.

Shuningdek, jinoyat haqida yolg‘on xabar va yolg‘on guvohlik berganlik uchun javobgarlikni yanada kuchaytirish nazarda tutilmoqda.

Jinoyat sodir etgan shaxslarni jinoiy ta’qib qilish muddatlari maqbullashtiriladi

Ayrim jinoyat tarkiblarini jinoyat toifasidan chiqarish, javobgarlikka tortish muddati o‘tib ketganligi munosabati bilan jinoyat uchun javobgarlikdan ozod qilish muddatlarini qisqartirish, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etilgan kundan boshlab o‘n yil muddat o‘tgan bo‘lsa, shaxsni javobgarlikka tortish mumkin emasligini belgilovchi qoidalar amalga joriy etiladi.

Jinoyat ishini ko‘rib chiqish muddati tezlashtiriladi

Jinoyat ishini ko‘rib chiqishning tezkorligi va samaradorligini oshirish, protsessual hujjatlarni rasmiylashtirishni soddalashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqiladi. Ya’ni jinoyatni ro‘yxatga olish va tergov qilishdan to hukmni ijro etishgacha bo‘lgan jarayonni o‘z ichiga olgan "elektron jinoyat ishi" tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Oliy sud raisining 2018-yilda O‘zbekiston sud-huquq tizimida yuz berishi kutilayotgan o‘zgarishlar haqidagi axborotini tinglagan xorijiy davlatlar elchilari, kutilayotgan o‘zgarishlarni o‘ta muhim deb baholadilar, O‘zbekistonda sudning roli, sudya vakolatlari kengaytirilayotganini ijobiy baholadilar va bu boradagi islohotlarga o‘z hissalarini qo‘shishga, birgalikda hamkorlik qilishga tayyorliklarini bildirdilar.