TOShKENT, 30 noya — Sputnik. Sputnik O‘zbekiston respublikadagi epidemiologik vaziyat to‘g‘risida asosiy xabarlarni to‘pladi.
30 noyabr coat 19:00 ga qadar 67 kishida koronavirus aniqlandi, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 73 041 nafarni tashkil qilmoqda.
Yangi kasallanish holatlarining barcha 67 nafari Toshkent shahrida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan.
Sog‘ayish ko‘rsatkichi
Respublika bo‘ylab jami sog‘ayganlar soni 70 303 nafarga yetdi. Sog‘ayish ko‘rsatkichi 96 foiz.
Ayni paytda 2 130 nafar bemorga belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.
O‘lim holatlari
O‘zbekistonda jami 608 kishi pandemiya qurboni bo‘ldi.
Yopilgan markazlar
Hozirgi vaqtda Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, koronavirusga qarshi kurashishda aholiga qulaylik yaratish maqsadida ochilgan ayrim markazlar (Atlas, Yoshlik) vaqtinchalik yopildi.
Taqsimlash markazlarining yopilish sabablaridan biri — koronavirusga chalingan bemorlar soni kamaygani bilan bog‘liq.
Shuningdek, Toshkent shahrida taqsimlash markazlarining yopilishi, poytaxtda, umuman mamlakatda epidemiologik vaziyat barqarorlashganini anglatadi.
Dunyo salomatligi
Dunyo bo‘ylab infeksiyani yuqtirib olgan kishilarning soni 62,7 milliondan oshdi, 1,4 milliondan ortiq kishi vafot etdi, 40,1 milliondan ortiq kishi tuzaldi. Eng ko‘p holatlar AQShda (13,4 mln), Hindistonda (9,4 mln), Braziliyada (6,3 mln).