O‘zbekistonda yillik inflyatsiya 8,77 foizni tashkil etdi

© Sputnik / Abdubakir YunusovProdukti pitaniya
Produkti pitaniya  - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 02.01.2024
Obuna bo‘lish
Statistika agentligiga ko‘ra, 2023-yilda oziq-ovqatlar narxi 9,7 foizga oshgan.
TOShKENT, 2 yanv — Sputnik. O‘zbekistonda 2023-yil davomidagi inflyatsiya 8,77 foizni tashkil etdi. Bundan Statistika agentligi 31-dekabr kuni e’lon qilgan hisobotdan ma’lum bo‘ldi.
Bu 2016-yil avgust oyidan keyingi davrdagi eng past rasmiy inflyatsiya ko‘rsatkichi.
Agentlikka ko‘ra, dekabr oyida iste’mol sektoridagi narxlar o‘rtacha 1,2 foizga oshgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023-yilda oziq-ovqat mahsulotlari 9,7 foizga, nooziq-ovqatlar 7,7 foizga, xizmatlar 8,7 foizga qimmatlashgan.
Yil davomida oziq-ovqatlardan go‘sht mahsulotlari narxi 9,1 foizga, baliq va dengiz mahsulotlari 7,7 foizga, sut va sut mahsulotlari, shuningdek, tuxum 11,2 foizga, mevalar va yong‘oqlar 37,1 foizga, shakar, qandolat mahsulotlari va desertlar 9 foizga, spirtsiz ichimliklar 5,9 foizga oshgan. Yog‘lar va moylar 9,7 foizga, sabzavotlar 1,4 foizga arzonlashgan.
Alohida mahsulot turlariga qaralsa, 2022-yilning dekabriga nisbatan guruch va guruch oqshog‘i 38,7 foiz, xom, yangi sog‘ilgan sut 13,3 foiz, tuxum 11,7 foiz, shakar 11,0 foiz, mol go‘shti 9,3 foiz, qo‘y go‘shti ham 9,3 foizga qimmatlashgan. Bug‘doy uni 1,1 foizga arzonlashgan bo‘lsa, kungaboqar yog‘ining narxi 17,8 foizga tushgan.
2023 yilda eng ko‘p qimmatlagan meva-sabzavotlar – anor (+203,3 foiz), limon (+128,9 foiz), pomidor (+40,2 foiz), banan (+12,7 foiz), mandarin (+10,9 foiz), bodring (+6,7) va karam (+6,7 foiz) bo‘lgan.
Baqlajon (–44,3 foiz), bulg‘or qalampiri (–43,2 foiz), piyoz (–40,7 foiz), sabzi (–15,5 foiz) va kartoshka (–14,7 foiz) yil davomida sezilarli arzonlashgani kuzatilgan.
2023 yilda ta’lim sohasidagi xizmatlar 2,5 foizga, kiyim va poyabzal narxlari 6,2 foizga, turar joy xizmatlari, suv, elektr, gaz va boshqa yonilg‘i turlari 6,4 foizga, sog‘liqni saqlash guruhidagi narxlar 9,7 foizga, dam olish, sport va madaniyat guruhida 10,1 foizga, transport sohasida 15,1 foizga, restoran va mehmonxona xizmatlari 19,6 foizga oshgan; axborot va aloqa yo‘nalishidagi narxlar 0,2 foizga tushgani qayd etilgan.
Xususan, sovuq suv va kanalizatsiya xizmatlari 65 foizga, chiqindilarni olib ketish uchun to‘lov 12,9 foizga, elektr energiyasi uchun to‘lov 2,2 foizga, issiq suv ta’minoti uchun to‘lov 1,1 foizga ko‘tarilgan.
O‘rtacha narxlar dori vositalarida 10,6 foizga, stomatologiya xizmatlarida 13,5 foizga, tibbiy laboratoriya xizmatlarida 6,8 foizga, diagnostika vizualizatsiyasi xizmatlarida 11,9 foizga oshgan.
Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda benzin 19,1 foizga, propan 29,4 foizga, metan 22,4 foizga qimmatlashgan.
Taksi xizmatlari narxi 13,2 foizga, temiryo‘l xizmatlari narxi 32,4 foizga, havo transporti 20,7 foizga ko‘tarilgan.
So‘nggi 12 oyda davlat bog‘chalari uchun to‘lovlar 2,8 foizga arzonlashib, xususiy bog‘chalarda 3,3 foizga qimmatlashgani, nodavlat oliygohlarda kontrakt qiymatlari 1 foizga oshgani, repetitor xizmatlari narxi 10,3 foizga ko‘tarilgani kuzatilgan. Sartaroshxona xizmatlari 17 foizga qimmatlashgan.
Statistika agentligi inflyatsiya ko‘rsatkichini aniqlash uchun 170 turdagi oziq-ovqatlar, 250 turdagi nooziq-ovqatlar, 90 turdagi pulli xizmatlar narxlarini kuzatib boradi. Narxlarni ro‘yxatga olish ishlari har oyning 10-sanasidan 20-sanasigacha amalga oshiriladi.
Har bir tovarning yig‘ma ko‘rsatkich o‘sish sur’atiga ta’siri va ulushi tovarning narx o‘zgarishlari hamda uning iste’mol xarajatlari tuzilmasidagi salmoq vaznini inobatga olgan holda aniqlanadi.
Shunga ko‘ra, yillik 8,8 foizlik inflyatsiya ko‘rsatkichiga eng katta oshiruvchi ta’sir ko‘rsatgan mahsulotlar – guruch, mol go‘shti, uzum, anor va metan bo‘lgan. Inflyatsiyaga eng ko‘p pasaytiruvchi ta’sirga ega bo‘lgan mahsulotlar qatorida esa piyoz, kungaboqar yog‘i, paxta yog‘i, kartoshka va sabzi ko‘rsatilgan.
Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 08.02.2023
O‘zbekiston inflyatsiya darajasini 10 %dan pastga tushirmoqchi – qanday tovarlar arzonlashadi?
Yangiliklar lentasi
0