TOShKENT, 30-iyul - Sputnik. Xalq ta’limi vazirligi o‘quv yili boshlanishining uchta ssenariysini ishlab chiqdi.
Buning uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa idoralar mutaxassislari bilan birgalikda tegishli tadqiqotlar o‘tkazildi.
Tayyorlangan ssenariylarning birinchisiga asosan, epidemiologik vaziyat barqarorlashgani sayin, maktablar odatdagi tarzga qaytadi. Umumjahon statistik ma’lumotlarga ko‘ra, maktab yoshidagi bolalar kattalarga qaraganda COVID-19 kasalligiga kamroq chalinadi va kasallikni bolalardan kattalarga o‘tishi xavfi katta emas.
Agar Sog‘liqni saqlash vazirligi virus hamon faol va uni maktab o‘quvchilari orasida yuqtirish ehtimoli yuqori degan xulosaga kelsa, o‘quv yili onlayn rejimida boshlanadi.
Xalq ta’limi vazirligi uchinchi ssenariyni ham taklif qiladi. Maktablar har bir tumandagi epidemiologik vaziyatga qarab, ham o‘qishga bevosita qatnashgan holda, ham masofadan turib ishlaydi. Darslarga qatnashish erkin bo‘ladi, ya’ni agar ota-onalar o‘z farzandlarining sog‘lig‘iga xavfsirasa, masofadan turib o‘qitish rejimiga o‘tishlari mumkin.
Yakuniy qarorni respublika maxsus komissiyasi e’lon qiladi.
Ta’kidlash joizki, karantin qoidalarining o‘zgartirilishiga qaramay, Xalq ta’limi vazirligi maktab o‘quvchilari va o‘qituvchilarga qo‘shimcha yordamga aylanadigan onlayn sinflar amaliyotini davom ettiradi.