TOShKENT, 28 sen — Sputnik. Sputnik O‘zbekiston respublikadagi epidemiologik vaziyat to‘g‘risida asosiy xabarlarni to‘pladi.
Bir sutka davomida 375 kishida koronavirus aniqlandi, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 55 776 nafarni tashkil qilmoqda.
Yangi kasallanish holatlarining: 146 nafari Toshkent shahrida, 16 nafari Buxoro viloyatida, 13 nafari Andijon viloyatida, 4 nafari Navoiy viloyatida, 4 nafari Toshkent viloyatida tana harorati ko‘tarilganligi hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan.
Sog‘ayish ko‘rsatkichi
Bugunning o‘zida 359 nafar bemor tuzalib, o‘z uylariga kuzatildi. Respublika bo‘ylab jami sog‘ayganlar soni 52 324 nafarga yetdi. Sog‘ayish ko‘rsatkichi 94 foiz.
Ayni paytda 2 992 nafar bemorga belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.
O‘lim holatlari
Kun davomida koronavirusga chalingan 1 nafar bemor vafot etdi.
O‘zbekistonda jami 460 kishi pandemiya qurboni bo‘ldi.
Olib kelingan fuqarolar
Umumiy hisobda qariyb 13,5 ming nafar o‘zbekistonliklar Rossiyaning Samara viloyatidan vataniga olib kelindi.
28 sentabr soat 7:00 holatiga ko‘ra Samara viloyati hududida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari to‘planishi yo‘q. Markaziy Osiyo fuqarolarining butun to‘planish davomida yashash joyiga 13 435 kishi jo‘natildi. Kinel tumanidagi chodirli lager yig‘ishtirilgan.
Dunyo salomatligi
Dunyo bo‘ylab infeksiyani yuqtirib olgan kishilarning soni 33,3 milliondan oshdi, 1 milliondan ortiq kishi vafot etdi, 24,6 million kishi tuzaldi. Eng ko‘p holatlar AQShda (7,3 mln), Hindistonda (6,0 mln), Braziliyada (4,7 mln).