TOShKENT, 11 dek - Sputnik. Inson hayoti davomida har bir qadamida, jamiyatning u yoki bu sohasidagi har bir harakati bilan davlat organlariga murojaat etishiga to‘g‘ri keladi. "Davlat — fuqaro" aloqalarining shaffofligini ta’minlash uchun, 2017-yilda Oliy Majlisga Murojaatnomasida prezident Mirziyoyev davlat xizmatlari tizimining yangi konsepsiyasini ilgari surdi.
Uch yil avval, 12-dekabr kuni davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini tubdan isloh etish sari dadil qadam qo‘yildi. Mamlakat rahbarining tashabbusi bilan yangi tashkilotga asos solindi. Uning asosiy vazifalari etib esa, burokratiya va korrupsiyani oldini olish, xalqimizning davlat organlariga bo‘lgan ishonchini oqlash qilib belgilandi.
Bugungi kunda Davlat xizmatlari markazlari aholi uchun muhim va kerak bo‘lgan davlat xizmatlarini olishi mumkin bo‘lgan joyga aylangan.
Raqamlarga murojaat
Mamlakatimizning har bir tumanida jami bo‘lib 203 DXM ishlab turibdi. Bu yerda inson kundalik hayotida zarur bo‘lgan 150 turdagi davlat xizmatlarini ortiqcha ovoragarchiliksiz va eng muhimi, yashash joyidan qat’iy nazar eksterritorial tamoyili asosida olishi mumkin.
Bugungi kunda davlat xizmatlari tizimiga tegishli 70 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqildi. Bu, o‘z navbatida, fuqarolar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar sonini 167tadan 79 tagaga, xizmat ko‘rsatilishi uchun talab etiladigan muddatning esa qariyb 2 barobardan ko‘proqqa — jami 465 kundan 245 kunga qisqarishiga imkon berdi.
O‘tgan 3-yil davomida Davlat xizmatlari markazlari orqali 25 milliondan ortiq xizmatlar ko‘rsatildi.
Xizmat oluvchilarga qulay bo‘lishi uchun, Markazlar ish kunlari uzaytirilib, shanba kunlari ham 15.00 ga qadar xizmat ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yildi.
Xalqaro e’tirof
Davlat xizmatlari ko‘rsatishda ilk bor umumrespublika bo‘yicha xizmat ko‘rsatishning eksterritorial tamoyili hamda tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bir vaqtda bank hisobraqamlarini ochish mexanizmi yo‘lga qo‘yilib, muhr va shtamplardan foydalanish majburiyati bekor qilindi.
Natijada Jahon bankining e’lon qilingan “Biznesni yuritish 2020” reytingining Davlat xizmatlari agentligi mas’ul bo‘lgan “Biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish” indikatorida O‘zbekiston Respublikasi 190 ta davlatlar ichida 8-o‘rinni egalladi.
Davlat xizmatlari yanada yaqin
Davlat xizmatlari agentligi har bir fuqaro, yashash joyidan qat’iy nazar, sifatli davlat xizmatlaridan foydlanishi uchun imkon yaratishga alohida e’tibor qaratadi.
Xususan, davlat idoralari ichidan birinchilardan bo‘lib, Agentlik tomonidan "mobil", ya’ni sayyor davlat xizmatlari tushunchasi xalq orasida tanitildi.
Dam olish kunlari DXM xodimlari maxsus texnika bilan jihozlangan transport orqali borish qiyin bo‘lgan chekka va tog‘li hududda yashovchi aholi uchun joylarga chiqqan holda zarur hujjatlarni taqdim etishadi. Shu kungacha maqbul, qulay va shaffof uslublardan foydalangan holda respublika bo‘yicha 530 mingga yaqin sayyor xizmatlar ko‘rsatildi.
Tuman markazidan uzoqda (100-300 km) joylashgan hududlarda hamda aholining ehtiyojlaridan kelib chiqib, davlat xizmatlari markazining filiallari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda ularning soni 100 dan oshdi, ko‘rsatilgan xizmatlar soni qariyb 80 mingdan oshdi.
"Hujjatlar harakatlanishi" uchun nima qilish kerak?
Barchaga ma’lum, DXMlarning asosiy vazifalari qatorida fuqarolarning davlat idoralari vakillari bilan aloqasini imkon darajada kamaytiradigan tizimni yaratish. Bularni amalga oshirishning asosiy mezoni esa — davlat idoralarining arxiv hujjatlarini raqamli ko‘rinishga o‘tkazish hamda davlat xizmatlari ko‘rsatish jarayonida zarur bo‘lgan ma’lumotlarning elektron tizimlarini tashkil etishdan iborat.
Boshqa idoralarga o‘rnak bo‘lgan holda DXA raqamlashtirish ishlarini FHDYo organlaridan boshladi. Buning uchun maxsus raqamlashtirish uskunalari ishga solindi.
Natijada, bugungi kunda FHDYo organlarining mavjud 60 millionga yaqin arxiv ma’lumotlarining 90 foizidan ortig‘i raqamlashtirildi.
Yana qanday qulayliklar bor?
Davlat xizmatlarini masofadan olish yanada qulay bo‘lishi uchun Agentlik mutaxassislari tomonidan elektron raqamli imzoni onlayn olish imkoniyati yaratildi.
Farzand tug‘ilganligini rasmiylashtirish uchun FHDYo organlarida kompozit (birlashtirilgan) xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilganligi ham navbatdagi qulaylikdir. Ya’ni, tug‘ilishni qayd etish, bolani poliklinikada ro‘yxatga qo‘yish, turar joyi bo‘yicha hisobga olish, bir martalik nafaqa pulini tayinlash hamda davlat maktabgacha ta’lim muassasasiga navbatga qo‘yish xizmatlari bir vaqtning o‘zida amalga oshiriladi.
Kompozit davlat xizmatlari ko‘rsatilishining yo‘lga qo‘yilishi bilan 15 dan ortiq hujjat qisqarib, 4 ta idoraga borishga chek qo‘yildi. Ushbu xizmat ishga tushirilganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmagan bo‘lsada, bugungi kunga qadar 100 mingga yaqin fuqaro ushbu qulaylikdan foydalanishga ulgurdi.
Tadbirkorlik sohasida ham bir muncha jarayonlar osonlashdi.
Masalan, endilikda biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bir vaqtda 30 ta tijorat banklarda hisobraqam ochish imkoniyati mavjud. Yuridik shaxs bo‘lgan tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bir vaqtda xodimlarni jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida hisobga qo‘yish, shuningdek, elektron raqamli imzo olish ham mumkin bo‘ladi.
Davlat xizmati uchun to‘lov qilishdagi muammolarni bartaraf etish uchun markazlarda pay.davxizmat.uz elektron to‘lov tizimi orqali naqd pul qabul qilish mexanizmi joriy etilgani ham tizimdagi muhim yangiliklardan biridir.
Davlat xizmatlari ko‘rsatilishining xar bir bosqichida to‘langan pul mablag‘lari haqidagi ma’lumot murojaat mualliflarining telefon raqamlariga sms-xabar tarzida keladi.
Joriy yilning noyabr oyidan boshlab ayrim tuman (shahar) Davlat xizmatlari markazlarida sinov tariqasida “surdo-online” planshetlari ishga tushirildi. "Surdo-online"” planshetlari internetga ulangan bo‘lib, bevosita onlayn tarzda eshitishi va gapirishida nuqsoni bor shaxslar bilan to‘laqonli muloqotni ta’minlaydi.
"Qarshi tajribasi" haqida nima bilasiz?
"Qarshi tajribasi" asosida davlat xizmatlaridan foydalanish ko‘nikmalarini mahallalarda, shuningdek voyaga yetib kelayotgan yoshlarda ham to‘liq tushuncha hosil bo‘lishiga harakat qilinmoqda.
Davlat xizmatlari markazlarida internetga ulangan kompyuterlar yordamida markazlarga tashrif buyurgan fuqarolarga, ularning xohishiga ko‘ra, elektron xizmatlardan foydalanish tartibi tushuntirilmoqda. Elektron davlat xizmatlaridan foydalanish bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish va rivojlantirish bo‘yicha joylarda mahalla fuqarolari yig‘inlari hamda ta’lim muassasalari mas’ul xodimlari uchun "DXM —Mahalla — Fuqaro" tamoyili asosida mahorat darslari yo‘lga qo‘yildi.
Albatta sohada o‘z yechimini kutayotgan masalalar ham bor. Davlat xizmatlari agentligi tartib-taomillarni soddalashtirish hamda davlat xizmatlari ko‘rsatish sifatini oshirish bo‘yicha ishlarni davom ettiradi...