Aripov: O‘zbekiston va Rossiya bir-biri haqidagi eski tasavvurlarni yangilashi kerak

© SputnikDirektor Instituta strategicheskix i mejregionalnix issledovaniy Eldor Aripov
Direktor Instituta strategicheskix i mejregionalnix issledovaniy Eldor Aripov - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 09.11.2026
Obuna bo‘lish
Eldor Aripov mediaforumda jurnalistlarni O‘zbekiston va Rossiyaning bugungi hayotini eski qoliplarsiz yoritishga chaqirdi.
TOShKENT, 9 noya — Sputnik. O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanayotgan bir paytda, ikki mamlakat jamiyatlarining bir-biri haqidagi tasavvurlari ham bu o‘zgarishlarga mos ravishda yangilanishi kerak.
Bu haqda O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov III Rossiya–O‘zbekiston mediaforumida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Aripovning ta’kidlashicha, ikki mamlakat o‘rtasida oliy darajadagi ishonchli muloqot, strategik loyihalar, sanoat, investitsiya va gumanitar hamkorlik kengayib bormoqda.
Biroq bu o‘zgarishlar ikki mamlakat jamiyatlarining bir-biri haqidagi tasavvurlarida ham to‘liq aks etayotgani muhim masala bo‘lib qolmoqda.
Uning fikricha, odamlar boshqa mamlakatlar haqida ko‘pincha yillar davomida shakllangan tasavvurlarga tayanadi. Mamlakatlar o‘zgarsa-da, ular haqidagi bunday qarashlar o‘nlab yillar davomida o‘zgarmay qolishi mumkin.
Masalan, xalqaro axborot maydonida O‘zbekiston ko‘pincha Samarqand, Buxoro, Buyuk ipak yo‘li, boy madaniy meros va mehmondo‘stlik bilan bog‘lanadi.
Biroq bugungi O‘zbekiston faqat tarixiy meros bilangina cheklanmaydi. Mamlakatda zamonaviy sanoat tarmoqlari shakllanmoqda, ilmiy-texnologik salohiyat rivojlanmoqda, tadqiqotchilar, muhandislar va tadbirkorlarning yangi avlodi yetishib chiqmoqda.
"O‘zbekistonni nafaqat uning o‘tmishi prizmasi orqali, balki zamonaviy yutuqlari, imkoniyatlari hamda kelajak sari intilishlari orqali ko‘rish muhimdir", — dedi Aripov.
Uning fikricha, Rossiya ham o‘z navbatida shunga o‘xshash muammolarga duch kelmoqda.
Aripov raqamli texnologiyalar va ijtimoiy tarmoqlar ta’siriga ham to‘xtaldi. Bugun boshqa mamlakatlar haqida axborot olish imkoniyati kengaygan bo‘lsa-da, bir nechta yangilik, videorolik yoki hissiy izoh asosida butun bir davlat haqida tasavvur shakllantirish osonlashgan.
"Axborot tobora ko‘payib bormoqda, ammo bu bir-birimizni yaxshiroq tushunyapmiz, degani emas", — dedi u.
Uning ta’kidlashicha, ijtimoiy tarmoqlar algoritmlari foydalanuvchilarga ko‘pincha ularning mavjud qarashlariga mos axborotni ko‘rsatadi. Bu esa mamlakatlar haqidagi eski stereotiplarni yanada mustahkamlashi mumkin.
Shu sababli professional jurnalistika odamlarga voqealarni kengroq nuqtayi nazardan ko‘rish, o‘zgarishlarning sabablarini tushunish va odatiy tasavvurlar doirasidan chiqishga yordam berishi lozim.
Aripov o‘zaro tushunish barcha masalalarda bir xil fikrda bo‘lishni anglatmasligini ham alohida ta’kidladi. Uning fikricha, mamlakatlar bir-birining manfaatlari, tarixiy tajribasi va mustaqil nuqtayi nazarini hurmat qilgan holda muloqotni davom ettirishi muhim.
Media hamkorlikda esa asosiy e’tibor qo‘shma jurnalistik loyihalar, kasbiy aloqalar va yosh jurnalistlar o‘rtasidagi muloqotni kengaytirishga qaratilishi kerak.
Aripovning ta’kidlashicha, bugun O‘zbekiston va Rossiyada mustaqil taraqqiyot yillarida voyaga yetgan yangi avlod faol hayotga kirib kelmoqda. Ikki mamlakat munosabatlarining kelajagi ko‘p jihatdan aynan shu avlodga bog‘liq.
Tarixiy yaqinlik muhim bo‘lib qolsa-da, uning yangi avlodlar uchun ahamiyati amaliy hamkorlik, bevosita muloqot va birgalikdagi yutuqlar bilan mustahkamlanishi lozim.
Institut direktori mediaforum O‘zbekiston va Rossiya jurnalistlari o‘rtasida yangi qo‘shma tashabbuslarni boshlash va ikki mamlakat haqidagi bilimlarni kengaytirish uchun maydon bo‘lishiga umid bildirdi.
Sherzod Asadov predlojil chetire napravleniya mediasotrudnichestva s Rossiyey. - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 09.11.2026
Mirziyoyev va Putin do‘stligi O‘zbekiston va Rossiya munosabatlari asosidir — Asadov
Yangiliklar lentasi
0