TOShKENT, 20 noya - Sputnik. So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari orasida gaz va svet muammosidan norozilik ohanglari kuchaydi. Senatning bugungi yalpi majlisida ham ushbu masalaga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida 3 kundan buyon svetsiz va suvsiz qolgan oilalar bor. Ularning muammosini yechish hozircha mutasaddilar kuchi yetadigan ishmasdek ko‘rinmoqda.
Energetika vazirligi ushbu muammo chindan mavjudligini, vazir o‘rinbosari bugun viloyatning ikkita hududiga shaxsan borib, muammolarni o‘rganishini ma’lum qilgan edi. Ammo muammo hal bo‘lgan emas.
Bugun videokonferensaloqa tarzida o‘tgan O‘zbekiston Oliy Majlis Senatining to‘qqizinchi yalpi majlisida Samarqand viloyatidan bo‘lgan senator Farmon Toshev ham Tanzila Norboyevaga qilgan murojaatida elektr muammosini ko‘targan.
"Internetni ochib qarasang, hammayoqda bitta shikoyat — "elektr yo‘q, elektr o‘chgan". Samarqandda ham shu ahvol. Biz hozir Senatning yig‘ilishida shunga e’tibor qilmasak, hozir gapirmasak, u idoraning odamlari gapiradiganga o‘xshamaydi. Shuning uchun ularning idorasiga iltimosim bor edi — nima uchun ko‘p gaplarni xalqqa oldinroq aytish mumkin emas, grafigini ishlab chiqish mumkin emas, nima uchun o‘zining odamlari orqali joylarga borib tushuntirish mumkin emas? Axir, o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, hozir sizning Telegram’ingizga ham savol tushsa, ular orqali javob berapsiz-ku! Xalqqa nima deymiz biz har kuni? Agar jo‘nataversak, jo‘nataversak, bu ham, menimcha, yaxshilikka olib bormaydi. U odamlarning vakillari bizga kelganda hammaning oldida so‘z bergan, "Yo‘q, bizda svet o‘chmaydi, yetarli hamma narsa, hamma narsa kommunizm bo‘ladi", degandi. Kechirasiz-u, hozir shaharning o‘zida, mening uyimda ham necha martalab o‘chapti svet. Bu narsalarni qandaydir tartibga olish kerak. Saylov okrugiga borganda qiynalib qolyapman", - deb aytgan Farmon Toshev.
Senator elektr ta’minoti bilan bog‘liq, aholining keskin noroziligiga sabab bo‘layotgan vaziyatni "qandaydir tartib"ga olish kerakligini qo‘shimcha qilgan.
OAV ham bong urmoqda
Gaz va elektr muammosi xalqni qiynayotgan masalalardan biri ekanligi bugun mahalliy internet nashrlarida, blogerlarning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ham alohida ta’kidlab yozilmoqda.
Xususan, Kun.uz nashri Senat 9-yalpi majlisining YouTube’dagi jonli efiri foydalanuvchilarning elektr va gaz ta’minotidagi muammolar haqidagi murojaatlariga to‘lib ketganligiga urg‘u berdi.
"Senatorlar tomonidan yalpi majlis kun tartibidagi masalalar ko‘rilayotgan vaqtida minglab foydalanuvchilar xalqimizni qiynab kelayotgan gaz va elektr energiyasi muammosiga e’tibor qilishni talab qilib izoh yozmoqda.
Masalan, foydalanuvchilardan biri senatorlarga «Blogerlar va xalqning tanqidlariga ham e’tibor berasizlarmi?» – deya savol berdi.
Yana bir foydalanuvchi esa, davlat kambag‘allikni qisqartira olmayotgani, balki oshib ketganini yozgan.
Shuningdek, yuzlab yurtdoshlarimiz "Elektr yo‘q, gaz yo‘q" – deya yuzlab izoh yozishgan va amaldorlarni shunga e’tibor qilishga chaqirmoqda. Yana bir foydalanuvchi shunday yozadi: Hurmatli senatorlar elektr masalasini ham ko‘rib chiqinglar. Urgut tumanida juda ko‘p elektr o‘chmoqda, nahot uchinchi renessans davrida aholiga elektr berilmasa?", - deya keltiradi nashr.
Senat raisi nima deb va’da berdi?
Senat raisi Tanzila Norboyeva o‘z chiqishida "minglab internet foydalanuvchilari gaz va elektr muammosini qachon hal qilasizlar, degan savol bilan bizga murojaat qilishapti", - deya aytgan.
"Sizlar o‘zi gaz-chiroq yo‘qligini eshitasizlarmi? Jurnalist, blogerlarni, aholining gaplarini kuzatasizlarmi o‘zi?" degan savollarni berishmoqda. Albatta kuzatamiz. Mana, shu yerda o‘tirib ham, yuzlab-minglab izohlarni o‘qib o‘tiribmiz.
Hurmatli hamurtlar, men sizlarga ommaviy axborot vositalari orqali va’da beraman — bu muammo albatta o‘rganiladi. Bizda budjet masalalari va tadbirkorlikni rivojlantirish bilan shug‘ullanadigan qo‘mitamiz bor, gaz-svet bo‘yicha shug‘ullanadigan alohida qo‘mita yo‘q. Ana shu qo‘mitadan iltimos qilamiz — mana, hozir minglab aholining murojaatini e’tiborga olib, energiya ta’minoti masalasini maxsus o‘rganib chiqishingizni so‘raymiz", - degan Norboyeva.
Tanzila Norboyeva mablag‘dan muammo yo‘q bo‘lgan bir vaqtda nega hududlarga gaz-svet yetib bormayotgani va xalqning e’tirozlariga sabab bo‘layotgani masala tez kunlarda o‘rganilishi va navbatdagi yig‘ilishda xalqqa bu haqda axborot berilishini ma’lum qilgan.