TOSHKENT, 15 okt — Sputnik. Natalya Dembinskaya. Neft narxi tushishi, katta qarzlar va moliyalashtirishning yetishmasligi birin-ketin AQSH slanets sanoatida bankrotlikni keltirib chiqardi. Lekin battari, aftidan, hali oldinda: sohaga investitsiya kiritilishi bu yil ikki baravarga qulashi mumkin. Nega AQShni neft qazib olishda yetakchilikka olib chiqqan slanetschilar bugun zoʻrgʻa kun koʻrishmoqda – RIA Novosti materialida.
Past narxlar
Neft kotirovkalarining bahorgi qulashi avvalo AQShda burgʻulash faolligini susaytirdi. Xomashyo deyarli 50 foizga arzonlashdi. Texasda bunga umuman tayyor emas ekanlar. Natijada “Parsley Energy” 150 ta quduqni yopdi, “Continental Resources” neft qazib olishni uchdan birga, “Texland Petroleum” esa toʻliq qisqartirdi.
Aprelda eng yirik slanetschilardan biri “Whiting Petroleum” bankrot boʻldi, ortidan xizmat koʻrsatuvchi “Hornbeck Offshore Services” kompaniyasi. Mayda Kaliforniyaning “California Resources” va slanets giganti “Chesapeake Energy” investorlarga oʻz faoliyatini toʻxtatgani haqida maʼlum qildi. Tahlilchilar ogohlantirishdiki, bu tez orada sohani qamrab oluvchi bankrotliklar toʻlqinining boshlanishi. “Pickering Energy Partners” prognoziga koʻra, bu yil ushbu sektordagi qariyb 40 foiz kompaniyalar barbod boʻlishi mumkin.
Hozirgi kotirovkalar avvalgidek slanetschilarga foyda olishga imkon bermayapti. Ularda mahsulot tannarxi barreliga 50-60 dollar. 40 yetarlicha emas. Soha ham investorlar uchun unchalik jozibali emas.
Xalqaro energetika agentligi (XEA) baholashiga koʻra, bu yil slanets qazib olishga investitsiya kiritish ikki baravardan ziyod – 45 milliard dollargacha qulaydi. 2019 yilda salkam 100 milliard edi.
XEA “World Energy Outlook” maʼruzasida maksimum 2014 yilda boʻlgani yodga olingan: 125 milliard. Bu oʻn yillikda 30 foizga kamayishi kutilmoqda – yiliga 85 milliard atrofida.
“Rystad Energy” xalqaro konsalting agentligi prognozlariga koʻra – bu yil 67 milliard atrofida.
Achchiq umidsizlik
Taʼkidlash joizki, investorlar slanetschilarga nisbatan bugun sovugani yoʻq. 2018 yilning oxiridayoq investitsiyalar yetishmasligi tufayli aksariyat kompaniyalar byudjetini milliardlarcha qisqartirishiga toʻgʻri keldi. Hammasi juda oddiy: daromad yoʻq.
AQShning dunyodagi eng yirik neft ishlab chiqaruvchiga aylanishi aynan slanetschilarning xizmatidir. Ammo ular doimo yangi quduq qazishlari lozim, chunki qazish uchastkalari tez tugamoqda. Qarzga botishga toʻgʻri keladi.
Investorlar slanets “oʻn yilligi” yakunlariga koʻra tushunishdi: bu biznes avvalgidek rentabellikdan yiroq, kompaniyalar hozirgacha chiqimga neft qazib olmoqda. 10 yil ichida sohaning 40 ta yetakchi vakillari ishlab olganga qaraganda 200 milliard koʻproq sarflashdi.
Atigi bir nechtasi daromad koʻradigan ahvolda, deya xulosa qiladi tahlilchilar. Minglab quduqlar slanets konlaridan investorlarga vaʼda qilganga qaraganda kamroq xomashyo qazib oladi. Natijada kompaniyalar aktsiyalari sotilib ketadi. Muammolarni oʻyinchilarning oʻzi ham koʻryapti. “Soha soʻnggi dekadada investorlarning ishonchini butkul yoʻqotdi”, - deya taʼkidlaydi Li Tilman, AQSH neftgaz “Marathon Oil” kompaniyasi bosh direktori. U mamlakatda qazib olish boʻyicha toʻrtinchi oʻrinda turadi.
Investorlar uchun slanetschilar “tirraqi buzoq” ekan, deya qayd etadi “FactSet” bozorda moliyaviy maʼlumotlarga ixtisoslashgan xalqaro kompaniya. 2007 yildan buyon amerika slanets ishlab chiqaruvchilari aktsiyalari indeksi 31 foiz yoʻqotdi. Bu paytda esa S&P 500 80 foizga oʻsdi.
Jirkanch sir
XEA prognoziga koʻra, yil oxiriga kelib aynan AQSH dunyoda neft yetkazib berishni qisqartirishga eng katta hissani qoʻshadi. AQShning yettita asosiy slanets havzalarida - Perm, Igl-Ford, Bakken, Niobrom, Anadarks, Appalachi va Xaynesvillda neft qazib olish kuniga 7,632 million barrelgacha tushadi. Xususan, slanets ishlab chiqarishning yarmidan koʻpini tashkil etadigan Perm havzasida 4,5 milliongacha, Igl-Fordda 1,3 milliongacha.
Istiqboldan butun Amerika neft sanoati pul tikkan texnologiyaning oʻzi mahrum qiladi. Investorlar sohasi yetakchilaridan birining soʻzlariga koʻra, qatlamni gidravlik usulda yorish mamlakatda uglevodorod zaxiralarni jiddiy qisqartirdi. Bu qazib olish va AQShning energetik mustaqilligini tiklash umidlarini koʻmadi.
“Quantum Energy Partners” xususiy investitsiya kompaniyasi Uil Vanlox tan oldiki, qatlamni gidravlik yorishlar “Shimoliy Amerikada zaxiralarning katta qismini yoʻq qildi”.
“Bu slanetsning jirkanch siri, - deya maʼlum qildi Vanlox “Financial Times” nashriga. Quduqlar tez-tez bir-biriga juda yaqin burgʻulanishini taʼkidladi. – Soʻnggi besh yilda faqat yer ostini boʻshatdik”.
Yanada koʻproq
“Financial Times”ning yozishicha, birinchi chorakda eng yirik mustaqil slanets kompaniyalari 26 millirad dollar miqdorda rekord darajadagi zararni qayd etgan. Muqarrarlikka – bankrotlikka hozirlanish darkor, deya taʼkidlaydi nashr.
Ustiga ustak 2016 yilgi neft inqiroziga qaraganda battarroq boʻladi. Oʻshanda 70 ta kompaniya moliyaviy qurbi yetmaslik toʻgʻrisida eʼlon qilgan edi, ammo ular kichik edi va oʻzlaridan keyin umumiy hisobda 56 milliard dollar qarz qoldirishdi. Endi esa gigantlari qulamoqda. Iyun oyida oʻyindan yana bir eng yirik slanets ishlab chiqaruvchi “Extraction Oil & Gas” chiqdi.
“Haynes and Boone” yuridik firma maʼlumotlariga koʻra, sakkiz oy ichida 51 millirad dollarli qarz bilan 36 ta firma bankrotlik toʻgʻrisida ariza topshirgan. 25 ta yirik kompaniyaning umumiy qarzi esa 150 milliard.
Tahlilchilar prognozlariga koʻra, kelgusi yil oxiriga qadar 250 ta kompaniya sinadi, agar neft narxi kerakli darajagacha koʻtarilmasa. Lekin pandemiya yana avj olmoqda, bu talab tushishidan darak beradi. “Deloitte” konsalting auditor kompaniyasining yaqindagi tadqiqotlariga koʻra, AQShdagi uchdan bir slanets ishlab chiqaruvchilar allaqachon toʻlashga qodir emas.