Shura Villa: o‘tmish “jonlanadigan” maskan
© Sputnik
Obuna bo‘lish
Eksklyuziv
Svetlana Seredina — buvisining eski uyini ijod va nostalgiya makoni qilgan toshkentlik fotosuratchi. Bu joyga kirgan insonni o‘tmish xotiralari va iliq muhit o‘rab oladi
TOShKENT, 7 dek — Sputnik. Toshkentda, Furqat bog‘iga yaqin joyda, shinam hovlisi bilan kichkina bir uy bor. Bu - Shura Villa. Bu yerga kelganingizda, vaqt mashinasi haqiqatan ham borligini his qilasiz. Ayiqchalar bilan gilam, popukli torsher, chinni idish-tovoqlar to‘plami, radiopriyomnik va Yeseninning portreti - bularning barchasi go‘yo bizni o‘tmishga qaytarib, bolalik damlarimizni eslatadi.
60-yillardan beri uyning bekasi rus tili va adabiyoti o‘qituvchisi Aleksandra Ivanovna Seredina edi. 2007-yilda, u olamdan o‘tgandan keyin, xonadon bo‘shab qoldi. 2024-yilga kelib, uning nabirasi Svetlana Seredina ko‘plab iliq va yorqin xotiralarni saqlab qolgan uyni qayta tiklashga qaror qildi. U bu joyni mahorat darslari, foydali uchrashuvlar, fotosessiyalar va filmlarni suratga olish uchun ijodiy maydonga aylantirdi.
“Dastlab, bolaligimda buvimnikiga mehmonga kelganimda, bu iliq joyni saqlab qolishni istardim. Darslardan keyin u meni quymoqlar bilan mehmon qilardi, divanga yotqizib: “Dam ol, keyinroq darslaringni qilasan”, - derdi. Mana shu yerda his etgan cheksiz mehr va g‘amxo‘rlik lahzalari - bugungi kunda bizga yetishmayapti. Shuningdek, o‘zim uchun kichkina ustaxona yaratmoqchi edim, chunki kashta tikishni yaxshi ko‘raman, bu yerga kelib, tinchlikda sevimli mashg‘ulotim bilan shug‘ullanishni xohlardim. Ammo shunday bo‘ldiki, bu yerga boshqa odamlar ham kela boshladi”, - deb jilmayib hikoya qiladi Svetlana.
So‘ng ta’mirlash vaqti keldi, buni amalga oshirish oson emas edi: har qanday usta ham Sovet davri retro uslubini tiklashga rozi bo‘lavermaydi: plastik derazalarsiz, osma shiftlarsiz va yuviladigan gulqog‘ozlarsiz.
Bundan tashqari, Svetlana uchun bir paytlar oilasida bo‘lgan, ammo turli sabablarga ko‘ra saqlanib qolmagan buyumlarni topish muhim edi. Bu ishda katta oilaviy fotoarxiv yordam berdi: eksponatlar fotosuratlar asosida izlandi.
“Hozir buyumlar kolleksiyasi boshqalar hadya, sovg‘a qilgan yoki men sotib olgan narsalar bilan ham to‘ldirilmoqda, albatta, agar bu narsalar interyerga aniq mos kelishini bilsam”, - deydi Svetlana.
Aytganday, odamlar ta’mirlashdan oldin ham bu yerga kela boshlagan edi.
“Otamni vafotidan keyin fotoarxivni ko‘rib o‘tirgan edim. Uning slaydlarida juda ko‘p fotosuratlar saqlanib qolgan ekan. Shu sababli, bu yo‘qotishni yengib o‘tish uchun bu yerda oilamiz haqidagi otamning fotosuratlari ko‘rgazmasini o‘tkazishga qaror qildim. Yanvarda otam olamdan o‘tdi. Mart oxirida, ikki oy o‘tgach, bu tashlandiq uyda hamma narsa juda iflos va ta’mirsiz bo‘lsa-da, devorlarga oilamizning fotosuratlarini osdim va odamlar kelishdi. Ular o‘z oilalari haqida hikoyalar aytib berishardi, chunki bu xonadonning o‘zi boshqa odamlarga aloqasi yo‘q bo‘lsa ham, u sovet davridagi bolaligimizni eslatardi - bu barcha MDH mamlakatlarida odatiy bo‘lgan bir xil parda, gilam va divanlar”, - deydi Seredina.
Keyinchalik Shura Villa dagi ko‘rgazmalarni boshqa ijodkorlar - rassom va fotosuratchilar o‘tkaza boshladi, bundan tashqari, bu yerda tez-tez mahorat darslari, qizlar davrasi va choy ziyofatlari o‘tkaziladi. Hatto klip va filmlar ham suratga olinadi. Bu yerga odamlar tinch muhitda va internetsiz muloqot qilish uchun yig‘iladi, chunki bu yerda internet umuman yo‘q: uyda mobil internet deyarli ishlamaydi, Wi-Fi ham yo‘q.
“Ilgari ko‘proq muloqot qilardik, dasturxon atrofida to‘planib bir-birimiz bilan suhbatlashardik. Hozir esa hatto dasturxon atrofida ham odamlar tez-tez messenjerlarini tekshirishga, chalg‘ishni boshlaydi va buning natijasida chuqur muloqot yo‘qolmoqda. Odamlar bu yerga kelganlarida, dastlab nimadir yuklashga urinishadi, keyin esa bu yerda internetsiz hudud ekanligini tushinishadi. Dastlab taranglik sezilsa-da, keyin ular bir-birlari bilan yaqinlashib, choy ustida suhbatlasha boshlaydilar va qalblarida iliq tuyg‘ular bilan ketadi”, - deydi Svetlana.
Shura Villa ga odamlarni nima jalb qilishi haqidagi savolga uning yangi egasi aniq javob bera olmaydi.
“Bir tomondan, kompyuter va gadjetlarda o‘tirib, qo‘l mehnatini sog‘ingandirmiz. Bu yerdagi mahorat darslarida kashta tikamiz, to‘qiymiz, yasaymiz — odamlar, menimcha, bunga intiladi. Boshqa tomondan, bu joy interyeri va undagi buyumlar bilan bog‘liq. Sovet davrida uylarning jihozlari ko‘pincha bir xil bo‘lardi: bir xil shisha baliqchalar, kahrabo rasmlar yoki yog‘och shkaflar... Bugun biz xilma-xillik davrida yashasak-da, noyob va o‘ziga xos narsalarni izlashni boshlaymiz, va aynan o‘sha sovet davri buyumlari bugungi kunda noyob bo‘lib bormoqda”, — deydi u.
Toshkentdagi kichik xonadonda o‘tmish qanday jonlanishini Sputnik O‘zbekiston videosida tomosha qiling.
