Birinchi apreldan nimalar o‘zgaradi?
CC0 / Unsplash / Mockaroon / Kalendar. Illyustrativnoe foto

Obuna bo‘lish
Maktabgacha va maktab ta’limi sohasidagi xodimlar qo‘shimcha rag‘batlantiriladi, chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklariga QQSning 50 foizi qaytariladi – batafsil maqolada.
TOShKENT, 31 mar - Sputnik. O‘zbekiston qonunchiligida 2025-yil 1-apreldan bir qator o‘zgarish va yangiliklar kuchga kiradi.
Yuridik va jismoniy shaxslarni reyestrga kiritish uchun arizalar onlayn qabul qilinadi
1 apreldan yuridik va jismoniy shaxslarni Yagona yetkazib beruvchilar reyestriga kiritish uchun arizalar Davlat xizmatlari markazi va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali qabul qilinadi.
Arizalar YaIDXP orqali dam olish va bayram kunlaridan qat’i nazar, har kuni 24 soat davomida yuborilishi mumkin.
Yagona yetkazib beruvchilar reyestriga kiritish haqidagi arizani ko‘rib chiqish natijalari (qanoatlantirish va rad etish asoslari) davlat xaridlari maxsus axborot portalida ochiq e’lon qilinadi.
"Yashil tariflar" joriy etiladi
Chiqindilar utilizatsiyasi hisobiga hamda shamol va quyosh manbalaridan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun "yashil tariflar" joriy etiladi. Bunda quyidagi imtiyozli tariflar belgilanadi:
Chiqindilar utilizatsiyasi hisobiga hamda shamol va quyosh manbalaridan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun "yashil tariflar" joriy etiladi. Bunda quyidagi imtiyozli tariflar belgilanadi:
tadbirkorlar tomonidan chiqindi va biogaz utilizatsiyasi orqali ishlab chiqariladigan hamda tashkilotlarning o‘z hududlarida o‘rnatgan shamol va quyosh elektr qurilmalaridan ishlab chiqariladigan elektr energiyasi uchun;
aholining quyoshdan olingan va foydalanishda o‘z ehtiyojidan orttirib, davlatga sotadigan elektr energiyasi uchun.
Dori vositalarining narxini shakllantirish tartibi o‘zgaradi
Cheklangan savdo ustamalari faqat retsept bilan beriladigan dori vositalari toifasiga nisbatan tatbiq etiladi. Bunda mahalliy va xorijiy dori vositalariga nisbatan amaldagi referent narxni shakllantirish tizimi saqlab qolinadi.
Maktabgacha va maktab ta’limi sohasidagi xodimlar qo‘shimcha rag‘batlantiriladi
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, uning tizimidagi agentlik hamda markazlar, Qoraqalpog‘iston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari xodimlariga:
1 yildan 3-yilgacha — 0,3;
3 yildan 5-yilgacha — 0,6;
5 yildan 10-yilgacha — 0,8;
10 yildan 15-yilgacha — 1,0;
15 yildan 20-yilgacha — 1,2;
20 yildan yuqori — 1,5.
Shuningdek, tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari xodimlariga:
1 yildan 3-yilgacha — 0,15;
3 yildan 5-yilgacha — 0,3;
5 yildan 10-yilgacha — 0,45;
10 yildan 15-yilgacha — 0,6;
15 yildan 20-yilgacha — 0,75;
20 yildan yuqori — 1,0 koeffitsiyentlarda har oy ustamalar to‘lanadi.
Barcha farmatsevtika va tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar QQS to‘lovchisiga aylanadi
Daromadidan qat’iy nazar, farmatsevtika mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi yoki tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar QQS to‘lovchisi bo‘ladi. Bunda soliq organlari Onlayn-NKT, EHF va boshqa tashqi va ichki ma’lumotlar asosida QQS hisobotlarini avtomatik tarzda shakllantiradi.
Tadbirkorlarga ayrim huquqbuzarliklar uchun birinchi marta ogohlantirish beriladi
Soliq organlari xodimlari tomonidan o‘zlariga biriktirilgan korxonalarda yoki mahallalardagi tadbirkorlik subyektlarida soliqqa oid ayrim huquqbuzarliklar aniqlanganda, birinchi marta ogohlantirish beriladi.
Ogohlantirishdan keyin uch kun ichida soliqqa oid huquqbuzarlik bartaraf etilmaganligi yoki takroran aniqlanganligi sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish uchun asos bo‘ladi.
Chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklariga QQSning 50 foizi qaytariladi
2025 yil 1-apreldan 2028-yil 1-yanvarga qadar chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklari tomonidan budjetga to‘langan QQSning 50 foizi har oyning 25 sanasiga qadar qaytariladi.
Bunda ishlab chiqarilgan go‘sht, sut, parranda go‘shti va tuxumni realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushum jami tovarlar (xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan olgan daromadining kamida 90 foizini tashkil etishi kerak.
Ijtimoiy yordamlar Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga beriladi
“Ijtimoiy daftarlar” jamg‘armalari orqali ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordamlar Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga beriladi. Shuningdek, uy-joy sharoitlarini yaxshilash va sog‘liqni saqlash bo‘yicha ijtimoiy yordamlar esa – oylik daromadi oila a’zolarining har biriga minimal iste’mol xarajatlari miqdorining 2 baravaridan ko‘p bo‘lmagan oilalarga ham taqdim etiladi.
Kunduzgi qatnov asosida qarab turish xizmati respublika bo‘ylab joriy etiladi
1 apreldan kunduzgi qatnov asosida qarab turish xizmati respublikaning barcha hududlarida joriy etilishi rejalashtirilgan.
O‘zgalar parvarishiga muhtoj, o‘zi harakatlana olmaydigan, kun davomida hayotiy zarur ehtiyojlarini qila olmaydigan shaxslarga qarab berish orqali, ushbu shaxsga qarab turish bilan band bo‘lib qolgan mehnatga layoqatli oila a’zolarini ishlash imkoniyatini yaratish. Bunda oilani farovonlik darajasini oshirishga ko‘maklashiladi.
Ayrim qog‘oz shaklidagi ma’lumotnomalar ijtimoiy kartaga almashtirish orqali bekor qilinadi
Quyidagi qo‘llab-quvvatlash choralari “Ijtimoiy karta” axborot tizimidan taqdim etiladi:
shaxsning nogironligini, talaba, o‘quvchi, urush qatnashchisi yoki urush qatnashchisiga tenglashtirilgan shaxs holatini tasdiqlash. Bunda nogironlik to‘g‘risidagi ma’lumotnoma va guvohnomalar, talabalik guvohnomalari, o‘quvchilar guvohnomalari, urush qatnashchilari yoki ularga tenglashtirilgan shaxslar guvohnomalarining qog‘oz shakli ijtimoiy kartaga almashtirish orqali bekor qilinadi;
ogironligi bo‘lgan va imkoniyati cheklangan shaxslar uchun umumiy foydalanishdagi avtomobil, temir yo‘l, havo va daryo transporti, yo‘nalishsiz taksi xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha imtiyozlar, shuningdek ushbu xizmatdan imtiyozli foydalanish huquqiga ega bo‘lgan aholining boshqa toifalari uchun imtiyozlar;
kirish bilet operatsiyalari tizimi asosida tartibga solinadigan davlat ijtimoiy obyektlariga, konsert-tomosha tadbirlari va boshqa tadbirlarga bepul tashrif buyurish yoki qisman haq to‘lash bo‘yicha imtiyozlar.
Yoshlar rag‘batlantiriladi
Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalar uchun “Ijtimoiy daftarlar” jamg‘armalari orqali qo‘llab-quvvatlashning yangi instrumentlari joriy etiladi. Xususan, “Yoshlar daftari” jamg‘armasi hisobidan nogironligi bo‘lgan yoshlarga parasport to‘garaklariga qatnashishi uchun yo‘l haqi xarajatlarini har oyda BHMning 1 baravarigacha miqdorda qoplab berish belgilangan.
Bunda nogironligi bo‘lgan yoshlarning parasport to‘garaklariga qatnashishi Sport vazirligining "ERP-sport" axborot tizimi orqali monitoring qilib boriladi.
Shuningdek, jamg‘arma hisobidan 6 oy davomida muntazam ravishda sport va san’at to‘garaklariga qatnashayotgan yoshlar uchun qiymati BHMning 10 baravaridan oshmaydigan maxsus sport forma, inventar, musiqa va cholg‘u asboblarini xarid qilish uchun mablag‘lar ajratiladi.
“Investor kunlari” o‘tkaziladi
Har oyda 1 ta hududda “investor kunlari” tashkil etiladi. Bunda hududdagi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik dasturlari ham yo‘lga qo‘yiladi.
Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasining ayrim funksiyalari davlat tibiyot muassasalariga o‘tkazish orqali tugatiladi
Fuqarolarni tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi (TIEK) ko‘rigiga yo‘llash uchun lozim bo‘lgan amaldagi davolanish muddatlari bo‘yicha talab bekor qilinadi hamda har bir kasallikning kechishi va turidan kelib chiqib alohida belgilanadi.
Shuningdek, TIEK tomonidan kasbga, sportga va ta’limga tavsiya berish tartibi bekor qilinadi hamda TIEKning vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasining muddatini uzaytirish hamda maxsus jihozlangan transport vositasini boshqarish layoqatini belgilashga oid funksiyalari davlat tibbiyot muassasalariga o‘tkazilishi orqali tugatiladi;
Bundan tashqari, 18 yoshdan katta shaxslarga nogironlikni belgilashda nogironlikning muddati, sababi, tibbiy reabilitatsiya tadbirlari, shuningdek, protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalariga muhtojligiga oid ma’lumotlar “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida shakllantiriladi.
“Iqtidor maktab ansambli” respublika tanlovi o‘tkaziladi
“Turon” maktab teatrining ijobiy tajribasi asosida umumiy o‘rta ta’lim maktablarida “Iqtidor” badiiy havaskorlik jamoalari tashkil etiladi. Shuningdek, jamoalar o‘rtasida har yili milliy va jahon musiqasi yo‘nalishlari bo‘yicha “Iqtidor maktab ansambli” respublika tanlovi o‘tkaziladi. Tanlovning respublika bosqichi g‘oliblari xorijiy davlatlarga ta’lim sayohatiga yuboriladi.
Xotin-qizlar uchun grantlar ajratiladi
Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalar uchun "Ijtimoiy daftarlar" jamg‘armalari orqali qo‘llab-quvvatlashning yangi instrumentlari joriy etiladi.
Xususan, kamida 3 nafar xotin-qizlar, yoshlar va aholining boshqa ehtiyojmand toifalari bandligi hamda ijtimoiy faolligini ta’minlashga qaratilgan ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirish uchun tegishincha "Ayollar daftari", "Yoshlar daftari" va "Saxovat va ko‘mak" jamg‘armalari hisobidan BHMning 60 baravarigacha miqdorda grantlar ajratish belgilangan.