TOShKENT, 18 avg - Sputnik. O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi miting va namoyishlar to‘g‘risida yangi qonun loyihasini ishlab chiqib Normativ-huquqiy hujjatlarni muhokama qilish portaliga joylashtirdi.
Yangi qonun O‘zbekiston Respublikasida minting va namoyishlar borasida oldin qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlardan ustun bo‘lib, ularda belglangan normalar ushbu qonunga muvofiqlashtiriladi.
Yangi qonunning asosiy maqsadi - O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan miting, yig‘ilish va namoyishlarni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishdir.
Yangi qonunda miting, yig‘ilish, namoyish, ko‘cha yurishi, piket, fleshmob, va boshqa tushunchalarga batafsil ifoda berilgan.
Shuningdek miting tashkilotchisi, miting ishtirokchisi, mahalliy hukumat hamda ichki ishlar va milliy gvardiya xodimlarining huquq va majburiyatlari ko‘rsatilgan.
Undan tashqari, mitinglar reglamenti - qayerda va qancha vaqt davomida o‘tkazilishi mumkinligi, tadbirda belgilangan xavfsizlik qoidalari hamda tashkiliy xarajatlar manbaalari ham ko‘rsatib o‘tilgan.
Ruxsat olish
Miting va namoyish o‘tkazish uchun quyidagi tartib belgilangan:
Miting tashkilotchisi rejalashtirilgan sanadan 15 kun oldin mahalliy ijro hokimiyatiga ariza beradi.
Arizada miting shakli, reglamenti, ishtirokchilar taxminiy soni va maqsadi ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak. Shuningdek, mitingda qo‘llaniladigan tashviqot materiallari, miting tashkilotchisi yoki uning vakili ismi sharifi, foydalaniladigan texnik vositalar, moliyalashtirish manbai va boshqa ma’lumotlarni ham ko‘rsatish kerak.
Mahalliy hokimiyat ushbu arizani 10 ish kuni ichida ko‘rib chiqadi va IIV va Milliy gvardiya bilan birgalikda miting o‘tkazish uchun joy ajratadi. Ba’zan tadbir reglamentiga o‘zgarishlar ham kiritilishi mumkin.
Arizachiga namoyish o‘tkazishga ruxsat berish to‘g‘risida xabar berish mazmunidagi javob xati bir vaqtda mazkur tadbirni o‘tkazishga ruxsat beruvchi rasmiy hujjat hisoblanadi.
Miting tashkilotchisi
Yangi qonunda aytilishiga ko‘ra, miting tashkilotchisi - 18 yoshga to‘lgan bir yoki bir necha O‘zbekiston fuqarolari yoki nodavlat notijorat tashkilotlari bo‘lishi mumkin.
Quyidagilar miting tashkilotchisi bo‘la olmaydi:
- muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslar;
- psixiatriya yoki narkologiya muassasalarida ro‘yxatda turgan shaxslar;
- sudlangan, va probatsiya xizmati nazoratida bo‘lgan shaxslar;
- ommaviy tartibsizliklarda ishtirok etganligi, davlatga xoinlik qilganligi, konstitutsiyaviy tuzumga tajovuzkorlik qilganligi, ekstremistik va terrorchilik jinoyatlarini sodir etganligi, miting, yig‘ilish va namoyishlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibini buzganligi uchun ozodlikdan mahrum etilgan va sudlangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari;
- chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar;
- respublika hududida faoliyati tugatilgan yoki ro‘yxatdan o‘tmagan, shuningdek qonunda belgilangan tartibda faoliyati to‘xtatilgan nodavlat notijorat tashkilotining a’zosi yoki rahbari hisoblangan shaxslar.
Tashkiliy xarajatlar
Miting, yig‘ilish va namoyishlarni tashkiliy xarajatlari va uning texnik ta’minoti - uning tashkilotchilari va ishtirokchilari tomonidan o‘z mablag‘lari hisobidan, shuningdek qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Xorijiy davlatlar, xalqaro, xorijiy noxukumat va notijorat tashkilotlar tomonidan, yohud ularning topshirig‘iga asosan boshqa shaxslar tomonidan miting, yig‘ilish va namoyishlarni tashkil etish va o‘tkazish uchun moliyalashtirish va mulk taqdim etishga ruxsat berilmaydi.
Fuqarolarni moddiy rag‘batlantirish evaziga miting, yig‘ilish va namoyishlarga jalb qilish taqiqlanadi.
Miting o‘tkazish joyi
Yangi qonunning 15 moddasiga muvofiq, miting va namoyishlar IIV, Milliy gvardiya va mahalliy hokimiyatlar bilan kelishilgan holda maxsus ajratilgan joylarda o‘tkaziladi.
Miting va namoyishla o‘tkazish mumkin bo‘lgan joylar quyidagi bino va obyektlardan 300 metr uzoqda joylashgan bo‘lishi kerak:
- davlat xokimiyati va boshqaruv organlarining ma’muriy binolari,
- mahalliy ijro etuvchi xokimiyat organlari,
- huquqni muhofaza qiluvchi organlar,
- harbiylashtirilgan, o‘ta muhim va toifalangan obyektlar
- chet el diplomatik vakolatxonalar va xalqaro tashkilotlar binolari;
- sudlar va jazoni ijro etish muassasalari binolari;
- havo, temir yo‘l, suv va avtomobil transporti tizimiga tegishli binolar, inshootlar va hududlar;
- chegara zonalariga va qo‘riqlashning alohida turlariga tegishli hududlar;
- ijtimoiy obyektlar joylashgan bino va hududlar (ta’lim, tibbiyot, bolalar muassasalari va boshqa muassasalar;
- dafn etish joylari va diniy tashkilotlar joylashgan joylar;
- ommaviy axborot vositalari joylashgan binolar;
- tarixiy va madaniy yodgorliklar;
- xususiy mulk obyektlariga taalluqli bo‘lgan bino va hududlar.
- Alohida holatlarda tarixiy va madaniy yodgorliklar hisoblangan obyektlar joylashgan hududlarda miting, yig‘ilish va namoyishlar o‘tkazish uchun joy ajratishda, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bilan majburiy tartibda kelishilgan holda ruxsat beriladi.
Namoyishlar vaqti
Miting, yig‘ilish va namoyishlarni haftaning ish kunlari soat kunduzi 10:00dan 18:00gacha vaqt oralig‘ida o‘tkazishga ruxsat beriladi.
Bir joyda va bir vaqtning o‘zida bir obyekt yonida ikki yoki undan ortiq miting, yig‘ilish va namoyishlar o‘tkazishga ruxsat berilmaydi.
Miting, yig‘ilish va namoyishlar davomiyligi ikki soatdan oshmasligi lozim.
Ma’lumot uchun ushbu qonun talablari siyosiy partiyalar va boshqa diniy tashkilotlar tomonidan yig‘ilish va boshqa tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazilishida yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Miting, yig‘ilish va namoyishlar to‘g‘risidaga qonun loyihasi bilan batafsil quyida tanishishingiz mumkin.