TOShKENT, 18 mar — Sputnik. O‘zbekistonda 2020 yil davomida “Raqamli Toshkent” kompleks dasturi amalga oshiriladi. Dastur doirasida ko‘plab qog‘ozli hujjatlardan voz kechish rejalashtirilgan. bu haqida 17 mart imzolangan 4642-sonli prezident qarorida aytib o‘tilgan. “Huquqiy axborot” kanali ma’lumotiga asosan.
Dastur asosida 1-maygacha avia, temir yo‘l va boshqa transport elektron chiptalarini onlayn sotib olish tizimi joriy etiladi. 1 sentabrgacha barcha maktablarda jurnal va o‘quvchilarning kundaliklarini qog‘oz shaklida yuritish tartibi bekor qilinib, ular elektron tarzda yuritiladi.
Undan tashqari, 1-noyabrgacha kommunal xizmatlar bo‘yicha to‘lovlarni onlayn shaklida to‘lash tizimiga o‘tiladi. Kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan esa “Mening uyim” yagona axborot tizimi orqali elektron hamkorlik qilinadi.
“Yagona elektron tibbiy karta” axborot tizimi 1-dekabrgacha joriy etiladi va aynan shu sanagacha “Elektron poliklinika” axborot tizimiga 62 ta oilaviy poliklinika ulanadi.