O‘zbekiston va Rossiya forumida qanday biznes shartnomalar imzolandi — ro‘yxat
09:13 05.10.2023 (yangilandi: 12:11 05.10.2023)
© Press-slujba Pravitelstva RFDenis Manturov prinyal uchastie v III Forume mejregionalnogo sotrudnichestva mejdu RF i RUz
© Press-slujba Pravitelstva RF
Obuna bo‘lish
Forumda turli sohalarda 3 ta hududlararo va 7 ta tijorat shartnomalari imzolandi.
TOShKENT, 5 okt — Sputnik. Qozon shahrida o‘tayotgan O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi mintaqalararo hamkorlikning uchinchi forumida turli sohalarda 3 ta hududlararo va 7 ta tijorat shartnomalari imzolandi. Bu haqda Rossiya hukumati matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirda Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari – sanoat va savdo vaziri Denis Manturov va O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, Tatariston rahbari Rustam Minnixanov ishtirok etishdi.
Forum davomida Denis Manturov Rossiya prezidenti Vladimir Putinning tabrik so‘zini o‘qib eshittirdi. Forumda ishtirok etgan Jamshid Xodjayev O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tabrik so‘zini o‘qib eshittirdi.
Tadbik so‘zida mashinasozlik, elektrotexnika, kimyo, yoqilg‘i-energetika, kon-metallurgiya, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va boshqa sohalarda sanoat kooperatsiyasi kengayib borayotgani qayd etilgan.
“Rossiya O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Tovar ayirboshlash hajmini yanada oshirish maqsadida bu boradagi to‘siqlarni o‘zaro bartaraf etish bo‘yicha doimiy va tizimli ishlar olib borilib, elektron tijoratni kengaytirmoqdamiz. Bizda sarmoyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish uchun katta imkoniyatlar mavjud. Buning uchun biz yaratilgan texnoparklarning afzalliklaridan, shuningdek, moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning yangi vositalaridan, xususan, yaqinda tashkil etilgan O‘zbekiston Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasidan faolroq foydalanishga chaqiramiz”, — deyiladi tabrikda.
Forumni Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri o‘rinbosari Dmitriy Volvach olib bordi.
“Biz uchinchi yildirki, Rossiya va O‘zbekiston hududlari, ishbilarmon doiralar va tashkilotlar o‘rtasida amaliy hamkorlikni kengaytirish maqsadida forum o‘tkazmoqdamiz. Ushbu forum iqtisodiy sohadagi ikki tomonlama yirik ommaviy tadbirlardan biridir. Buni Rossiyaning 20 ta va O‘zbekistonning 14 ta viloyatidan 3 mingdan ortiq ishtirokchi tasdiqlaydi”, — dedi u.
Forumda Denis Manturov va Jamshid Xodjayev ishtirokida turli sohalarda 3 ta hududlararo va 7 ta tijorat shartnomalari imzolandi.
Shunday qilib, Boshqirdiston hukumati bilan Farg‘ona va Jizzax viloyatlari hokimliklari, shuningdek Tatariston hukumati va Surxondaryo viloyati hokimligi o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha 2023–2025 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejalari imzolandi.
Bu hujjatlarda qo‘shma loyihalar ishlab chiqish, tadbirlar o‘tkazish, yetkazib berishni tashkil etish kabi jihatlar o‘rin olgan.
Imzolangan hujjatlar:
O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi va Rossiyaning "Vayldberriz" bozori o‘rtasida onlayn savdo sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum;
Toshkent viloyati hokimligi va marketpleys o‘rtasida Toshkent viloyatida multimodal logistika markazini qurish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi o‘zaro anglashuv memorandumi;
Toshkent shahar hokimligi va Rossiyaning “UK “Gruppa GMS” kompaniyasi o‘rtasida suv ta’minoti va kanalizatsiya sohasida texnik va texnologik tajriba almashish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum;
Toshkent metropoliteni va "TMX Interneshnl" kompaniyasi o‘rtasida Rossiyadan metro vagonlarini yetkazib berish bo‘yicha kelishuv;
Axborot texnologiyalari sohasida bevosita hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha mustaqil ekotizim yaratish, xalqaro tajriba almashish, yuqori texnologiyalar sohasidagi texnopark “IT Park” (Rossiya) va “ Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi” (O‘zbekiston) o‘rtasida xalqaro bozorlar bilan qo‘shma integratsiya bo‘yicha memorandum;
Rossiyaning “Ozon” marketpleysti va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida elektron tijoratni o‘zaro tushunish va rivojlantirish, shuningdek, transchegaraviy savdo mexanizmlarini takomillashtirish va O‘zbekistonda tadbirkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi memorandum;
Rossiya-O‘zbekiston va O‘zbekiston-Rossiya ishbilarmonlar kengashlari o‘rtasida ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kompleks harakatlar dasturi.
Ma’lumot uchun 4-oktabr kuni Qozon shahrida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi mintaqalararo hamkorlikning uchinchi forumi bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur forum ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish, tadbirkorlarning keng doirasini qamrab olish maqsadida o‘tkazilmoqda.