TOShKENT, 29-iyul — Sputnik. Sputnik O‘zbekiston respublikadagi epidemiologik vaziyat to‘g‘risida asosiy xabarlarni to‘pladi.
Bir sutka davomida 205 kishida koronavirus aniqlandi, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 22 374 nafarni tashkil qilmoqda.
Yangi kasallanishlar:190 nafari — Toshkent shahrida (94 nafari — aholi orasida, 96 nafari — O‘rtasaroy karantin markazidagi xorijdan kelgan fuqarolar, 11 nafari — Andijon viloyatida, 4 nafari — Toshkent viloyatida bemor bilan muloqot orqali yuqtirgan.
Davolanish ko‘rsatkichi
Bugunning o‘zida 403 nafar bemor tuzalib, o‘z uylariga kuzatildi. Respublika bo‘ylab jami sog‘ayganlar soni 12 668 nafarga yetdi.
Ayni paytda 9 577 nafar bemorga belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.
O‘lim holatlari
Kun davomida ikki nafar bemor - Sirdaryoda 70 yoshli erkak va Toshkentda 55 yoshli erkak vafot etdi.
Ularga “COVID-19” infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Hamroh kasalliklar (qandli diabet, yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya) bilan ham og‘rigan. O‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorlarning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi hamda o‘pka shishidan vafot etgan.
O‘zbekistonda jami 129 kishi pandemiya qurboni bo‘ldi.
COVID-19 ga test olish
Toshkentning Yunusobod tumandagi “Oloy” bozori avtoturargoh hududida aholidan koronavirusga test olish va inson salomatligi hamda immunitetini tekshirish bo‘yicha tibbiyot punktlari tashkil qilinmoqda.
Sakkiz million dollarlik bitim
"Trastbank" xususiy aksiyadorlik banki Xalqaro Islom savdo va moliya korporatsiyasi (Islom taraqqiyot bankining sho‘’ba kompaniyasi) bilan 8 million dollari miqdorida yangi moliyalashtirish liniyasini ajratish to‘g‘risida bitim imzoladi.
“Kovid”ga qarshi olingan kreditlar
Xalqaro tashkilot va jamg‘armalar tomonidan koronavirusga qarshi kurashish uchun O‘zbekistonga ajratilgan kreditlarning umumiy hajmi 1 milliard dollardan oshdi.
Jahon banki tomonidan Islohotlarni qo‘llab-quvvatlash loyihasi (2-transh) yuzasidan qo‘shimcha moliyalashtirish sifatida 200 million dollar miqdoridagi imtiyozli kredit 30-yil muddatga (shundan, 5-yil imtiyozli davr) 1,2 foiz o‘zgaruvchan stavkada (6 oylik libor + 0,88 foiz o‘zgaruvchan spred) ajratildi.
Shu bilan birga, Xalqaro valyuta jamg‘armasi tomonidan respublika iqtisodiyotiga koronavirus pandemiyasining salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida 375 million dollar ekvivalentida kredit mablag‘lari ajratildi.
Dunyo salomatligi
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, infeksiyani yuqtirib olgan kishilarning soni 16,7 milliondan oshdi, 661 ming kishi vafot etdi. Eng ko‘p holatlar AQShda (4,3 mln), Braziliyada (2,5 mln), Hindistonda (1,5 mln).