Suriya prezidenti mamlakatda o‘t ochishni to‘xtatish haqida e’lon qildi
17:59 19.07.2025 (yangilandi: 18:09 19.07.2025)

© Getty Images / Anadolu/Tamam Jerbi
Obuna bo‘lish
Suriya rasmiylari barcha hududlarda jangovar harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish, tinch aholini himoya qilish va gumanitar yordamni to‘siqsiz yetkazishga chaqirdi.
TOShKENT, 19-iyul — Sputnik. Suriyaning o‘tish davri prezidenti Ahmad ash-Shara mamlakatda keng qamrovli o‘t ochishni to‘xtatish haqida e’lon qildi, deb xabar berdi “SANA” agentligi.
“Mamlakat hozirda boshdan kechirayotgan alohida holatlarni hisobga olib, qon to‘kilishiga chek qo‘yish, Suriya hududi birligi va uning aholisi xavfsizligini saqlab qolish, milliy va gumanitar mas’uliyatni hisobga olgan holda, Suriya Arab Respublikasi rahbariyati zudlik bilan keng qamrovli o‘t ochishni to‘xtatishni e’lon qiladi”, — deyiladi prezident ma’muriyati bayonotida.
Suriya rasmiylari barcha hududlarda jangovar harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish, tinch aholini himoya qilish va gumanitar yordamni to‘siqsiz yetkazishga chaqirdi.
Qayd etilishicha, o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzish mamlakat suverenitetini buzish sifatida baholanadi va qonuniy choralar ko‘rishga sabab bo‘ladi.
O‘z navbatida, Suriya IIV rasmiy vakili Nuriddin al-Baba janubdagi Suvayda provinsiyasiga ichki xavfsizlik kuchlari kiritilgani haqida xabar berdi.
Druzlar bilan to‘qnashuv
13 iyul, yakshanba kuni Suriya janubidagi Suvayda provinsiyasida druzlar yashaydigan aholi punktlariga qurolli to‘dalar tomonidan hujum uyushtirilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.
Druzlarning o‘z-o‘zini mudofaa qilish bo‘linmalari tinch aholini himoya qilish uchun jangga kirishdi.
Seshanba kuni Damashq jabrlangan hududlarga qo‘shinlar va Ichki ishlar vazirligi kuchlari kiritilganini e’lon qildi. Operatsiyadan maqsad noqonuniy tuzilmalarni yo‘q qilish ekanligi aytilgan.
Mamlakat Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, to‘qnashuvlarda 30 dan ortiq odam halok bo‘lgan, 100 dan ortiq kishi jarohatlangan, Suriya o‘tish davri hukumatining 20 nafar jangarisi ham halok bo‘lgani xabar qilingan.
Chorshanba kuni Isroil harbiy-havo kuchlari druzlar jamoasini himoya qilish maqsadida Damashqdagi Bosh shtab va prezident saroyiga zarba berdi.
Keyinroq Suriya xavfsizlik kuchlaridagi manba “Al-Jazira” telekanaliga barcha noqonuniy guruhlar Suvaydani tark etganini aytdi.
