TOShKENT, 3 sen - Sputnik. Xalq ta’limi vazirligi pandemiya sharoitida maktablarda an’anaviy ta’lim jarayoni qay tarzda tashkil qilinishini tushuntirdi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Ta’kidlanishicha, umumta’lim maktablarida ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etishning vaqtinchalik tartibi belgilangan.
Unga ko‘ra, dars mashg‘ulotlari ertalab soat 8:00 dan kech soat 17:30 gacha tashkil qilinadi.
Bolalarning bir vaqtda to‘planib qolishlarini oldini olish maqsadida darslarning boshlanishi tabaqalashtirilgan holda amalga oshiriladi.
1-4 sinflar maktabga soat 08:00 gacha, 5-8 sinflar soat 08:30 gacha hamda 9-11 sinflarning kelishi soat 09:00 gacha alohida eshiklardan ijtimoiy masofa saqlab, tana haroratini o‘lchagan holda amalga oshiriladi.
Darslar "Sinf sistemasi"da olib boriladi, ya’ni barcha darslar bir sinf uchun bir xonada olib boriladi.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari sinf rahbarlari tomonidan maktabning asosiy darvozasi yonida kutib olinadi hamda kuzatiladi. Ota-onalarning maktabga kirib chiqishi taqiqlanadi.
Darslar oralig‘idagi tanaffuslar vaqtida qo‘ng‘iroq chalinmaydi, sinf xonalari ko‘chadagi havo haroratidan kelib chiqqan holda shamollatib boriladi.