TOShKENT, 30 okt - Sputnik. Oktabr oyi boshida "Tong" mahallasi aholisi itlarni so‘yayotgan erkakga nisbatan chora ko‘rishni so‘rab, shikoyat qilishdi, deb xabar beradi "Mehr va oqibat" hayvonlarni himoya qilish nodavlat jamiyati o‘zining Telegramdagi sahifasida.
Shikoyatchilarning so‘zlariga qaraganda, erkak bu vahshiylikni o‘z xonadoniga ulanib ketgan o‘rab olingan hududda amalga oshirgan. Xususan, 5-oktabr kuni bu hududda 2ta it yurganini ko‘rishgan bo‘lsa, 6-oktabr kuni itlar birdaniga g‘oyib bo‘lgan.
Shuningdek, arizachilar, bir hafta oldin erkak bu hududga qo‘shnilarga tegishli ikkita itni aldab chaqirib olgani va o‘z hovlichasida bog‘lab qo‘ygani, ammo buni ko‘rgan bolalar shovqin ko‘tarishgani va erkak shu tufayli jonivorlarni qo‘yib yuborishga majbur bo‘lganini bayon etishgan.
Jamiyat vakillari 7-oktabr kuni ushbu mahallaga yo‘l olishgan va ushbu arizani yozgan hayvonlarni himoyalovchi faollardan biri bilan suhbatlashishgan.
Uchastka noziri va mahalla raisi birgalikda ushbu itlar so‘yilgan, deb taxmin qilingan hududga kirishgan. Erkakning aytishicha, tunda kimdir kalitkani sindirib, jonivorlarni o‘g‘irlab ketgan ekan.
Hudud ko‘zdan kechirilganida, katta qozon turgani aniqlangan. Mahalla raisi bu qozon nima uchun kerakligini bilmasligini aytgan, erkakning o‘zi esa mahallada marosimlar bo‘lganida shu qozonda osh damlashini ma’lum qilgan.
Erkak hech qachon bu hovlichada hayvon ushlamaganini aytib, ont ichgan, itlarni esa hovliga mushuk mo‘ralamasligi uchun olib kelganini qo‘shimcha qilgan.
Hozircha o‘ldirilgan jonivorlar egalaridan ariza yo‘qligi tufayli, ushbu ishni sudga oshirishning imkoni yo‘q, deb yozadi "mehr va oqibat" jamiyati.
Uchastka noziri va mahalla raisi tomonidan agar shu hududda yana bir marta kimdir itni ko‘radigan bo‘lsa, erkakka nisbatan jazo tayinlanishini aytib, ogohlantirishgan.
Jamiyat jonivorlarga ozor yetkazish holatlariga guvoh bo‘lgan barcha fuqarolarni jim turmaslikka va bu haqda tezkorlik bilan xabar berishga chaqirib qolgan..
Xabarlarni +998 93-812-04-13 telefon raqami orqali qoldirish mumkin.
"Shuningdek, sizlarni it go‘shtidan taom tayyorlanadigan kafelar manzillari haqida xabar berishlaringizni kutib qolamiz. Biz hammamiz bir bo‘lsak, itlarga nisbatan bunday vahshiylikni to‘xtata olamiz", - deyiladi jamiyatning fuqarolarga murojaatida.