Ruslan Sharipov – davr ruhini belgilagan yoshlar kompozitori edi

Obuna bo‘lish
Ruslan Sharipov, albatta, mashhur inson edi, lekin talato‘pdan uzoqroq yuradigan, o‘zini o‘rtaga uravermaydigan, qisqasi, haqiqiy ijodkor bo‘lgan ekan. Bu endi bilinmoqda, vafotidan keyin.

Taniqli xonandaning o‘limi bilan yana bir davr o‘z nihoyasiga yetdi.  

Musiqa qisqa muddatli tarixning, yaqin o‘tmishning, davrning ruhini berishda eng yaxshi vosita emasmi, qayta qurishning yakuni, mustaqillikning dastlabki yillari Ruslan Sharipovning qo‘shiqlari ruhi bilan uyg‘unlashib ketgan.

Konsert v chest Lyudmili Gurchenko - Sputnik O‘zbekiston
"Meni tinch qo‘ying": Nargiz birinchi eri Ruslan Sharipov haqida gapirmaslikka ahd qildi

Uning qo‘shiqlari milliy ruh, milliy zamindan biroz uzilgan edi. Lekin bilamizki, bolalar, yoshlar ruhi va ongiga singgan tuyg‘u va g‘oyalar abadiy qoladi.

Xonanda-bastakorning biz bilgan qo‘shiqlari aynan yoshlar uchun mo‘ljallangan. Shu sababli ham bugun o‘sha ohanglar davrning ruhi, xotirasiday jaranglaydi.

Mana, xonandaning vafoti bilan davrlar o‘rtasidagi yana bir rishta  batamom uzildi. Aslida ushbu uzilish bundan o‘n yillar burun ro‘y bergan edi. Lekin unda hali xonandaning hayot ekani uning qo‘shiqlari va ohanglarini xotiraga aylanishiga qo‘ymagan edi. Bir zumda bu ovoz va ohang o‘tmishga aylandi.

Shu o‘rinda Ruslan Sharipov davri va undan keyingi zamon estradasidagi o‘xshashlik va farqlar haqida.

O‘xshashlik: har ikkalasi ham yoshi ulug‘larga yoqmagan

"Bolalar", "Setora", "Shahzod" va "Xo‘ja" guruhlarining Ruslan Sharipov bastalagan qo‘shiqlari davrning ovozi bo‘lib jaranglaganiga, bugun zamonning xotirasiga aylanganiga qaramay, baribir ularni yoshi ulug‘lar eshitmagan. Biroq, bilamizki, zamonaning rusumi va qoidalarini yoshlar belgilaydi. Ayniqsa san’atda. Ular ko‘ngil to‘lqinlarida g‘arq bo‘layotganda kattalar ko‘proq tijorat va siyosat bilan band bo‘ladi-da.

Ruslan Sharipov - Sputnik O‘zbekiston
Mashhur xonanda Ruslan Sharipov vafot etdi

Nima bo‘lishidan qat’iy nazar, Ruslan Sharipov o‘z davri estradasini yaratishda – biror yangilik olib kelishga,  original,  o‘ziga xos bo‘lishni istagan. Shuning uchun ham u yaratgan ohanglar va qo‘shiqlar – o‘z davrini yaqqol ifodalab beradi. Yillar o‘tgan sari ushbu ohanglar 80-90 yillarning yanada yorqinroq timsoliga aylanadi. Bunda, albatta, biz tilga olayotgan bastakorning o‘rni beqiyos.

Yana bir o‘xshashlik bu – har ikki davr estradasidayam adabiyotdan uzoqlik, she’riyatni chuqur tushunmaslik, so‘zga e’tiborsizlik va bunga harakat ham qilmaslik (Balki bu estradaning umumiy xususiyatidir).

Farq: na ma’no, na o‘ziga xoslik…  

Bugungi estradaga esa, nafaqat o‘ziga xoslik, balki o‘z fikriga ega bo‘lish ham yetishmayapti. Retro, deb eski qo‘shiqlarni qayta kuylash odat tusiga kirgan. To‘g‘ri, ilgari ham eski qo‘shiqlarni yangi kuyga solib aytishgan, lekin yangi qo‘shiqlar albatta o‘zida yangi bir xususiyat, yangi ohang yoki o‘zgacha uslub kasb etgan. Aksincha, buning nimasini ijod deyish mumkin?

Ruslan Sharipov sahnaga qaytdi

So‘zga e’tiborsizlik yanada kuchaydi. O‘zbek klassik shoirlari asarlari umuman sahnani tark etdi desa ham bo‘ladi.  Har zamonda dolzarb bo‘lgan, klassiklar orasida eng sodda va tushunarli shoir Mashrab g‘azallariga umuman murojaat qilmay qo‘yishdi.

Savol: Nega? uni tushunish og‘irlashmoqdami? Millat o‘zgarib, o‘z-o‘ziga begonalashib bormoqdami?!

Balki bunga adabiyot aybdor? Balkim qo‘shiqbop she’rlar yozilmayotgandir?  

Lekin gap adabiyotda emas. Adabiyot rivojlanmoqda. Faqat estrada borgan sari undan uzoqlashmoqda. Estrada – ommabop-tomosha janri bo‘lgani uchun ko‘proq tomoshabin fikriga bog‘langan. Ya’ni mijoz qanday "taom" buyursa o‘shani sahnaga olib chiqadi. Adabiyot esa, qanchalar g‘alati tuyulmasin, o‘quvchisiz ham rivojlanaveradi.

Bu holat esa – davrda, avlodda fikr va tuyg‘ular taqchilligidan darak beradi. Ha-ha, bugungi estrada jamiyatdagi – fikrsizlik, go‘llik va didsizlikdan darak beradi. Ishonmasangiz eshitib ko‘ring.

Demak fikrlaydigan, o‘ziga xoslikka intiladigan avlod yo‘qolib bormoqda, ijodkorlik yetishmayapti. Ana shu narsa butun jamiyatni tashvishga solishi lozim.

Hozirgi zamon "shedevrlari" 

Hozir "Voy, mani akaxonlarim!" degan yoki "Vapshe, malades!" degan xonishlaring o‘ziyoq odamlarning qulog‘iga yelimday yopishmoqda. Bunda endi kimni ayblash ham mushkul: san’atkornimi, tinglovchinimi? Tuzukroq qo‘shiq bastalab, xalqning saviyasini o‘z ortidan olib ketishga qodir bo‘lmagan bastakorlarnimi?

O‘zi, aslida tinglovchi anchayin yengiltak bo‘ladi. Ayniqsa estrada tinglovchilari. Bastakor, ijodkor o‘zini biroz balandroq qo‘ya bilishi, tinglovchini o‘zi tomonga og‘dira olishi lozim ekan, o‘zi tinglovchi ortidan ergashmay.

Qadri bilinmay o‘tib ketdi

Ruslan Sharipov shunday bastakorlardan edi: tinglovchining xohishini tushunib yetadi, unga yon bosadi, lekin o‘zining talablarini ham qo‘ya biladi.

Uzbekskaya pevitsa Shaxzoda - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekistonning uch nafar xonandasi Markaziy Osiyo go‘zallari reytingiga kiritildi

Afsusli tomoni – bastakor endi milliy ruhga o‘tib, falsafiy qarashlar bilan, mulohazali qo‘shiqlar yaratadigan davri kelganida turli muammolarga duchor bo‘ldi, muammolarni bartaraf etganida esa, hayot yakun topdi!

Shunday, Ruslan Sharipov sho‘x, quvnoq, mayin ohangli qo‘shiqlari bilan o‘z davrining timsoli bo‘lib qoladi.

Bastakor ko‘p bora soyadan chiqishga uringaniga qaramay, uning tabiatidagi kamtarlik qon-qoniga singib ketgan ekanmi, o‘zi amalga oshirgan ishlarchalik, shuhratga ega bo‘lolmadi.

Mana, hatto oxirida ham, davrning ruhi va ovozi bo‘lishiga qaramay, ko‘proq "Nargizning sobiq turmush o‘rtog‘i" sifatida eslanmoqda. Holbuki u bu dunyoda Nargizga uylanishdan ham kattaroq va muhimroq ishlarni qilgan. Zamondoshi bo‘lgan har bir ko‘ngilda o‘z davri va o‘ziga kichikkina bo‘lsa-da, haykal o‘rnatgan. Faqat biz ko‘nglimizga e’tibor bermay qo‘yganmiz.

Yangiliklar lentasi
0