TOShKENT, 4 sen - Sputnik. Samarqand viloyati hokimligi zaharlab o‘ldirilgan itlar yuzasidan bayonot berdi.
Viloyat hokimligi xabarida qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 8-iyul “Qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish va saqlash bilan bog‘liq xizmatlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 202-sonli qarori bilan qarovsiz itlarni tutish bilan joylarda obodonlashtirish boshqarmasi huzuridagi qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish bo‘limlari shug‘ullanishi belgilangan.
Samarqand shahrida ham aynan ushbu masalaga Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasi huzurida qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish bo‘limlari tashkil etilib, ushbu masalaga mas’ul etib belgilangan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video soha mutasaddilari va jamoatchilik vakillari ishtirokida atroflicha o‘rganib chiqilib, natijalari muhokama etildi.
“Ming afsuski, ushbu hodisani itlarni o‘ldirish bilan emas, aksincha, ularni davolash, ro‘yxatga olish va o‘z vaqtida emlab borish kabi vazifalar bilan shug‘ullanishi zarur bo‘lgan Samarqand shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi mas’ullari amalga oshirganligi aniqlandi. O‘rganish natijalaridan kelib chiqib Samarqand shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i O.Allamurodov hamda Samarqand shahar veterinariya bo‘limi Siyob vet uchastka mudiri U.Rajabovlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilindi. Ular egallab turgan lavozimidan ozod etildi”, - deyiladi xabarda.
Qolaversa, bu kabi noqonuniy hatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik zarurligi haqida Samarqand viloyati veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi hamda uning quyi bo‘limlari rahbarlari, vetuchastka mudirlari qat’iy ogohlantirilgan.
Xabarda mazkur holat yuzasidan aybdorlarga nisbatan qonuniy qaror qabul qilinishini ta’minlash maqsadida o‘rganish natijalari viloyat prokuraturasiga yuborilgani qo‘shimcha qilingan.
Viloyat hokimligi barcha samarqandliklarga murojaat qilib, shu kabi noqonuniy hatti-harakatlarga guvoh bo‘lganda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar, telegram messendjeri yoxud 1177 ishonch telefoni orqali hokimlikni xabardor qilishga hamkorlikka chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, Samarqand shahridagi “Istiqbol” mahallasida itlar zaharlab o‘ldirilishi voqeasi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinib, ko‘pchilikning e’tiroziga sabab bo‘lgan edi.